Dunyo oziq-ovqat bozorida qanday o‘zgarishlar kutilyapti?
2023-2024 yillar mavsumida dunyo miqyosida bug‘doy yetishtirish 2,2 foizga, shakar ishlab chiqarish 2 foizga kamayishi mumkin. O‘z navbatida moyli o‘simliklarni yetishtirish 4 foizga oshishi kutilmoqda. Shuningdek, 2023 yil oxirigacha sut ishlab chiqarish 1,3 foizga, go‘sht va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish 0,8 foizga oshishi prognoz qilingan.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari global oziq-ovqat bozori rivojlanishidagi asosiy yo‘nalishlarni tahlil qildi.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti – FAO prognoziga ko‘ra, ekstremal ob-havo sharoiti va ortib borayotgan geosiyosiy keskinlik global oziq-ovqat tizimiga xavf tug‘diradi hamda savdo va global oziq-ovqat xavfsizligi istiqbolini yomonlashtirishi mumkin.
2023-2024 yillar mavsumida dunyo miqyosida 785,1 million tonna bug‘doy yetishtirilishi kutilyapti. Garchi yetkazib berish hajmi yetarli darajada saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, bu o‘tgan mavsumdagiga qaraganda 2,2 foiz kam.
Bug‘doy yetishtirishning prognoz qilinayotgan qisqarishi Avstraliya va Rossiyada 2022 yildagi rekord ko‘rsatkichlardan so‘ng hosil miqdorining kamayishi, shuningdek, Kanada va Qozog‘istonda yig‘im-terimning prognoz qilinayotgan qisqarishi bilan bog‘liq. Biroq Argentina, Hindiston va AQShda ishlab chiqarishning o‘sishi kutilyapti va bu pasayishning o‘rnini bosadi.
2023-2024 yillar mavsumida global moyli o‘simliklarni yetishtirish o‘sishda davom etishi va 666,7 million tonnaga yetishi kutilmoqda. Bu esa avvalgi mavsumdagiga nisbatan 4 foiz ko‘p.
Soya (Braziliya, Argentina) va kungaboqar urug‘lari (Yevropa, Qora dengiz mintaqasi) yetishtirish bo‘yicha yuqori prognozlar raps yetishtirishning kutilayotgan qisqarishini qoplaydi (Avstraliya, Kanada).
Kelayotgan mavsumda jahon miqyosida shakar ishlab chiqarish 175,5 million tonnani tashkil etishi kutilmoqda. Bu 2022-2023 yillardagi mavsumdagiga nisbatan 2 foiz kam.
El-Nino hodisasi bilan bog‘liq quruq ob-havo sharoiti tufayli asosiy ishlab chiqaruvchi mamlakatlar bo‘lgan Tailand va Hindistonda shakar ishlab chiqarishning qisqarishi kutilmoqda. Braziliya va AQShda ham shakar ishlab chiqarishning pasayishi prognoz qilinyapti.
Dunyoda go‘sht va go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarish 2023 yil oxirigacha 365 million tonnagacha ortishi taxmin qilinyapti. Bu 2022 yildagiga nisbatan 0,8 foiz ko‘p. Osiyoda go‘sht ishlab chiqarishning ko‘payishi kutilmoqda. Bu asosan Xitoyda cho‘chqa go‘shti ishlab chiqarishning oshishi bilan bog‘liq. Go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarish Janubiy Amerikada, ayniqsa, Braziliya va Okeaniyada ham kengayishi mumkin.
2023 yil oxirigacha sut ishlab chiqarish 950 million tonnaga yetishi kutilmoqda. Bu 2022 yildagiga qaraganda 1,3 foiz ko‘p.
Jahonda sut ishlab chiqarishning prognoz qilinayotgan o‘sishi Osiyoda, xususan, Hindiston va Xitoyda sut ishlab chiqarishning ko‘payishi bilan bog‘liq. Shuningdek, Braziliyada ham sog‘in sigirlar sonining ko‘payishi va sut mahsuldorligi ortishi hisobiga sut ishlab chiqarish hajmi oshishi kutilyapti.
Mavzuga oid
11:31 / 18.11.2024
Xitoy O‘zbekistonda oziq-ovqat va asbob-uskunalar ishlab chiqarish masalasini ko‘rib chiqyapti
13:41 / 02.11.2024
Toshkent viloyatida bolalar uchun berilgan oziq-ovqatni bog‘chadan olib ketayotgan mudira ushlandi
17:13 / 01.11.2024
Prezident bozorlarda narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishni buyurdi
10:59 / 20.10.2024