“Dok-1 Maks” ishi. Yana bir gumondor qamoqqa olindi
Farmatsevtika agentligining sobiq rahbari Ulug‘bek Egamov, agentlik rahbarining sobiq yordamchisi Ulug‘bek Temirov va farmatsevtika sohasida ishlab kelayotgan, sudga guvoh sifatida chaqirilgan Farrux Tolipov ustidan jinoyat ishi ochish haqidagi iltimosni sud qanoatlantirdi. Ular orasidan Tolipov bir necha kun oldin qamoqqa olingan.
Bugun, 1 dekabr kuni Toshkent shahar sudida o‘nlab bolalarning o‘limiga sabab bo‘lgan “Dok-1 Maks” preparati bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi.
22 noyabrdagi sud majlisida sudlanuvchi, Farmatsevtika agentligining sobiq rahbari S.Kariyevning advokatlaridan bir jinoyat ishi bo‘yicha guvohlikka chaqirilgan uch kishiga nisbatan jinoyat ishi ochishni so‘ragan edi. 1 dekabrdagi sud majlisida bu iltimosnomani davlat ayblovchisi va deyarli barcha advokatlar qo‘llab-quvvatladi. Shunga ko‘ra, sudya ham iltimosnomani qanoatlantirdi.
Ustidan jinoyat ishi ochilgan shaxslar – Farmatsevtika agentligi direktorining sobiq birinchi o‘rinbosari, S.Kariyevdan keyin bir muddat agentlik direktori lavozimida ishlagan Ulug‘bek Egamov, Farmatsevtika agentligi rahbarining sobiq yordamchisi Ulug‘bek Temirov va sudga guvoh sifatida chaqirilgan Farrux Tolipovdir.
Ular orasidan Farrux Tolipovga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudining 23 noyabr kungi ajrimi bilan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tolipovga Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 3-qismi “a” bandi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish) bilan ayblov e’lon qilingan va tergov ketmoqda. Advokat tomonidan keltirilgan iltimosnomada tilga olingan holatlar ayblovda mavjud, deya ma’lum qildi sudya Muso Yusupov.
Muso Yusupov, shuningdek, advokatlarning iltimosnomasi bo‘yicha ajrim e’lon qildi.
“Advokat Rahmatovning iltimosnomasi qanoatlantirilsin. Hindistonlik sudlanuvchi S.R.P va boshqalarga jinoyat ishi yuzasidan ayblovni to‘ldirish va boshqa shaxslarni ayblanuvchi sifatida ishtirok etishga jalb qilish, noaniqliklarni bartaraf etish uchun qo‘shimcha protsessual harakatlar amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 416- va 417-moddalari tartibida ajrim chiqarilsin. Ajrim ijro etilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi orqali tegishli tergov organiga yuborilsin. Ijro 1 oy etib belgilansin va shu muddat ishni yurishi to‘xtatilsin. Ajrim 1 oy muddatda tegishli materiallar bilan birgalikda tegishli organga yuborilgan kundan boshlab ijro muddati hisoblansin. Sudlanuvchilarga nisbatan qo‘llanilgan ehtiyot choralari aslicha qoldirilsin”, – deya ajrimni o‘qib eshittirdi sudya.
Shu tariqa jinoyat ishini ko‘rish 1 oylik muddatga to‘xtatildi.
Eslatib o‘tamiz, 11 avgustda boshlangan sud jarayonida 21 kishi sudlanuvchi maqomida edi. Ulardan 7 nafariga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Mavzuga oid
17:48 / 22.11.2024
Jismoniy shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tartibi belgilandi
11:25 / 21.11.2024
2024 yilda 30 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar tuhmat va haqorat qilgani uchun sudlandi
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024