O‘zbekiston | 10:14 / 07.12.2023
23743
3 daqiqa o‘qiladi

Bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev ozodlikka chiqdi

O‘tgan yil boshida 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev ozodlikka chiqdi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

7,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev muddatidan oldin ozodlikka chiqdi. Bu haqda 6 dekabr kuni O‘zbekiston «Ezgulik» inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bloger Navoiy viloyatidagi koloniyadan «shartli ravishda» ozod qilingan. 

Turli ma’lumotlarga ko‘ra, uning 7,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi maoshining bir qismi davlat foydasiga ushlab qolingan holda shartli jazo bilan almashtirilgan. U probatsiya xizmati xodimlari nazoratida bo‘ladi.

2022 yil 26 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudida sudlanuvchi Fozilxo‘ja Orifxo‘jayevga nisbatan sud hukmi o‘qilgandi. Unga ko‘ra, Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 7 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

2021 yil 26 iyun kuni Olmazor tumanidagi «To‘xtaboy» masjidida Abror Abduazimov (Abror Muxtor Ali) va bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev o‘rtasida nizo kelib chiqqandi.

Shundan so‘ng, fuqarolardan kelib tushgan xabar asosida Olmazor tumani IIO FMB tomonidan tekshiruv o‘tkazilgan va to‘plangan hujjatlar sudga taqdim etilgan. Shunga asosan ishni ko‘rib chiqqan jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi Fozilxo‘ja Orifxo‘jayevni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasida (mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etishda aybli deb topib, 15 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinlagan.

Keyinroq poytaxt IIBB axborot xizmati tekshiruv jarayonida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga Fozilxo‘janing telefonida shubhali diniy mazmundagi materiallar mavjudligi va ularni boshqa fuqarolarga namoyish etgani haqida xabar kelib tushganini, materiallarning xususiyatiga aniqlik kiritish uchun uning telefoni protsessual tartibda rasmiylashtirib olingani va dinshunoslik ekspertizasi tayinlanganini, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha Qo‘mitaning xulosasiga ko‘ra, blogerning Facebook'dagi profiliga joylashtirilgan ayrim materiallar diniy aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi materiallar sirasiga kirishi aniqlanganini ma’lum qilgandi.

Ushbu holat bo‘yicha Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Fozilxo‘ja Orifxo‘jayevga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi «g» bandi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Mavzuga oid