Ukraina razvedka boshlig‘ining rafiqasi zaharlandi. Bu haqda nimalar ma’lum?
Ukraina mudofaa vazirligi Razvedka bosh boshqarmasi (GUR) mazkur xizmat boshlig‘i Kirill Budanovning turmush o‘rtog‘i zaharlangani haqida tarqalgan xabarlarni tasdiqladi.
Boshqarma vakili Ondriy Yusov BBC Ukraina xizmatiga Marianna Budanova og‘ir metallaar bilan zaharlangani va hozirda so‘nggi davolanish kursidan o‘tayotgani haqida ma’lum qilgan.
Yusov shuningdek boshqarmaning bir qancha xodimlarida yengil zaharlanish alomatlari borligini aytgan, ammo ularning soniga aniqlik kiritmagan.
«Budanovning rafiqasi baland bo‘yli bo‘lmagani va vazni yengil ekani tufayli unda zaharlanish tezroq namoyon bo‘ldi. Va yana bir necha xodimlarda zaharlanish tasdiqlandi, ammo ular yirik gavdali va avvaliga hech narsa sezilmagan, ammo endi ular ham davolanmoqda», — degan vaziyatdan xabardor manba.
Marianna Budanovaning holati razvedkachilarnikidan og‘irroq ekani va u hozirda shifoxonada qolayotgani ma’lum qilingan.
Ukrainadagi «Babel» nashri ma’lumotiga ko‘ra, uning davolanish kursi yakunlanmoqda. «Qolgani — shifokorlar nazoratida», — degan nashrga boshqarmadagi manba, u Marianna og‘ir metallardan zaharlanishda gumonlanib davolanayotganini tasdiqlagan.
Anonim manbalar OAVga ma’lum qilishicha, zahar, katta ehtimol bilan Budanovaning ovqatiga qo‘shilgan.
«Bu moddalardan hech qanaqasiga kundalik hayotda yoki harbiy ishlarda foydalanilmaydi. Ularning mavjudligi aniq bir shaxsni qasddan zaharlashga urinishdan dalolat berishi mumkin», — deya qayd etgan razvedka boshqarmasi vakili «Babel»ga bergan izohida.
«RBK-Ukraina» nashri ham Kirill Budanovning rafiqasi shifoxonaga yotqizilgani va unga og‘ir metallardan shikastlanish tashxisi qo‘yilgani haqida yozgan. Ushbu nashr qo‘shimcha qilishicha, bu «bir martalik zaharlanish» yoki «ma’lum vaqt mobaynida oz-ozdan zaharlab borish» ekani noma’lum.
Yusov BBC uchun intervyusida tafsilotlar hafta oxirigacha ma’lum qilinishiga va’da bergan.
Nishonda Kirill Budanov bo‘lganmi?
Zaharlovchilar nishoni kim bo‘lgani — GUR xodimlari, Budanovning rafiqasi yoki razvedka boshlig‘ining o‘zi — bunisi noma’lum.
BBC Ukraina xizmatining mamlakat huquq-tartibot organlaridagi manbasi hozircha jinoiy ish qo‘zg‘atilmagani, ammo rasmiy tekshiruv yaqin vaqtlar ichida boshlanishi istisno etilmasligini bildirgan.
Washington Post gazetasi Budanovning atrofidagilarga tayanib xabar berishicha, u kamida 10 marta suiqasdni boshdan kechirgan.
2019 yilda uning mashinasiga bomba o‘rnatilgan, ammo u muddatidan oldin portlab ketgan.
Amerika nashrlaridan biriga intervyusida Budanov mazkur «o‘lim belgisi» uni juda ehtiyotkor bo‘lishga undagani, ammo u hali ham o‘ta xavfli amaliyotlar uchun javobgar ekanini aytgan.
Budanov amalda ofisida yashashi va odamlar orasiga juda kam kirishini qo‘shimcha qilgan.
«Uning kabinetida kun-u tun klassik musiqa yangrab turadi — ehtimol, bu ichkarida nima gaplar bo‘layotgani tinglanishining oldini olishdan himoyadir», — deya taxmin qilgan Amerika nashri.
Mariann Budanova ham 2022 yil oktyabrida Elle nashriga bergan intervyusida turmush o‘rtog‘iga qilingan suiqasdlardan biri haqida aytib bergandi.
«Kirill Alekseyevich mendan bir devor naridagi yig‘ilishda edi, men esa xonalardan biriga kirib, hujjatlarni o‘qib o‘tirdim. Oyoq kiyimimni yechdim va deraza ro‘parasidagi divanga cho‘zildim. Va bir necha daqiqa o‘tib hech narsa bilan adashtirib bo‘lmaydigan ovozni eshitdim — raketa uchib kelishi tovushini», — deya hikoya qilgandi ayol.
«Men shu vaqtda eshik tomon yugurdim, Kirill Alekseyevich esa men tomonga chopib keldi. Shu kuni biz safdoshlarimizdan birini yo‘qotdik».
Marianna Budanova razvedka boshqarmasida ishlamaydi, ammo keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon eri bilan uning kabinetida yashab kelmoqda.
2021 yil iyunidan Budanova Kiyev meri Vitaliy Klichkoning maslahatchisi hisoblanadi.
Budanov War Zone uchun intervyusida Budanova — «milliy politsiya akademiyasi professori» va «yuridik psixologiyadan dars berishi»ni aytgandi.
Mavzuga oid
11:31
AFP: Ukraina Kursk oblastidan qo‘shinlarini olib chiqish niyatida emas
07:54
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024