Jahon | 15:13 / 21.12.2023
18345
5 daqiqa o‘qiladi

Choyning insonlarga foydasi: XVIII asrda u kasalliklarni yengishga yordam bergan

Buyuk Britaniyada 18-asrda choy ichimligi ommalashadi. Hali sanitariya talablariga javob bermaydigan shaharlarda choy iste’moli sabab o‘lim ko‘rsatkichi sezilarli pasayadi.

Fotokollaj: Kun.uz

Choy 18-asrda tezlik bilan Britaniya imperiyasining qimmatbaho resurslaridan biriga aylanadi. U o‘sha davrlarda kutilmagan tarzda odamlarni o‘limdan asrab qolgan bo‘lishi ham mumkin.

Choy Xitoyda miloddan avvalgi mingyilliklardan iste’mol qilingan bo‘lsa-da, u Buyuk Britaniyaga anchayin kech – 17-asrda kirib keladi. Yevropaga esa 1610 yilda ilk marta portugal va golland savdogarlar olib kelishgan. Hozirda choy Britaniyada eng sevimli ichimlik hisoblanadi.

Bu ichimlik o‘z davrida juda ko‘p rollarda bo‘lgan: globar tovar, tasalli beruvchi ichimlik, zulmkor siyosat ramzi. Biroq choyning odamlar hayotini asrab qolgani ko‘pchilikka ma’lum emas.

Kolorado universiteti iqtisodchisi Fransiska Antmanning o‘rganishlariga ko‘ra, choy 1700 yillarda uni ichgan ko‘pchilikning hayotini saqlab qolgan bo‘lishi mumkin. Bu choydagi antioksidantlar yoki undagi boshqa foydali moddalar sababli yuz bermagan.

Hammasi oddiy: odamlar suvni qaynatish suv orqali yuqadigan patogenlardan himoya ekanini tushunmagan bir davrda choy ichish uchun suv qaynatilgan. Va bu amaliyot ko‘pchilikni erta o‘limdan asrab qolgan.

Bu davrdagi ingliz demografiyasi tarixchilar uchun uzoq vaqtdan beri yechilmagan jumboq bo‘lib qolmoqda. 1761 yildan to 1834 yilgacha yillik o‘lim ko‘rsatkichi ancha past bo‘lgan: bu davrda har 1000 kishiga 28, 25 ta o‘lim holati to‘g‘ri keladi. Biroq bu muddatda yashash standartlari va oylik maoshlar oshmagandi. Sanoat inqilobi davrida ko‘pdan ko‘p odamlar shaharlarga to‘plangan va u yerlarda sanitariya ham ko‘pda orzu edi.

Mana shu o‘rinda choy ichish odatining shakllangani o‘lim kamayishining asosiy sababi bo‘lib yuzaga chiqishi mumkin. Sababi odamlar choy ichish uchun suvni qaynatishgan. Qaynagan suv esa diareya kasalliklariga sabab bo‘ladigan bakteriyalarni o‘ldiradi.

"Shaharlarda odam ko‘paygani va ulardagi sanitariya darajasi hisobga olinsa, o‘sha paytdagi eng katta qotil suv edi, deb aytish mumkin”, deydi Fransiska Antman. Lekin nazariy jihatdan qiziqarli bo‘lgan bu qarashni to‘la isbotlash hali ham qiyin.

Iqtisodchi o‘z fikrini isbotlash uchun geografik ma’lumotlardan foydalanadi. Unga ko‘ra, ko‘proq suv resurslari bor degani tozaroq suv borligini anglatadi. Chunki cherkov aholisi bir suv manbasi ifloslansa, boshqasiga borib foydalanishgan. Yana daryo bo‘yida yashaganlar quyi oqim bo‘ylab yashaganlarga qaraganda xavfsizroq suv manbalariga ega bo‘lishgan. Va suvi iflosroq hududlarda o‘lim ko‘rsatkichi ham yuqoriroq bo‘lgan.

O‘lim ko‘rsatkichining suvga bog‘liqligiga oid kalit sanaga e’tibor qaratish zarur: 1874 yilda choyga oid akt kuchga kirgach, choy solig‘i 119 foizdan 12,5 foizga tushiriladi va shundan keyin uning iste’moli birdaniga "portladi". 18-asr oxirida o‘ta kambag‘al dehqonlar ham kuniga 2 marta choy icha olishgan.

Antman o‘lim ko‘rsatkichi kamayishining choy iste’moliga bog‘liqligini topish uchun ayni choy ommalashgan shu yildan oldingi va keyingi davrlardagi o‘lim ko‘rsatkichlarini solishtiradi. Va dalillar har ikkala turdagi: toza va iflos suv iste’mol qilinadigan hududlarda ham o‘lim ko‘rsatkichi pasayganini ko‘rsatadi. Choy importi ko‘payishi suv orqali yuqadigan kasalliklardan o‘lishni kamaytiradi.

Yana go‘daklar orasida ham o‘lim ko‘rsatkichida pasayish kuzatilgan. Ehtimol, kattalarning choy iste’mol qilishi orqali ularning suvdan yuqadigan kasalliklardan ma’lum darajada himoyalanishi bolalarni ham asrab qolgan bo‘lishi mumkin. Lekin buni isbotlash deyarli imkonsiz. 

Mavzuga oid