O‘zbekiston | 16:29 / 29.12.2023
9455
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda avtobus boshqaruvi paytida sigaret chekkan haydovchi ishdan olindi

Toshkentda boshqaruv paytida sigaret chekkan 87-sonli avtobus haydovchisi ishdan olindi. «Toshshahartransxizmat» u korxonaning ichki mehnat tartibiga amal qilmaganini qayd etgan.

Foto: Videodan kadr

28 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda avtobus haydovchisi ish vaqtida tamaki mahsulotini iste’mol qilib ketayotgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan «Toshshahartransxizmat» munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, mazkur qoidabuzarlik «18-avtobus saroyi» filiali tasarrufidagi 87-sonli yo‘nalishda harakatlanuvchi Yutong avtobus haydovchisi I.A. tomonidan sodir etilgan.

Kompaniya avtobus saroylarida faoliyat olib borayotgan har bir haydovchiga korxonaning ichki mehnat tartibiga amal qilish, shuningdek, harakat vaqtida uyali aloqa telefonidan foydalanmaslik va tamaki mahsulotini iste’mol qilmaslik bo‘yicha yo‘riqnoma o‘tkazgan va ulardan talablarga rioya etishi yuzasidan kafolat xati olgan.

Ushbu kafolat xatiga asosida ichki tartib qoidalarni buzgani uchun haydovchiga nisbatan filial rahbariyati tomonidan qat’iy chora ko‘rilib, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

  • Avvalroq «Toshshahartransxizmat» rahbari avtobus haydovchilarining boshqaruv vaqtida mobil telefondan foydalanish holatlarini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan reydda ishtirok etgan va yetti nafar haydovchi ishdan bo‘shatilgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid