2024 yil: Ukrainani Rossiya bilan urushning eng og‘ir pallasi kutmoqda
Tugayotgan yil Ukraina uchun Rossiya bilan urushda burilish nuqtasi bo‘lishi kerak edi, ammo u boshi berk ko‘chaga kirib qoldi hamda bu Rossiya foydasiga ishladi, deydi ekspertlar. Keyingi, 2024 yil, ularning fikricha, Kiyev uchun eng qiyin yil bo‘ladi.
2024 yil bo‘sag‘asida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushidagi o‘zgarishlar ko‘lamini tushunish uchun bir yil oldin sodir bo‘lgan voqealarni esga olish kerak. O‘shanda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya harakatlaridan keyin birinchi marta mamlakatni tark etdi. Vashingtonda u AQSh Kongressi ikkala palatasining yig‘ilishida g‘olibona nutq so‘zladi va Baxmutdan olib kelingan bayroqni topshirdi. Ko‘p o‘tmay, AQSh va Germaniya birinchi marta Kiyevni Ukraina Qurolli kuchlari qarshi hujumi uchun zamonaviy zirhli texnika bilan ta’minlash niyatida ekanini e’lon qildi.
Millionta snaryadsiz, lekin F-16 bilan
Bir yil o‘tgach, Baxmut Ukraina armiyasi tomonidan qo‘ldan chiqarildi, uning uchun kurash urush boshlanganidan beri eng uzoq va qonli jangga aylandi. Baxmut taqdiri, ehtimol, Donetskning yaxshi mustahkamlangan chekkasi - Avdiyivkada takrorlanadi. Ukraina Qurolli kuchlari qarshi hujumi umidlarni oqlamadi, bu kuzda Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy timsolida Ukraina qo‘mondonligi tomonidan tan olindi. Prezident Zelenskiy dekabr oyida AQShga yana tashrif buyurdi, ammo bu safar uning tashrifi xuddi yong‘in missiyasi xarakteriga ega bo‘ldi.
Ukraina rahbari Kongressda respublikachi qonun chiqaruvchilarni Kiyevga 61 milliard dollarlik yordam paketini blokdan chiqarishga ishontirishga urindi, biroq muvaffaqiyatga erisha olmadi. Vashingtondagi Atlantic Council tahlil markazi qoshidagi Yevrosiyo tadqiqotlari markazi direktori, AQShning Ukrainadagi sobiq elchisi Jon Xyorbst buning uchun «Respublikachilar partiyasining kichik bir qismini» aybladi, u Kiyevni qo‘llab-quvvatlash masalasini AQShga migratsiyani cheklash choralari bilan bog‘lab qo‘ydi. 2024 yil boshida «50 foizdan yuqori» ehtimollik bilan yechim topiladi, deydi sobiq diplomat DW «Geofactor» podkastida.
G‘arb endilikda Ukrainaga nafaqat yangi qurollarni va’da qilishni to‘xtatgan, balki va’da qilinganlarni yetkazib berish jadvalini ham buzmoqda. YeI 2024 yil martigacha Kiyevga 1 million dona o‘q-dorilarni topshirishga ulgurmasligini tan oldi. Umumiy tendensiyadan istisno bu - F-16 qiruvchi samolyotlari. Ukrainalik uchuvchilar o‘quv mashg‘ulotlarini yakunlamoqda, birinchi samolyot yaqin kelajakda Kiyevga topshirilishi mumkin. Ular Ukraina Qurolli kuchlari salohiyatini kuchaytiradi, deb ishoniladi, biroq ekspertlar endi bu qiruvchilar urushda katta burilish yasashini kutmayapti. Jon Xyorbst g‘arb davlatlarining Ukrainaga yuzlab qiruvchi samolyotlar kerak bo‘lganda, o‘nlab qiruvchilarni topshirish rejalarini «achchiq hazil» deb atadi. Xuddi shu narsa boshqa turdagi qurollarga ham tegishli.
G‘arb birdamligidagi yoriqlar
Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning «ultimatumi» hozircha ish bermadi, deb hisoblaydi tarixchi, Venadagi Markaziy Yevropa universiteti professori Aleksandr Etkind. U Zalujniyning The Economist jurnali noyabr sonidagi Ukrainada ham, xorijda ham rezonans keltirib chiqargan maqolasini shunday baholadi. Zalujniyning yozishicha, frontdagi vaziyat boshi berk ko‘chaga yaqinlashib qolgan va Ukraina Qurolli kuchlari uchun yangi turdagi qurollar yetkazib berilmasdan turib, muvaffaqiyatga erishish deyarli imkonsizdir.
Urush boshlanganidan keyingi ikkinchi yilda g‘arbning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi birinchi marta eng yuqori cho‘qqiga chiqdi. Ko‘plab yangi qurol tizimlari yetkazib berildi, ammo bu cheklangan miqdorda amalga oshirildi. Xyorbstning fikricha, buning ortida ikki asosiy o‘yinchi - AQSh va Germaniyaning «qo‘rqoqligi» yotibdi, ular, o‘zlari aytganidek, Rossiyaning Ukrainaga qarshi yadro qurolini qo‘llash tahdididan xavotirda.
2023 yilda g‘arbning Kiyev bilan birdamligi nafaqat prezidentlik saylovlari poygasi boshlangan AQShda yoriqlarni ko‘rsata boshladi. Yevropa Ittifoqida Sharqiy Yevropa bir qancha davlatlari Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importini zudlik bilan cheklab qo‘ydi va ularning ba’zilari Ukrainadan og‘ir yuk mashinalari uchun chegara o‘tish joylarini yopishga o‘tdi. Kiyev esa bunga tayyor emas edi. Yil oxirida muammo deyarli bartaraf etildi, ammo uning kuchayishi xavfi saqlanib qolmoqda.
Kiyev harbiy muvaffaqiyatlari: Moskvadagi dronlar va Qrimga hujumlar
Mutaxassislar Ukraina rahbariyati pozitsiyasidagi yoriqlarni eng xavotirli jihat deb hisoblamoqda, ammo Jon Xyorbst Vashingtondagi kelishmovchiliklarni uning uchun yanada xavfliroq deb o‘ylayapti. Muvaffaqiyatsiz qarshi hujum, o‘zini oqlamagan katta umidlar va Kiyevda g‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlash davom etishiga shubhalar fonida, kuzatuvchilarga ko‘ra, prezident Zelenskiy va bosh qo‘mondon Zalujniy o‘rtasida sezilarli keskinlik yuzaga kelgan. Bungacha Mudofaa vazirligidagi korrupsiyaga oid ayblovlar uning rahbari o‘zgarishiga olib kelgandi. 2024 yil boshida yangi vazir Rustem Umerov uchun asosiy sinov, aftidan, safarbarlik qoidalarini kengaytirish va kuchaytirish bo‘ladi.
Ukrainaning 2023 yildagi harbiy muvaffaqiyatlari, ekspertlar fikriga ko‘ra, Rossiya ichkarisidagi aerodromlarga hujumlar, Moskvaga dronlar hujumi, shuningdek, Qrimdagi harbiy nishonlarga hujumlar, Qora dengiz flotining zaiflashishi va don blokadasining buzilishi bo‘ldi. Ammo, yuqorida sanab o‘tilganlar frontdagi vaziyatni o‘zgartirmadi. Isroilning XAMASga qarshi urushi esa g‘arb e’tibori va resurslarini boshqa mojarolar bilan chalg‘itish mumkinligini ko‘rsatdi. Kuzatuvchilar Yevropa Ittifoqi yetakchilarining Ukraina YeIga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralarni boshlash qarorini yakunlanayotgan yil oxirida Kiyev uchun bir necha ijobiy holatlardan biri deb atamoqda. Ammo Vengriyaning salbiy pozitsiyasi tufayli Kiyevga u zudlik bilan muhtoj bo‘lgan 50 milliard yevrolik yordam ajratish masalasi ochiq qolayotgani buning soyasida qoldi.
Bunday yuk bilan, kuzatuvchilar taxmin qilishicha, 2024 yil Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi urushi davridagi eng og‘ir yil bo‘ladi. Ularning fikricha, urush Kiyev uchun Qrimdagi hodisalardan keyin boshlangan. Ukrainaning o‘zida ham, uni qo‘llab-quvvatlayotgan mamlakatlarda ham urushdan xalqning charchashi aniq ortib bormoqda. Tahlilchilar endi frontda muvaffaqiyatga erishilishini kutmayapti, Zelenskiyning reytingi ham pasayib bormoqda. 2023 yil dekabr oyida Kiyev xalqaro sotsiologiya instituti (KXSI) ukrainaliklarning prezidentga ishonchi 62 foizni tashkil etganini qayd etdi. Bir yil oldin bu ko‘rsatkich 86 foiz edi.
«Rossiya g‘olib chiqishi mumkin»
Mutaxassislar Kiyev uchun yangi yildagi asosiy xavfni AQShdagi prezidentlik saylovlari deb hisoblamoqda, uning natijasida yana respublikachi Donald Tramp yoki uning tarafdorlaridan biri Oq uy egasiga aylanishi mumkin. Bunday vaziyatda kuzatuvchilar AQShning Ukrainaga harbiy yordami tubdan qisqarishini kutmoqda. «Bu Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushidagi eng xavfli jihatdir», deb ogohlantirdi Jon Xyorbst. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerikaning Kiyevga yordamisiz «Rossiya g‘olib chiqishi mumkin».
Yevropa o‘z yordamini oshirishga tayyorlanmoqda, ammo u AQSh ulushini to‘liq o‘z zimmasiga olishi mumkin emas. Bu fonda Kiyevdagilar NATOning 2024 yil yozida Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan yubiley sammiti bo‘yicha umidlar haqida kamroq gapirmoqda. Ukrainani alyansga qabul qilish qarori uzoqroq istiqbolga aylanishi mumkin.
Mutaxassislarning qayd etishicha, 2024 yil eng yaxshi holatda pozitsion urush yiliga aylanishi mumkin, eng yomon vaziyatda esa - ichki mojarolar va g‘arbning kamayadigan ko‘magi Ukraina sharqi va janubidagi Xarkiv, Luhansk, Donetsk, Zaporijjya hamda Xerson viloyatlarida tobora ko‘proq hududlarning egallab olinishiga olib kelishi mumkin.
Harbiy harakatlarni muzlatish urushni to‘xtata olmaydimi?
G‘arbda vaqti-vaqti bilan ko‘rib chiqilayotgan holat - Rossiyaga hududiy imtiyozlar evaziga harbiy harakatlarni muzlatish mumkinmi? Urush ikkinchi yilining oxirida ko‘plab kuzatuvchilar hali ham bunday ssenariyni ehtimoldan yiroq deb bilyapti. «Rossiya muzlatishni emas, balki g‘alabani, Ukraina rahbariyatining siyosiy qulashini xohlaydi», deydi Aleksandr Etkind.
Kiyev va g‘arbdagi ba’zilar Rossiyaning o‘zida ham o‘zgarishlar bo‘lishiga umid qilmoqda, u yerda prezident Vladimir Putin 2024 yil martida yana bir muddatga saylanishni rejalashtirmoqda. Aleksandr Etkind Rossiya Birinchi jahon urushidagi Avstriya-Vengriya taqdirini takrorlashi mumkinligini istisno etmadi. «Ammo harbiy mag‘lubiyatsiz bu fikrlar xom-xayoldir», deb tushuntirdi tarixchi. U Kiyevda sulh tuzilib, hukumat almashgan taqdirda ham urush boshqa bosqichga o‘tishini, partizancha tus olishi mumkinligini, ammo butunlay to‘xtab qolmasligini prognoz qildi.
Mavzuga oid
21:07
Putin Ostonadagi chiqishida Zelenskiy ofisiga zarba berilishi mumkinligiga ishora qildi
20:50
Putin Trampni xavfsiz holatda emas deb hisoblamoqda
20:46
Rossiyada migrant o‘quvchilarning rus tilidan bilimlari sinovdan o‘tkazildi
18:30