Jamiyat | 08:40 / 24.12.2023
15033
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda qalbaki 500 ming dollarni ayirboshlashga uringan shaxslar qo‘lga olindi

Foto: Videodan kadr

DXX xodimlari Toshkent shahri, Surxondaryo va Andijon viloyatlarida Rossiya hamda Turkiyadan keltirilgan qalbaki AQSh dollarlari muomalasiga chek qo‘ydi.

Qayd etilishicha, Surxondaryo viloyatida yashovchi shaxs 50 dollarli kupyuralardan iborat bo‘lgan qalbaki 19 250 AQSh dollarini haqiqiy 10 ming dollarga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, u Rossiyadan olib kelingan ushbu qalbaki kupyuralarni Qashqadaryo viloyatida yashovchi fuqarodan kelgusida o‘tkazish maqsadida sotib olgani aniqlanib, u ham qo‘lga olingan.

Shuningdek, Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi ikki nafar shaxs qalbaki 500 ming dollarni xaridor bilan haqiqiy 325 ming dollarga ayirboshlashga kelishib, dastlab unga namuna sifatida Qirg‘izistondan olib kelingan 100 dollarlik kupyuralardan iborat qalbaki 7600 dollarni haqiqiy 5 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Toshkent shahar, Chilonzor tumanida joylashgan «Erkin» YPX maskanida Lasetti avtomashinasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Buxoro shahrida yashovchi, muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxsning yonida 100 dollarlik kupyuralardan iborat qalbaki 8900 dollar borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur fuqaro Turkiyada tayyorlanib, Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga olib kelingan ushbu qalbaki xorijiy valyutlarni kelgusida sotib, daromad topish maqsadida Toshkent shahriga kelayotgan bo‘lgan.

 

Mavzuga oid