Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina qarshi hujum paytida kerakli natijalarga erisha olmadi - Zelenskiy
Zelenskiy hozir Ukrainaning ustuvor yo‘nalishi o‘z qurollarini ishlab chiqarish deb hisoblamoqda.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Associated Press agentligiga bergan intervyusida Rossiya bilan urush yangi bosqichga o‘tganini aytgan va mamlakat qurolli kuchlari yozgi qarshi hujum paytida kutilgan natijalarga erisha olmaganini tan olgan.
«Bizda urushning yangi bosqichi va bu fakt, — degan Zelenskiy AP muxbiriga Xarkivga safari chog‘ida. — Qish kelishi o‘z o‘zidan — urushning yangi bosqichi».
Agentlikning yozishicha, qish boshlanishi bilan ukrain qo‘mondonligi yangi, lekin tanish bo‘lgan muammolarni kutmoqda: harorat pasayishi, harbiylarga yashirinish uchun umuman joy bo‘lmagan yaydoq dalalar.
Yana ukrain shaharlaridagi energetika infratuzilmalariga Rossiyaning keng ko‘lamli hujumlari tahdidi yuzaga kelgan. Zelenskiy qishda harbiy harakatlar nafaqat front chizig‘ida, balki shaharlar ichkarisida ham olib borilishini ta’kidlagan.
Bu vaqtda esa o‘q-dorilar tugab bormoqda va bu ukrain harbiylarining harbiy amaliyotlarini falajlab qo‘yishi mumkin.
Uzoq kutilgan, G‘arbning o‘nlab milliard dollarlik harbiy yordami yetkazilganidan keyin boshlangan qarshi hujum kutilgan yutuqlarga olib kelmadi, deya eslatadi AP. Endi ukrainalik ayrim mulozimlar kelgusida ham shunday saxiy yordamlar bo‘lmasligidan xavotirlanmoqda.
Qarshi hujum natijalari qanchalik qoniqarli bo‘lgani haqidagi savolga javoban Zelenskiy shunday degan: «Qarang, biz chekinmayapmiz — bu meni qoniqtiradi. Biz dunyoning ikkinchi armiyasiga qarshi jang qilyapmiz, bunisidan ko‘nglim to‘q». Va qo‘shimcha qilgan: «Biz odamlarni yo‘qotyapmiz, bunisi qoniqarli emas. Biz o‘zimiz istagan barcha qurollarni olmadik, albatta qoniqmayman. Lekin ortiqcha shikoyat ham qila olmayman».
«Biz yanada tezroq natijalarga erishishni istagandik. Bu nuqtayi nazardan, afsuski, biz istalgan natijaga erisha olmadik. Va bu fakt», — degan Zelenskiy.
G‘arblik harbiy tahlilchilarga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari yozgi qarshi hujum davomida Azov dengizi sohiliga chiqishni (yoki unga imkon qadar yaqinlashishni), bu orqali Rossiyaning anneksiya qilingan Qrimga quruqlik yo‘lagini to‘sib qo‘yishni hamda Dnipro daryosining so‘l sohilida okkupatsiya qilingan hududlarda turgan Rossiya guruhlarini ta’minotdan uzishni maqsad qilgandi.
Ukraina qurolli kuchlarining asosiy zarbasi Zaporijjya oblastida berildi va strategik jihatdan muhim shahar Tokmakka chiqish rejalashtirildi. Ammo bu yurishning ilk bosqichidayoq ukrain qo‘shini Rossiya mudofaasining yaxshi minalashtirilgan va mustahkamlangan ilk chizig‘iga to‘qnash keldi. Natijada Ukraina QK kichik guruhlar bilan hujumlar uyushtirish taktikasiga o‘tdi va bu hozircha faqat kichik yutuqlar bilan cheklanmoqda.
Kuz oxiriga kelib esa Rossiya qo‘shinlari frontdagi ko‘plab uchastkalarda hujum harakatlarini boshladi: jumladan, Donetsk oblastidagi Avdiyivka shahri atrofida, shuningdek Xarkiv oblastining Kupyansk shahriga.
Faqat muvaffaqiyatsizliklar emas
Zelenskiy Ukraina ittifoqchilardan zarur bo‘lgan qurollarning barchasini ololmagani, qurolli kuchlarning «miqdor jihatdan cheklangani» esa tezkor hujumga imkon bermaganini ta’kidlagan.
Istalgan natijalarga tezroq erishish uchun kuch yetarli emas, degan Zelenskiy: «Ammo bu biz taslim bo‘lishimiz kerak, degani emas. Biz harakatlarimizga ishonchimiz komil. Biz o‘zimizga tegishli bo‘lgan narsa uchun kurashyapmiz»
Shu bilan birga, AP uchun intervyusida Zelenskiy so‘nggi oylarning ayrim ijobiy natijalarini ham keltirgan. Bunga jumladan quyidagilar kiradi:
- Ukraina mustahkam o‘rnashib olgan va yaxshiroq qurollangan raqibga qarshi janglarda ayrim hududlarni qaytarib oldi;
- Ukrainlarning Qrimga hujumlari natijasida Rossiya Qora dengiz flotining hududdagi roli kamaytirildi, jumladan flotning Sevastopoldagi bosh shtabiga zarba berildi;
- Kiyev Rossiya Qora dengiz portlari orqali oziq-ovqat yetkazib berish bo‘yicha kelishuvdan chiqqaniga qaramay, Ukraina o‘z g‘allasi eksporti uchun vaqtinchalik yo‘lak ochishga muvaffaq bo‘ldi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u Ukrainadagi urush Isroilning Hamas bilan urushi tufayli ikkinchi planga o‘tib qolishidan xavotirda, chunki bu g‘arb harbiy yordami qisqartirilishiga olib kelishi mumkin.
«Buni faqat ko‘r odam ko‘rmaydi. Biz odamlar bu yerdagi urush haqida unutishlariga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Tushunasizmi, e’tibor yordamga teng. E’tibor yo‘qligi yordam yo‘qligini anglatadi. Biz imkoni bo‘lgan barcha e’tibor uchun kurashami. E’tibor bo‘lmasa [Amerika] Kongressida zaiflik bo‘lishi mumkin».
Qurol va o‘q-dorilarning doimiy taqchilligini hisobga olgan holda, Ukraina prezidenti mahalliy qurol ishlab chiqarishni ko‘paytirishni Ukraina uchun keyingi eng muhim qadam deb hisoblaydi.
Ukraina budjetining katta qismi shu sohaga ajratilgan, ammo ishlab chiqarishning hozirgi hajmi urushning borishini o‘zgartirish uchun yetarli emas. Endi Zelenskiy g‘arblik ittifoqchilar, jumladan AQSh unga foydali kreditlar va Amerika harbiy texnikalarini ishlab chiqarish uchun litsenziyalar berilishini istamoqda.
«Bizga bu imkoniyatlarni bering va biz buni quramiz, — degan u AR muxbiriga. — Qanday kuch va vaqt kerak bo‘lmasin, biz buni qilamiz — va buni juda tez bajaramiz». «Bu chiqish yo‘li», — degan Zelenskiy va Rossiyani hech narsa harbiy jihatdan o‘zini-o‘zi ta’minlaydigan Ukrainadek qo‘rqita olmasligini ta’kidlagan.
Uni Rossiya bilan muzokara olib borishga undayotganlar haqidagi mish-mishlarga izoh berarkan, prezident shunday javob berdi: «Buni hozircha sezmayapman. Ba’zi ovozlar doimo eshitiladi».
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
11:58 / 28.05.2025
Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi
10:23 / 28.05.2025
Davlat departamenti spikeri: Rossiya Trampning so‘zlarini jiddiy qabul qilishi kerak
09:03 / 28.05.2025