O‘zbekiston | 18:51 / 21.12.2023
59975
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya elchisi O‘zbekiston TIVga chaqirtirildi

Elchi Prilepinning so‘zlari Rossiya Federatsiyasi rahbariyatining O‘zbekiston to‘g‘risidagi rasmiy pozitsiyasiga umuman aloqasi yo‘qligini qayd etgan.

Foto: TIV matbuot xizmati

2023 yil 21 dekabr kuni Tashqi ishlar vazirligiga Rossiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Oleg Malginov taklif etildi. Uchrashuv davomida Rossiya vakiliga «Rossiya segodnya» matbuot-markazida bo‘lib o‘tgan anjumanda «Spravedlivaya Rossiya – za pravdu» partiyasi hamraisi Zaxar Prilepinning O‘zbekiston hududini Rossiyaga qo‘shib olish zarurligi haqidagi taklifi mamlakatimizda chuqur tashvish hissi bilan qabul qilingani qat’iy tarzda yetkazildi.

«Rossiya Federatsiyasi kabi do‘st mamlakat partiya rahbarlarining bunday o‘ylamay bildirayotgan munosabatlari, afsuski, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhiga mos kelmasligi ma’lum qilindi. 

Rossiya ommaviy axborot vositalarida keng tarqalgan bu kabi bayonotlar ataylab provokatsion ruhda bo‘lib, xalqlarimiz o‘rtasida o‘rnatilgan tarixiy do‘stona munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin», deyiladi TIV xabarida.

O‘z navbatida, Oleg Malginov to‘liq mas’uliyat bilan Prilepinning bayonotlari Rossiya Federatsiyasi rahbariyatining do‘st va mustaqil O‘zbekiston to‘g‘risidagi rasmiy pozitsiyasiga umuman aloqasi yo‘qligini qayd etgan.

Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi vakili sifatida elchi «O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi uning mamlakatida hech qachon shubhaga olinmagani»ni ta’kidladi.

Malginov, shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi yaqin vaqt ichida ushbu hodisa bo‘yicha izoh berishni rejalashtirayotganini ta’kidladi.

Mavzuga oid