Jahon | 17:14 / 16.12.2023
19394
5 daqiqa o‘qiladi

G‘azodagi yerosti tunnellari haqida nimalar ma’lum?

Jahonda bunday mudofaa inshootlarining muqobili kam uchraydi. Tunnellarning muhim qismlari himoya chorasi sifatida minalangan. Ularni suvga to‘ldirishning samarasi haqida aniq gap aytish qiyin, ayni paytda, Isroil suv to‘ldirilayotgan tunnellarda asirlar yo‘qligiga kafolat berolmaydi, deydi ekspert Shavkat Ikromov.

G‘azo bo‘lgasidagi HAMAS harakatini yakson qilishga urinayotgan Isroil kuchlari harakatning asosiy mudofaa inshootlaridan bo‘lmish yerosti tunnellarini suv bilan to‘ldirishni boshladi. Kun.uz bu boradagi savollarga Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert Shavkat Ikromovdan javob oldi.

Tunnellar tizimi qanday yaratilgan?

— Bu tunnellar tizimi murakkab mudofaa inshooti hisoblanadi. Butun dunyoda ham alternativi kam uchraydi. Bu tunnellar o‘tgan asrning 80-yillaridan boshlab, G‘azo va Misr chegarasida, Rafah chegara o‘tish yo‘lagi yaqinida tashkil qilingan. Dastlab bu tunnellar Misrdan hayot uchun zarur mahsulotlar tashib keluvchi kontrabanda yo‘lagi sifatida ma’lum edi. 2007 yildan boshlab HAMAS ma’muriyati bu tunnellar tizimini butun sektor bo‘ylab kengaytirdi.

G‘azodan Isroil hududiga o‘tadigan yuzlab yashirin tunnellar qazildi. Ularning kirish yo‘laklari odatda aholi infratuzilmasiga juda yaqin joyda, ko‘p hollarda maktablar, masjidlar, kasalxonalar va uylarning tagida joylashtirilgan. Ular yer yuzasidan taxminan 5 metrdan 25 metrgacha chuqurlikdan o‘tkazilgan. Tunnellar qurilishida HAMAS muhandislari bilan birga, eronlik mutaxassislar ham ishtirok etgani haqida ma’lumotlar bor.

Isroil hozirgacha G‘azoning egallangan qismlarida tunnel tizimlarini ham egallaganmi?

— Isroil egallangan yerlardagi tunnel inshootlarini ham qo‘lga kiritib, yo‘q qilinyapti, degan bayonotlarni bergan. Lekin HAMAS tomoni bu ma’lumotlarni tasdiqlamagan. Isroilliklar bizga ma’lum bo‘lgan 800 ta tunneldan 500 tasini bombaladik deyapti. Lekin mutaxassislar aytishicha, bu tunnellar tizimini bombalash orqali yo‘q qilib bo‘lmaydi, chunki bu tunnellarda bombalarga qarshi mudofaa choralari ko‘rilgan.

Yerosti loyihasining barpo etilishida uning suvga to‘ldirilishi ehtimoliga ham tayyorgarlik ko‘rilganmi?

— Suv bilan to‘ldirish birinchi marta bo‘layotgan ish emas. 2015 yilda Misr tomonidan Rafah tarafdagi tunnellar suv bilan to‘ldirilgan edi. Katta avariya holati yuzaga kelgan edi o‘shanda. Isroil ham tunnellarni suvga to‘ldirish borasida tajribaga ega. Isroilga o‘tuvchi tunnellar orqali hujum bo‘lganda bu tunnellar bir necha marotaba suv bilan to‘ldirilgan.

Arab nashrlariga ko‘ra, hozir G‘azoda 7 ta suv nasoslari o‘rnatilgan va ular katta miqdordagi suvni tunnellarga quyishni boshlagan. Ammo suv bilan to‘ldirish ishlarining ko‘lami qanchalik bo‘lishi ma’lum emas, uning samaradorligi bo‘yicha ham Isroil tomonining o‘zida aniq hisob-kitoblar yo‘qligi aytiladi.

AQSh rasmiylari, xususan mamlakat prezidenti suv bilan to‘ldirilayotgan tunnellarda asirlar bor bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirgan. Haqiqatan ham suv bilan to‘ldirilayotgan tunnellarda asirlar yo‘q deb Isroil tomoni kafolat bera olmaydi.

Tunnellar tizimi suv bilan to‘ldirishga qarshi mudofaa tizimiga ega yoki ega emasligi haqida aniq bir narsa deyish qiyin. Isroil tomoni 800 ta tunnel ma’lumligi aytgan bo‘lsa ham, ularning soni ko‘proq bo‘lishi ham mumkin. HAMAS yillar davomida aholi yashashi uchun infratuzilmaga sarflanadigan mablag‘ni ham tunnel qurilishi va boshqa mudofaa ishlari uchun sarflagan.

Tunnellarning infratuzilmasi qanday o‘zi?

— Yuqorida aytganimizdek, bu tunnellar dastlab kontrabanda maqsadida ishlatilgan edi. Tunnellar ichida shaxtalardagi kabi kichik temiryo‘llar o‘tqazilgandi, bu yo‘llar orqali Misrdan hayotiy zarur tovarlar va qurilish mollari o‘tkazilar edi. 2007 yildan keyin esa mudofaa inshootiga aylantirildi. Isroil tomoni tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, u yerda qurol ishlab chiqaruvchi zavodlar borligi aytilgan.

Tizim shunday joylashtirilganki, ko‘p qismi minalashtirilgan. Isroil askarlari kirish imkonini topsa ham, katta ehtimol bilan portlaydi. Bu tunnellarda HAMAS rahbarlarining vaqtinchalik idoralari, qurol ishlab chiqaruvchi va urushda foydalaniladigan turli inshootlar bor. Aytganimdek, bu tunnellar tizimi asosan HAMAS va Eron mutaxassislari tomonidan yaratilgan.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid