Jamiyat | 10:05 / 24.03.2024
17724
6 daqiqa o‘qiladi

O‘xshamagan hisobot, pul bergan talabalarni yiqitgan domla va gulli shorti kiygan bola – “Talaba kundaligi”

Yolg‘on hisobot berib rektor oldida qizargan ish yurituvchi, pora bergani uchun talabalarni kursdan-kursga qoldirgan ustoz va yuqori bosqichda o‘qiydigan bolaga kursdosh qizni berib qo‘ygan talabalarning hikoyalari haqida “Talaba kundaligi”ning bugunni sonida o‘qishingiz mumkin.

P.S: Talabalik davringizda turli xil qiziqarli, ibratli, kulgili yoki og‘riqli voqealarni boshdan kechirganmisiz? Bu haqda boshqalarga ham aytib berishni xohlaysizmi? Kun.uzʼning "Talaba kundaligi" rukni aynan siz uchun.

Hikoyani @talabakundaligi_bot manziliga yuboring. Tahririyat sizning shaxsingiz sir tutilishini ta’minlaydi.

1-hikoya. Gulli short kiygan bola

Texnologiyaga oid yo‘nalishda o‘qiganimiz uchun guruhimizda bir dona qiz bor edi. Ko‘p yigitlar unga havas qilishardi: biri gul tutgan, biri she’r yozgan, yana u uchun mushtlashgan edi. Shunday o‘tayotgan kunlarning birida guruhimiz bilan ikki haftalik amaliyotga chiqdik. Tabiiyki, u qiz ham biz bilan edi. Amaliyotning birinchi kuni hamma po‘rim kiyingan, galstuklar taqilgan, sochlar teskarisiga taralgan, sepilgan atirlarning hidi dimog‘ga uradi.

Xullas, amaliyot tugadi, hamma uyiga ketish uchun bekatda transport kutayotgan edi. Shu payt bir yaxshi mashinadan gulli shorti kiygan, soqollari betartib o‘sgan bir bola tushdi-da, guruhimizdagi yagona qizni mashinasiga solib olib ketdi. Keyin bilsak, yigit 4-kursda o‘qiyotgan talaba ekan. Oshiq kursdoshlarimizning boshiga chaqmoq urilgandek bo‘ldi. Nachora, hayot davom etardi. Lekin bizga bir narsa ayon bo‘ldiki, gulli shorti bilan ham ko‘ngil ovlash mumkin ekan. O‘sha kuni ko‘pchilik katta hayotga ilk qadam qo‘ydi.

2-hikoya: Pul olmagan yomon domla

1-bosqich talabalariga ixtisoslik fanidan dars berardim. Talabalar ham darsda faol, men ham ularning “yonib” turishidan quvonib, har gal o‘ziga xos tarzda amaliy va seminar darslarini zo‘r zavq bilan o‘tib borardim. Semestr yakunlandi. Deyarli barchasiga yakuniy nazorat topshirishga ruxsat etiladigan ballarini qo‘yib berdim. Yakuniy nazorat o‘tdi. Ularni tekshirib, ballarini qo‘yayotgan paytimda birdan xonamning eshigi taqillab qoldi. Eshikdan guruh sardori qo‘lida bir daftar bilan kirib keldi va iltimos, oling ustoz, deya qo‘lidagi daftarni menga uzatdi. Daftarga razm soldim, ichida nimadir bor edi. Nima bu, dedim. Ustoz, oz bo‘lsa ham guruh talabalariga yordam bering, chin ko‘ngildan beryapmiz, deb boyagi daftarni stolim ustiga qo‘ydi. Buni ol-da, tezda to‘g‘rilab kel, dedim. U esa shoshilib chiqib ketdi va 10-15 daqiqadan keyin daftarni “semirtirib” keldi. Ichida talabalar ro‘yxati va baholar yozilganini aytib, daftarni qoldirmoqchi bo‘ldi.

Ro‘yxat va baholar yozilgan varaqni olib, sen bu sehrli daftarning ichidagilarni egalariga qaytarib ber, men shundoq ham yordam beraman, deya guruh sardorini kuzatib qo‘ydim. Nima qilishni bilmay boshim qotdi. Baholar yozilgan ro‘yxatni ochib qaradim: darsga kelgan ham, topshiriqlarni topshirgan ham, darsga ora-chora kelib, topshiriqlarni topshirmaganlardan ham teng miqdorda pul yig‘ilgan ekan. Juda qiynaldim. Nimadir qilishim kerak edi. Va nihoyat, ro‘yxatdagi 17 talabaning hammasini qayta topshirishga akademik qarzdor etib qoldirishga qaror qildim. Mana, 3 yildirki, o‘sha talabalar qayta topshira olmay yurishibdi. Men esa talabalar uchun hamon yomon domla sifatida ishlab yuribman.

3-hikoya: O‘xshamagan hisobot

2011 yil Navoiy shahrida “Umid nihollari” respublika musobaqasi bo‘lib o‘tishi kerak edi. Navoiy davlat pedagogika instituti talabalari o‘yinlar uchun tashkil qilingan yozgi oshxona qurilish ishlariga olib ketildi. Biz ham borib yordamlashdik. Ish avjida, qozonlar qo‘yib chiqilgan, yozgi oshxona tomi ham yopib bo‘lingan vaqtda institut rektori kelib qoldi. Ishlarni ko‘zdan kechirar ekan, xo‘jalik ishlari bo‘yicha ish yurituvchidan hisobot so‘rab qoldi. U qilingan ishlarni birma-bir ko‘rsatdi, navbat qozonlarga keldi. “Tomning usti to‘g‘ri yopilganmi, yomg‘ir yog‘ib qolsa, suv qozonlarga tushmaydimi, shlang bilan suv sepib tekshirib ko‘rdingmi?” deb ish yurituvchidan so‘radi rektor.

Ish yurituvchi hammasi mukammal qilingani, tomdan bir tomchi suv ham tushmasligini aytib, rektorni ishontirdi. Tasodifni qarangki, shu payt jala quyib qolsa bo‘ladimi. Suv soniya ham o‘tmay, qozonlarga quyila boshladi. Hash-pash deguncha qozon suvga to‘la qoldi. Rektor haligi odamga qarab kulib qo‘ydi, boshqa gap aytmadi. Ish yurituvchi esa qizarib, bo‘zarib ketdi.

Hikoyalarni Zuhra Abduhalimova nashrga tayyorladi.

Mavzuga oid