O‘zbekiston | 23:40 / 28.12.2023
15275
2 daqiqa o‘qiladi

Bloger Olimjon Haydarov ishi bo‘yicha sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi

U 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi. Apellyatsiya instansiyasi ushbu hukm ustidan berilgan shikoyatni qanoatlantirmadi. 

Foto: Kun.uz

28 dekabr kuni Farg‘ona viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida bloger Olimjon Haydarovning apellyatsiya tartibida bergan shikoyati ko‘rib chiqildi. 

Oliy sud matbuot kotibi xabariga ko‘ra, Farg‘ona tuman sudining 2023 yil 1 dekabrdagi hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi va shikoyat qanoatlantirilmadi. 

Eslatib o‘tamiz, 1 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumani sudida bloger va jamoatchilik faoli Olimjon Haydarovga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilingan edi. 

Haydarov Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 2-qismi, 3-qismi «a» bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi «a» bandi va 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan edi.

Mavzuga oid