Iqtisodiyot | 19:05 / 02.12.2023
20177
4 daqiqa o‘qiladi

“Xususiylashtirish haqida gap ketmayapti” - Davaktiv Humo'ning ta’sischisi o‘zgargani haqida

Davaktivga ko‘ra, Humo'dagi ulushlarning agentlikka o‘tkazilishi – mulkdor va tartibga soluvchi funksiyalarning bitta qo‘lda – Markaziy bankda bo‘lib qolgani bilan bog‘liq.

Foto: Humo

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Humo to‘lov tizimi operatorining ustav kapitalidagi davlat ulushi Markaziy bankdan agentlik ixtiyoriga o‘tkazilgani yuzasidan izoh berdi.

Davaktivga ko‘ra, Humo'ning ta’sischisi o‘zgarishi – joriy yil 9 martdan kuchga kirgan “Davlat mulklarini boshqarish to‘g‘risida”gi qonun bilan bog‘liq. Bu qonunning 5-moddasiga ko‘ra, davlat mulkini boshqarishning asosiy prinsiplaridan biri sifatida davlat mulkiga egalik qilishning asoslanganligi hamda mulkdor va tartibga soluvchi vazifalarining ajratilishi belgilangan.

“Qonunning 12-moddasi talablariga ko‘ra, davlat ishtirokidagi korxonalarga nisbatan bir vaqtning o‘zida ham mulkdorning, ham tartibga soluvchining vazifalarini bajarishga yo‘l qo‘yilmasligi, ushbu holat mulkdorning vazifalarini davlat organidan Davaktiv agentligiga o‘tkazish yoki mazkur korxonani tugatish yoxud tartibga soluvchining vazifalarini ushbu davlat organidan boshqa davlat organiga o‘tkazish yo‘li bilan bartaraf etilishi ko‘rsatilgan.

Hozirda, mazkur qonun ijrosini ta’minlash doirasida boshqa vazirlik va idoralar tomonidan boshqarilayotgan xo‘jalik jamiyatlarning davlat ulushlarini vakolatli organ sifatida Davaktiv agentligiga o‘tkazish ishlari olib borilmoqda”, – deyiladi rasmiy axborotda.

Bayonotda qayd etilishicha, “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasiga asosan, Markaziy bank to‘lov tizimlari operatorlarining faoliyatini litsenziyalaydi, ularning faoliyatini tartibga soladi va bu faoliyat ustidan nazoratni amalga oshiradi.

Yuqoridagilarga ko‘ra, Markaziy bankning “Milliy banklararo protsessing markazi” MChJ (Humo to‘lov tizimi) ustav kapitalidagi davlat ulushini Davaktivga o‘tkazish belgilangan, deya qayd etgan agentlik.

Bungacha ijtimoiy tarmoqlarda Humo xususiylashtirish maqsadida Davaktivga o‘tkazilgani, xususiylashtirishdan keyin kompaniya xizmatlarining tariflari oshishi haqida taxminlar paydo bo‘lgandi. Agentlik matbuot xizmati Gazeta.uz'ga bergan izohida bu o‘zgarish xususiylashtirish rejalari bilan bog‘liq ekanini rad etgan.

Humo to‘lov tizimi 2018 yil sentabr oyida, o‘sha paytda mamlakatda yagona to‘lov operatori bo‘lgan Uzcard'dagi yirik nosozlikdan keyin, Markaziy bank tomonidan unga raqobatchi bo‘lish uchun tashkil etilgan, o‘tgan davr mobaynida Markaziy bank ta’sischiligida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov Davaktivning izohiga munosabat bildirib, sentabr oyi boshida Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi Markaziy bankka o‘tkazilganini eslatdi.

“Bu – Markaziy bank to‘g‘risidagi qonun va umuman Markaziy bank faoliyatining mohiyatiga, vazifalariga zid, kamida xos bo‘lmagan funksiya ekani inobatga olinmagan hatto”, – deya yozdi ekspert.

Bakirov Davaktivning bir muddat o‘tib Humo'ni xususiylashtirish mavzusiga qaytib qolishi mumkinligini ehtimoldan soqit qilmagan.

Mavzuga oid