Iqtisodiyot | 12:59 / 26.12.2023
31921
2 daqiqa o‘qiladi

2024 yilning davlat budjeti tasdiqlandi

O‘zbekiston konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligi cheklangan miqdori YaIMning 4 foizi miqdorida belgilandi. 

Foto: Shutterstock

“2024 yil uchun O‘zbekiston davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi.

2024 yil uchun O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjetini shakllantirish va ijro etish bilan bog‘liq munosabatlar tartibga solindi.

Ijtimoiy jihatdan ahamiyatga molik milliy va davlat dasturlariga ajratiladigan grant mablag‘larining belgilangan miqdorlari qonunga o‘zgartish kiritilmasdan ko‘paytiriladi.

O‘zbekiston budjet tizimi budjetlarining 6 oylik ijrosi yakunlari bo‘yicha daromadlari prognozi bajarilmagan va joriy moliya yilining oxiriga qadar ularning kelib tushishi uchun yetarli asoslar mavjud bo‘lmagan hollarda:

  • respublika budjeti umumiy xarajatlarining 3 va undan ortiq foizi miqdoridagi xarajatlarni qisqartirish Oliy Majlis palatalari tomonidan;
  • 3 foizdan kam miqdordagi xarajatlarni qisqartirish Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlarining cheklangan sof hajmi 25 trln so‘m miqdorida belgilandi.

2024 yil uchun O‘zbekiston konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotning 4 foizi miqdorida belgilandi. 

Qonunga ko‘ra, soliqlarning quyidagi turlari tumanlar va shaharlar budjetlariga to‘liq hajmda o‘tkaziladi:

  • jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i;
  • jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i;
  • mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyaga asosan jismoniy shaxslar tomonidan to‘lanadigan, shuningdek YaTTlar tomonidan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;
  • suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, bundan elektr stansiyalari tomonidan to‘lanadigan soliq mustasno;
  • noruda qurilish materiallari bo‘yicha yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq.

Qonun 2024 yil 1 yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.

Mavzuga oid