Jahon | 21:23 / 21.12.2023
11269
3 daqiqa o‘qiladi

2023 yilning eng mashhur havo yo‘nalishlari nomi ma’lum bo‘ldi 

Eng yaxshi o‘ntalikdagi 9 ta yo‘nalish Osiyo mamlakatlariga tegishli bo‘ldi. 

Foto: Getty Images

Singapur va Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur o‘rtasidagi parvoz yo‘nalishi 2023 yilda dunyodagi eng mashhur yo‘nalishga aylandi. Bu haqda Britaniyaning OAG tadqiqot kompaniyasiga tayanib Interfax xabar berdi. 

2023 yilda ushbu yo‘nalish bo‘yicha har ikki tomonga parvoz qilayotgan samolyotlarda mavjud bo‘lgan o‘rindiqlarning umumiy soni 4,9 milliontani tashkil etdi, bu 2022 yilga nisbatan bir yarim barobar ko‘p. Aholi zich joylashgan ikki shahar orasidagi parvoz bor-yo‘g‘i bir soat davom etadi. 

Ikkinchi o‘rinni Qohira (Misr) – Jidda (Saudiya Arabistoni) yo‘nalishi (4,8 million o‘rindiq, 2022 yilga nisbatan 38 foizga o‘sish), uchinchi o‘rinni Honkong – Taypey (4,6 million o‘rindiq, 130 foizga o‘sish) yo‘nalishi egalladi. 

O‘rindiqlar sonining eng keskin o‘sishi Seul (Janubiy Koreya) — Osaka (Yaponiya) yo‘nalishida (4,5 baravar, 4,2 million o‘ringa) va Seul — Tokio (Yaponiya) yo‘nalishida (3,3 baravar, 4,2 million o‘ringa) kuzatilgan. 

Yo‘lovchilar orasida eng mashhur yo‘nalishlar o‘nligiga, shuningdek, Dubay (BAA) – Ar-Riyoz (Saudiya Arabistoni) yo‘nalishi (4 million o‘rin), Jakarta (Indoneziya) – Singapur (3,9 million), Bangkok (Tailand) – Singapur (3,5 million) va Bangkok – Seul (3,4 million) yo‘nalishi kirdi. 

Osiyodan bo‘lmagan eng yaxshi 10 talikdagi yagona yo‘nalish bu Nyu-York (AQSh) va London (Angliya) o‘rtasidagi parvoz (3,9 million o‘rin, 8-o‘rin). 

Amerikaning Atlanta aeroporti dunyodagi eng gavjum havo bandargohlari reytingida birinchi o‘rinni saqlab qoldi - 2023 yilda u 61,2 million o‘rindiqli parvozlarga xizmat ko‘rsatdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 12 foizga ko‘p.

Ikkinchi o‘rinda Dubay aeroporti (56,5 million, +25 foiz), uchinchi o‘rinda Tokioning Haneda aeroporti (52,7 million, +26 foiz), to‘rtinchi o‘rinda Londonning Hitrou aeroporti (49,4 million, +23 foiz) joylashgan. 

Birinchi o‘ntalikdagi yagona yangi aeroport Xitoyning Guanchjou aeroporti bo‘ldi, u qabul qilingan va jo‘natilgan reyslar bo‘yicha 43,4 million o‘rindiq bilan o‘ninchi o‘rinni egalladi.

Mavzuga oid