O‘zbekiston | 12:27 / 28.12.2023
5621
2 daqiqa o‘qiladi

«Toshkentni ekologik halokatdan qutqarishimiz zarur» – Odiljon Tojiyev

Shahrimizni ekologik halokatdan qutqarish, bu mudhish jarayonni ortga qaytarishimiz zarur. Bu borada shunday qat’iyat kerakki, toki qonun-qoidalarni buzishga, chetlab o‘tishga hech kimda hech qanday istakning o‘zi bo‘lmasin, deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev. Toshkentda havoning ifloslanishiga qarshi tezkor choralar ko‘rish kerakligi kun sayin ayonlashib bormoqda.

Foto: Facebook / odiljon.tadjiev

Toshkent shahri havosining surunkali ifloslanishi fonida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev shaharni ekologik halokatdan qutqarish kerakligi haqida yozib chiqdi. Tojiyev ekologik halokatni mudhish jarayon deb atab, uni ortga qaytarish uchun hech kim chetlab o‘tolmaydigan, buzolmaydigan choralar ko‘rishga da’vat qilgan.

Spiker bu masalaga Ekopartiya ko‘proq bong urishi kerakligini aytib, o‘z takliflarini ham ma’lum qilgan.

Hozirda shahrimiz ko‘chalarida shaxsiy avtotransportni kamaytirish uchun ham turli g‘oyalar berilyapti. Albatta, bu o‘rinda jamoat transporti jozibadorligini oshirish orqali bunga erishsa bo‘ladi deb o‘ylayman.

Ammo jamoat transporti yo‘lovchilar uchun tez, qulay bo‘lishi uchun avtobus yo‘laklari samarali ishlashida ham gap ko‘p. Masalan, nega shu paytgacha shaxsiy transportdagilar yo‘ldagi “A” polosalarda bemalol yurishibdi, avtobuslarimiz esa “el qatori” tirbandlikda turibdi? Nega bu yo‘laklarni jismonan ajratib qo‘ymaymiz yoki ularda yurgan avtomobillarga haligacha jazo yo‘q?

Vazirlik va idoralar bu borada nazoratni maksimal kuchaytirishlari, amal qilmaganlarni jazolash mexanizmlarini ishlab chiqishlari kerak. Parlament bu boradagi har qanday tashabbuslarni qonunlarga kiritishga tayyor deb hisoblayman”, – deb yozgan Tojiyev.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahri havosi oxirgi 2 yilda dunyoning havosi eng iflos shaharlari reytingidan tez-tez joy olyapti. 21 dekabrda ham poytaxt havosi yana yashash uchun xavfli darajaga chiqqandi.

Mavzuga oid