Jahon | 12:45 / 21.12.2023
12068
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil armiyasi G‘azo markazida HAMAS yetakchilarining tunnellarini topdi

Tunnellar tarmog‘i Isroil armiyasi nazorati ostidagi G‘azoning «nufuzli mavzesidagi» maydon ostida joylashgan, deb xabar berdi TsAHAL.

Foto: Victor R. Caivano/AP/dpa/picture alliance

Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) G‘azo shahri markazida HAMAS harakati yetakchilari foydalanadigan keng tunnel tizimini topdi. 20 dekabr, chorshanba kuni Isroil harbiylari tushuntirishicha, asosiy rolni maydonlardan biri egallaydi, u yerdan harakatning siyosiy va harbiy rahbariyati «boshpanalari, shtab-kvartiralari va xonadonlariga» borish uchun yerosti yo‘llaridan foydalanish mumkin. 

«Falastin maydoni» G‘azoning «nufuzli mavzesida» joylashgan bo‘lib, u Isroil askarlari tomonidan nazoratga olingan, deya ta’kidladi TsAHAL. Maydon «HAMAS harbiy qo‘mondonligi markazi bo‘lgan va u shtab-kvartirasi bo‘lib xizmat qilgan binolar, tunnel shaxtalari va HAMASga tegishli strategik binolar bilan o‘ralgan», deya qo‘shimcha qildi armiya matbuot xizmati. Unga ko‘ra, harbiy infratuzilma «do‘konlar, hukumat binolari, turar joy inshootlari va kar bolalar uchun maxsus maktab yaqinida» joylashgan. 

Ushbu tunnellar tarmog‘i Al-Rantisi va Ash-Shifo kasalxonalari hududidagi yerosti infratuzilmasi bilan bog‘langan, deya ta’kidladi TsAHAL. Tunnellar liftlar va portlashga chidamli eshiklar bilan jihozlangan, ayrim hollarda oziq-ovqat, suv va energiya infratuzilmasi elementlari topilgan, deya qo‘shimcha qildi harbiylar. Bu HAMAS jangchilariga uzoq vaqt yashirinish imkonini beradi, deya ta’kidladi armiya matbuot xizmati. 

To‘rt kilometrlik tunnellar tarmog‘i 

Bir necha kun oldin Isroil armiyasi Isroilning G‘azo sektori bilan chegarasidagi Erez o‘tish joyidan 400 metr uzoqlikda joylashgan va 4 kilometrdan oshiq bo‘lgan tunnel tizimini aniqladi. TsAHAL ma’lumotlariga ko‘ra, bu yerosti tizimi shunchalik kattaki, kichik avtomobillar ham u yerda harakatlana oladi. Tunnellarda kanalizatsiya, yorug‘lik, ventilyatsiya va aloqa vositalari, shuningdek, foydalanishga tayyor bo‘lgan ko‘plab qurol-yarog‘lar bor, dedi harbiylar.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 19 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

1 dekabrgacha davom etgan vaqtinchalik otashkesim doirasida 100 dan ortiq garovga olingan shaxs qo‘yib yuborildi, Isroil 240 ga yaqin falastinlikni qamoqdan ozod qildi. Isroil rasmiylariga ko‘ra, 7 oktyabr kuni asirga olingan yana 138 kishi HAMAS qo‘lida qolmoqda.

Mavzuga oid