Fan-texnika | 21:20 / 06.12.2023
113407
2 daqiqa o‘qiladi

Quyoshda ulkan g‘ayrioddiy teshik paydo bo‘ldi

Quyosh yuzasida Yerdan 60 marta kattaroq bo‘shliq ochildi. Uning uzunligi 800 ming km ekani ta’kidlanmoqda.

Foto: NASA/SDO/AIA

Quyoshda toj teshigi deb nomlanuvchi ulkan qorong‘u bo‘shliq paydo bo‘ldi. Bu yoriq Yer tomonga kosmik shamol deb nomlanuvchi g‘ayrioddiy tezkor nurlanishning kuchli oqimlarini sochmoqda. Bu haqda Spaceweather xabar berdi. 

2 dekabrda hosil bo‘lgan teshikning kengligi 24 soat ichida 800 ming kilometrga yetgan, bu Yer diametridan 60 baravar ko‘proqdir. Olimlarning fikriga ko‘ra, quyosh siklining ushbu bosqichida bu bo‘shliqning hajmi misli ko‘rilmagan darajada katta. 

Dastlab qorong‘u bo‘shliqning paydo bo‘lishi Yerda mo‘’tadil geomagnit bo‘ronini keltirib chiqarishi, bu esa radioaloqa uzilishiga olib kelishi mumkinligi taxmin qilingan edi. Biroq, kosmik shamol tezligi kuchli bo‘lmadi, garchi u yuqori kengliklarda g‘aroyib Qutb yog‘dularini keltirib chiqargan bo‘lsa ham. 

Toj teshiklar Quyoshning magnit maydonlari o‘zgarganda paydo bo‘ladi, bu esa yulduz zarralarining bir qismini fazoga chiqib ketishiga olib keladi. Ular qorong‘u dog‘lar kabi ko‘rinadi, chunki bu joylar atrofdagi plazmadan sovuqroq va zichroqdir. 

Olimlarning qayd qilishicha, Quyosh faolligi 2023 yil davomida ortib bordi, chunki bizning yulduzimiz 11 yillik siklining yuqori cho‘qqisiga yaqinlashmoqda. Biroq, toj teshiklar siklning istalgan vaqtida paydo bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, olimlar ekvator yaqinida yangi teshik ochilganidan hayratda, odatda ular yulduz qutblarida paydo bo‘lgan.

Mavzuga oid