Jahon | 12:16 / 14.12.2023
5136
3 daqiqa o‘qiladi

Urush boshidan beri yopib qo‘yilgan Krasnodar aeroporti ochilishi mumkin

Krasnodar aeroportini ochish to‘g‘risidagi qaror 15 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan «sinov parvozi»dan so‘ng qabul qilinadi, deb xabar qildi mintaqa ma’muriyati.

Foto: Vitaly Timkiv/SNA/imago images

Ukraina urushi deyarli ikki yil avval boshlanganidan beri yopib qo‘yilgan Krasnodar xalqaro aeroporti 15 dekabrdagi «sinov parvozi»dan so‘ng qayta ochilishi mumkin, dedi Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratev 13 dekabr, chorshanba kuni Shot Telegram-kanaliga. Krasnodar o‘lkasi ma’muriyati viloyat Transport va yo‘llar vazirligiga tayanib, 15 dekabr kuni «sinov parvozi» rejalashtirilganini, uning natijalariga ko‘ra aeroportni ochish imkoniyati to‘g‘risida qaror qabul qilinishini bildirdi.

Shot'ga ko‘ra, «sinov parvozi» «Azimut» aviakompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi, reys Moskvaning Vnukovo aeroportidan Krasnodarning Pashkovskiy aeroportiga uchadi. Telegram-kanal suhbatdoshining ta’kidlashicha, «aslida Krasnodarga parvozlar xavfsizligi allaqachon tekshirilgan», faqat «bir necha jihat» qolgan.

«Azimut»ni o‘z ichiga olgan «Aerodinamika» guruhi matbuot xizmati jurnalistlarga kompaniya «aeroport tizimlari va jihozlarini tekshirish uchun texnik parvozni amalga oshirishga ariza topshirganini» aytdi. Shu bilan birga, aviakompaniya aloqa markazi xodimi RIA «Novosti»ga ushbu reysga chiptalar sotilmasligini aytdi.

Krasnodar aeroporti ochilishi mumkinligi haqidagi xabarlar paydo bo‘lgandan so‘ng, «Rossiya» aviakompaniyasi TASS agentligiga parvozlarni qayta tiklashga tayyorligini ma’lum qildi. Agar aeroport ochilsa, «Aeroflot» Moskvadan Krasnodarga kuniga to‘rttagacha reysni amalga oshirishga tayyor. «Pobeda» loukosteri agar aeroport ochilsa, 2024 yilda yangi yildan keyin Krasnodarga parvozlarni qayta boshlashi mumkin.

Rossiya bo‘ylab parvozlarni cheklash

Rossiyaning janubiy va markaziy qismlaridagi aeroportlarga parvozlarga cheklovlar Federal havo transporti agentligi tomonidan 2022 yil 24 fevralda – Ukraina urushi boshlangan kuni joriy etilgan. Keyinchalik ular bir necha bor uzaytirildi. Krasnodardan tashqari Anapa, Belgorod, Bryansk, Voronej, Gelenjik, Kursk, Lipetsk, Rostov-Don, Simferopol va Elista aeroportlari yopiqligicha qolmoqda.

2023 yilning may va sentabr oylarida Rossiya hukumati 11 ta yopiq aeroportni qo‘llab-quvvatlash uchun jami 5 milliard rubldan ortiq mablag‘ ajratdi.

Mavzuga oid