Jahon | 10:30 / 06.12.2023
5418
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya vitse-kansleri Habek rossiyalik prankerlarning «qurboniga» aylandi

Rossiyalik prankerlarning Germaniya vitse-kansleriga qilgan qo‘ng‘irog‘i xavfsizlik choralarini qayta ko‘rib chiqishga sabab bo‘ldi. Nemis razvedka xizmatlari Iqtisodiyot vazirligiga suhbat soxta nom ostida o‘tkazilgani haqida ma’lum qilgan.

Foto: AP / Kay Nietfeld/Pool

Dezinformatsiyaga ixtisoslashgan rossiyalik prankerlar, Vovan va Leksus taxalluslari bilan tanilgan Vladimir Kuznetsov hamda Aleksey Stolyarov Germaniya iqtisodiyot vaziri va vitse-kansleri Robert Habekni Afrika Ittifoqi vakillari sifatida soxta telefon suhbatiga chaqirdi. Prankerlarning qo‘ng‘irog‘i faktini Germaniya Iqtisodiyot vazirligi 5 dekabr, seshanba kuni dpa axborot agentligi so‘roviga javoban tasdiqladi.

Suhbat davomida xavfsizlik masalalari muhokama qilinmagan 

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, suhbat xavfsizlik masalalari yoki maxfiy ma’lumotlarga taalluqli bo‘lmagan. Qo‘ng‘iroq liniyadagi texnik nosozliklar tufayli bir necha bor uzilib qolgan, shu sababli izchil suhbat kuzatilmagan. 

Iqtisodiyot vazirligi vakiliga ko‘ra, ikki pranker Telegram’da deyarli to‘rt daqiqalik tahrirlangan audioyozuvni e’lon qilgan. Vazirlik umuman suhbatni ham, Habekka berilgan savollarni ham, uning javoblarini ham tasdiqlay olmasligini qayd etdi. 

Rossiyalik prankerlarning Telegram-kanalida joylashtirilgan yozuvda Habekning hujumlarga qaramay, Ukrainaga don eksport qilishda yordam kerakligini ingliz tilida xotirjamlik bilan tushuntirayotganini eshitish mumkin. 

Germaniya Iqtisodiyot vazirligi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu qo‘ng‘iroqdan ko‘p o‘tmay nemis razvedka xizmatlari idora bilan soxta nom ostida aloqa o‘rnatilgani, bu soxta qo‘ng‘iroqqa sabab bo‘lganini ma’lum qilgan. 

Vazirlik ishning holatlarini tahlil qilib, unga maxfiylik maqomi berdi. Voqea mavjud xavfsizlik choralarini ko‘rib chiqish va kuchaytirishga sabab bo‘ldi, deya xabar beradi dpa axborot agentligi. 

Fevral oyida Germaniya sobiq kansleri Angela Merkel prankerlar Vovan va Leksus «qurboniga» aylangandi. 

Mavzuga oid