Bayden Isroil xalqaro qo‘llovni yo‘qotayotganini aytdi
AQSh prezidenti urush boshlanganidan buyon ilk bor Isroilga qarshi keskin chiqish qildi.
AQSh prezidenti Jo Baydenning fikricha, Isroil G‘azoni palapartish o‘qqa tutayotgani sabab xalqaro qo‘llovni yo‘qotmoqda. Bu haqda Bayden o‘zining saylov kampaniyasi homiylari bilan uchrashuvda aytib o‘tgan.
«Isroil xavfsizlik masalasida AQShga suyanishi mumkin. Hozir [ularni qo‘llovchilar] safi keng: Yevropa Ittifoqi, Yevropa... Lekin Isroil bu qo‘llovni yo‘qotmoqda, [G‘azoda] palapartish bombalash ketmoqda», deya Baydenning so‘zlarini keltirgan Reuters.
AQSh yetakchisi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu o‘zgarishi kerak deb hisoblashini aytgan. Reuters'ning qayd etishicha, Bayden oktyabr oyida urush boshlanganidan buyon Isroil manziliga ilk marta bunday keskin chiqishlar qildi. BBC ham Baydenning bu chiqishini Isroilga nisbatan keskin deb baholagan.
Bayden homiylar bilan uchrashuv vaqtida Netanyahu u bilan yakkama-yakka uchrashuvda AQSh o‘z vaqtida atom bomba ishlatganini eslatganini gapirib berdi: «Isroil yetakchisi o‘zaro suhbatda siz Germaniyani bombalab tekisladingiz, siz atom bombasi tashlagansiz, ko‘plab tinch aholi vakillari o‘lgan, dedi».
«Shu sabab ham barcha institutlar sodir bo‘lgan ishlar takrorlanmasligi uchun Ikkinchi jahon urushidan keyin tuzildi. Bizni Afg‘oniston urushida qatnashishga majburlagan 11 sentabr voqealari vaqtidagi xatomizni takrorlamang», degan Bayden.
Netanyahu ketadimi?
Reuters'ning yozishicha, Bayden va Netanyahu o‘rtasida o‘n yillardan buyon fikriy qarama-qarshilik bor. AQSh yetakchisining oxirgi chiqishi esa bu borada yangi muhokamalarga yo‘l ochdi.
Avvalroq AQShning Politico nashri Bayden Netanyahuning siyosatdagi faoliyati tugashiga oz qoldi deb hisoblashi haqida yozgandi. Politico'ga ko‘ra, Bayden o‘zaro uchrashuv vaqtida Netanyahuga undan keyin keladigan o‘rinbosariga qanday ssenariy qoldirishni o‘ylayotgani haqida so‘ragan.
Gazeta AQSh hukumati Netanyahuning o‘rniga kelishi mumkin bo‘lgan odam sifatida ikki sobiq bosh vazir – Yair Lapid va Naftali Bennet, shuningdek, sobiq mudofaa vaziri Beni Hans bilan muzokara olib borganini yozgan.
AQSh prezidenti Isroil milliy xavfsizlik vaziri Ben-Gvir va jamoasini HAMASning harakatlari uchun barcha falastinliklarni jazolashga urinayotgani uchun tanqid qilgan.
«Ben-Gvir va jamoasi, yana boshqa yangi odamlar ikki tomonlama munosabatlarni hatto eslatadigan qandaydir ish qilishni istamayapti. Ular nafaqat HAMASdan qilgan ishi uchun, balki barcha falastinliklardan qasos olmoqchi», degan amerikalik demokrat.
Bayden Isroil hukumat rahbariga Falastin avtonomiyasi masalasiga jiddiy qarashni tavsiya qilgan: «Kelajakda Falastin davlati bo‘lmaydi degan tushunchadan voz kechish kerak», degan AQSh prezidenti.
Shu haftada AQSh prezidentining xavfsizlik masalalasi bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan Isroilga borib mamlakat harbiylari bilan uchrashadi. Bu uchrashuvlarda asosiy e’tibor G‘azodagi tinch aholi vakillarini himoya qilishga qaratiladi.
Shuningdek, Pentagon rahbari Lloyd Ostin ham Qizil dengizdagi savdo yo‘nalishlarida xavfsizlikni ta’minlash masalasida uchrashuvlar o‘tkazish uchun mintaqaga keladi.
- Ma’lumot uchun, HAMASning 7 oktyabrdagi hujumidan keyin Isroil ikki oydan buyon G‘azoni o‘qqa tutmoqda. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, hozirgacha Isroil raketa zarbalari oqibatida 18 ming falastinlik halok bo‘lgan, 50 ming kishi yaralangan. Dunyoda odamlar eng zich yashaydigan hududlardan biri bo‘lgan G‘azoda dahshatli gumanitar inqiroz yuzaga kelgan.
Mavzuga oid
08:19
Bayden respublikachilarni Ukrainaga yordam berishga ishontirmoqchi
20:42 / 09.11.2024
Oq uy Trampning saylovlardagi g‘alabasidan keyin Ukrainaga harbiy yordam yuborishni tezlashtirdi
10:45 / 09.11.2024
Livan: Isroilning UNIFIL va Livan armiyasi harbiylariga hujumlari urush jinoyatlari hisoblanadi
17:40 / 08.11.2024