Jamiyat | 17:32 / 24.12.2023
42258
5 daqiqa o‘qiladi

Talabalarni «qo‘rqitgan» murda, kaltakesakka yordamlashgan shim – «Talaba kundaligi»

O‘likni o‘rganish jarayonida qatnashgan, boshqa qizlar ismi bilan raqs tushishga majbur qilingan va cho‘lda qamish o‘rishga borib, ichiga kaltakesak kirib olgan talabalarning qiziq sarguzashtlari haqida “Talaba kundaligi”ning bugungi sonida o‘qishingiz mumkin.

1-hikoya. Talabalarni “qo‘rqitgan” murda

Tibbiyot oliygohini bitirganman. 2-bosqichda o‘qiyotgan paytimizda qiziq voqea bo‘lgan. Anatomiya darsiga kirishimiz kerak edi. O‘qituvchimiz tibbiy qo‘lqop, pinset va skalpel kabi asboblarni olib, murdani o‘rganish uchun maxsus xonaga chiqishimizni aytdi. 9-10 guruh birgalashib xonaga chiqdik. Zaldagi stolda avariya vaqtida xalok bo‘lgan bir ayolning tanasi turgandi. Tana 4 ga bo‘lingan holatda edi. Murdaning hidi borligi uchun derazalar ochib qo‘yilgan, biz esa murdaning yoniga yaqinlasholmay bir chetda turgandik. Keyin ichimizdan 2 o‘g‘il bola kursdoshimiz murdaning yoniga yaqinlashib, tanasiga tekkan ham ediki, ayolning bir qo‘li joyidan qimirlab, pastga osilib qoldi. Buni ko‘rib, murda tirildi deb o‘yladik va baqir-chaqir qilib xonadan tashqariga chiqib ketdik. O‘qituvchimiz hayron bo‘lib bizga: “O‘lik qanaqasiga tiriladi, kecha arrada 4 ga bo‘lgandik-ku”, deb o‘shqirdi domlamiz. Shunday qilib o‘sha kuni shu darsdan qutulib qolganmiz.

2-hikoya: Ismi o‘zgartirilgan qizlar 

Talabalik davrlarimizda Mustaqillik va Navro‘z bayramlari raqsli qilib stadionlarda nishonlanardi. Va raqslarda qatnashish uchun talaba qizlar olib boriladi. Mandat natijalari chiqqanidan 2 kun o‘tib, 30 nafarcha 1-bosqichga qabul qilingan qizlarni Mustaqillik bayramiga tayyorlanishga chaqirishdi. Endi o‘qishga kirgandik, tadbirlarda qatnashish o‘zimizga ham qiziq edi, shuning uchun tayyorgarliklarga borib yurdik. Bayramga bir kun qolganda qiziq voqea bo‘ldi. Qo‘limizga boshqa qizlarning talabalik guvohnomasini berib, undagi shaxsiy ma’lumotlarni yodlab olish aytildi. Ertasiga tadbir o‘tkaziladigan joyga bordik. Eshikdan birma-bir ism bilan chiqarishdi. To‘satdan biz ma’lumotlarni yodlagan qizlarning ism-familiyasi ham o‘qildi. Biz boshqa qizlarning ism-familiyasi bilan tadbirda qatnashdik. Keyin bilsak, tadbirda qatnashishi kerak bo‘lgan 2-bosqich qizlarining o‘rniga biz jo‘natilgan ekanmiz.

3-hikoya: Kaltakesakka yordamlashgan osti keng shim

Bu voqealar 80-yillarda texnikumda o‘qigan vaqtlarim yuz bergan. Men guruh sardori edim. Bir kuni siyosiy iqtisod fani o‘qituvchimiz guruhdagi 3-4 talabani olib, cho‘lga qamish o‘rishga borishni iltimos qildi. Yo‘q deyolmadim. Ertasiga domla bizni avtobusda Farg‘ona viloyatidagi Yozyovon cho‘liga olib bordi. O‘sha paytlar osti keng “klyosh” shimlar modada edi. Qamish o‘rishga o‘shani kiyib chiqqandim. O‘rishni boshladik. Keyin birdan oyog‘imni nimadir qitiqlaganday bo‘ldi. Tizzamgacha o‘rmalab keldi. Men ilon deb o‘yladim. Shartta qo‘limni oyog‘imga etib, o‘rmalayotgan narsani mahkam ushlab oldim. Keyin Alisher deb kursdoshimni chaqirib baqirdim. U hovliqib menga qaradi.

“Shimimning pochasini tepaga qarab shimar, ilonning dumi ko‘rinishi bilan shartta tortib sug‘urib olib tashlaysan”, dedim. Men esa qo‘lim bilan shimim cho‘ntagi ustidan ilonning boshini mahkam g‘ijimlab turgandim. Alisher shimimni tizzagacha qaytarib keldi. Dum ko‘rinishi bilan, ushlab tortib tashladi. Qarasak, u ilon emas kaltakesakning bir turi ekan. Shundan keyin cho‘lni yelkamizning chuquri ko‘rsin deb uyga jo‘nagandik. Menimcha, kaltakesakka “klyosh” shim kiyganim qo‘l kelgan.

Hikoyalarni Zuhra Abduhalimova nashrga tayyorladi.

P.S: Talabalik davringizda turli xil qiziqarli, ibratli, kulgili yoki og‘riqli voqealarni boshdan kechirganmisiz? Bu haqda boshqalarga ham aytib berishni xohlaysizmi? Kun.uzʼning "Talaba kundaligi" rukni aynan siz uchun.

Hikoyani @talabakundaligi_bot manziliga yuboring. Tahririyat sizning shaxsingiz sir tutilishini ta’minlaydi.

Mavzuga oid