Jahon | 14:28 / 30.12.2023
14500
20 daqiqa o‘qiladi

AQSh, Xitoy, Rossiya va Yaqin Sharq. Geosiyosiy taranglik yili

Suhbatimizni New York Times'da yil yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan bir maqola bilan boshlamoqchiman, unda aytilishicha, kelasi 2024 yil Xalqaro maydonda hozirgidan ham ko‘proq muammolar yuzaga kelishi mumkin ekan. Bugungi suhbatimiz 2023 yil dunyodagi geosiyosiy jarayonlarga bag‘ishlanadi.

Shundoq ham 2023 yilning o‘zi bir tekisda o‘tmadi. Dastlab, boshlanganiga deyarli 2 yil bo‘layotgan Rossiya-Ukraina urushiga to‘xtalsak.

Ukraina mojarosi qay nuqtada, urushning oxiri ko‘rindimi?

Farhod Tolipov: — Urush oxiri ko‘rinayotgani yo‘q, lekin bir kun kelib tugaydi, albatta. Ammo vaziyat qanday bo‘ladi, yanada chigallashib ketmaydimi, degan tabiiy savollar tug‘iladi. Tahlilchilar tomonidan ham urush tugashi bo‘yicha aniq vaqt ko‘rsatilmayapti. Urushlar, mojarolar tugashi oldidan o‘z alomatlari bo‘ladi. Ammo bu urush tugashi bo‘yicha aniq mezonlar ham qo‘yish qiyin bo‘lyapti.

Bu urush qanday holda tugashi mumkin? Birinchisi, mag‘lub bo‘layotgan va g‘alaba qilayotgan tomon aniq bo‘lishi kerak. Ikkinchisi, mafkuraviy tomon, agar mafkurada kompromissga (murosaga kelish) yetaklovchi tamoyillar paydo bo‘lsa, shunda kelishuvlar bo‘lishi mumkin. Lekin hozirgi urushda mafkuraviy tomondan kompromissga borishga alomatlar paydo bo‘lgani yo‘q. Shu sababli hali urush davom etadi, menimcha. Agar AQSh va YeI Ukrainaga o‘tgan davrdagidek baland dinamikada yordam berishda davom etsa, Rossiya muzokaralarga borishi ham mumkin.

Kamoliddin Rabbimov: — Urush shunday nuqtaga keldiki, ikki tomon ham mutlaq tashabbusni qo‘liga ololmaydi. Rossiya Ukrainaning 15-20 foiz yerini bosib olib, qattiq o‘rnashib oldi. U yerlarni qaytarish uchun Ukrainaga katta hujum va eng zamonaviy qurollar kerak bo‘ladi. Ammo G‘arbiy Yevropadagi rezervlar ancha kamayib qoldi, AQSh esa bu yil saylov bilan ovora bo‘ladi, shu sababli Ukraina qaytadan tashabbusni qo‘lga olishi juda qiyin, qarshi hujum ham kutilgan natijani bermadi. Shuning uchun Kiyevda tushkun kayfiyat bor, Rossiya propagandasi esa ancha ko‘tarinki kayfiyatda. Lekin bu hali Rossiya g‘alabasini bildirmaydi.

Kamoliddin Rabbimov

Rossiya demokratik davlat emas, Putin yana qayta saylanadi, shuning uchun u kelayotgan saylovdan qo‘rqmaydi. Jamoatchilik fikri inobatga olinmaydi, Rossiya uzoq muddatli holsizlantiruvchi urushga tayyor. Agar u bosib olingan hududlarni qo‘ldan bermasa, siyosiy nuqtai nazardan g‘alaba qilgan bo‘ladi. Ukrainaga esa yerlarini qaytarib olishi uchun katta zamonaviy qurol-yarog‘ resursi kerak bo‘ladi, ammo buning bo‘lishi ehtimoli kam, afsuski.

Hamid Sodiq: — Geosiyosiy vaziyatlarga baho berishda yilning boshlanishi yo tugashi muhim emas. 2022 yilda boshlangan urush bu yil ham to‘xtamadi, keyingi yil ham to‘xtamasligi mumkin. Bunday katta miqdordagi harbiy texnikalar va harbiylarni o‘ziga tortgan urush fenomeni o‘z hayoti bilan yashayotganday ko‘rinadi. Qaysidir ma’noda urushning tugash-tugamasligi Rossiya, Ukraina va AQShga ham bog‘liq emas, ya’ni urush shunday organik jarayonki, o‘zining mantiqiy yakuni bo‘ladi, shuni kutishga to‘g‘ri keladi.

2023 yilda butun dunyo Ukrainaning qarshi hujumi va uning g‘alabasiga ishondi, Ukrainada emotsional bonuslar ham bor edi, chunki dunyo hamjamiyati u tarafda edi. Ammo yilning ikkinchi yarmida muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Bu Ukrainadagi korrupsion holat, siyosiy va harbiy elita o‘rtasidagi kelishmovchiliklar bilan bog‘liq masala bo‘ldi. Natijada Ukrainadagi siyosiy elita va fuqarolarda tushkunlik paydo bo‘ldi. Bu tomondan esa Putin tizimiga katta ko‘tarinkilik berdi, bu ko‘tarinkilikdan juda effektiv foydalanishyapti.

Bu bilan birga Putin tafakkuridagi kuch ishlatishga nisbatan qarashlar ham o‘zgarganini ko‘rish mumkin. Ya’ni boshqa davlatlarga qalamni, madaniyatni taklif qilyapti. Shaxsan men uchun bu qiziq bo‘ldi, kuch ishlatish o‘rniga turli madaniy yo‘llarni ham qidiryapti.

Yil davomida NATOning kengayishi va Rossiya bilan munosabatlari qanday shakllandi?

Farhod Tolipov: — Ancha ziddiyatli savol bu. Yil boshida NATO biz chekinmaymiz, Rossiyaga qarshi har qanday choralar ko‘riladi, Ukrainaga yordam to‘xtamaydi, dedi. NATO rahbariyati doirasida Rossiya egallagan hududlarni berib, urushni to‘xtatish kerak, degan fikrlar ham tarqaldi. Ammo NATO bosh kotibi bu gaplarni rad etdi, siyosiy o‘yinga ham o‘xshadi bu.

Farhod Tolipov

NATO hozir transformatsiya jarayonida deyish mumkin. O‘tgan yili yangi strategiya qabul qildi. Bu strategiyaga yangi global yondashuvlar kiritildi.

Rossiya va NATO o‘rtasidagi munosabatlarni muvofiqlashtiruvchi kengash ishlar edi. Urush sabab faoliyati to‘xtab qolgandi, ammo yuridik tarzda tugatilgani yo‘q. Shu kengashni NATO tugatmasligini bildirdi, ya’ni hali murosa qilinadi degan ma’noda Rossiyaga signal bo‘ldi bu. Shu kabi turli bayonotlar bilan NATO pozitsiyasi ziddiyatli bo‘ldi.

Kamoliddin Rabbimov: — 2023 yilda dunyo geosiyosatida bo‘lgan tendensiyalarni qisqartirib gapirsak. Birinchidan, dunyo davlatlarida kollektiv G‘arbdan qo‘rqish darajasi pasaydi yoki yo‘qoldi, global janub esa katta tezlikda rivojlanmoqda, ammo global janub yaxlit tashkilot yoki uyushma emas, ular o‘rtasidagi ziddiyatlar ham kuchli.

Sovet ittifoqi qulagandan keyingi davrni 3 ga bo‘lish mumkin: 1991 yildan 2000-2001 yilgacha dunyoda mutlaq qudrat AQSh bo‘ldi; 2001 yil 11 sentabrdan keyin dunyoda differensiatsiya boshlangandek bo‘ldi; keyingi davrda Afg‘onistonda AQShning mag‘lubiyati, Yaqin Sharqdagi vaziyat, Ukraina va Rossiya urushi — bular fonida kollektiv G‘arbdan qo‘rqish pasaydi, dunyo davlatlari urushdan qo‘rqmay qo‘ydi. Odamlar urushni me’yoriy voqelik sifatida qabul qilyapti, avvalgiday urush dahshati haqidagi psixologiya yo‘qoldi.

NATO ichkarisida inqiroz mavjud, chunki Turkiya, Vengriya bor. Qolaversa, dunyoda NATOga bo‘lgan ehtiyoj oshyapti, ammo uning ichida inqiroz ham bo‘lyapti. Umuman, dunyodagi vaziyat tushuntirish qiyin bo‘lgan darajada murakkablashib bormoqda.

Hamid Sodiq: — Dunyo NATO borasida kontrastni ko‘rdi, ya’ni agressor Rossiya va agressor Isroilga munosabatida. Bu urushlar bir vaqtda bo‘lgani uchun dunyo ijtimoiy tafakkurida jiddiy chaqnashni yuzaga keltirdi. Ya’ni masalan, Putin bolalarni Rossiyaga olib ketgani uchun unga jinoiy ish qo‘zg‘atildi, ammo G‘azodagi bolalar o‘ldirilgani uchun hali hech qanday ayblov qo‘yilmadi. Ikki standartni ko‘rish mumkin. Shu omillar sababli butun dunyo bunga e’tiroz bilan qaray boshladi, bu esa global janub tushunchasini vujudga keltirdi.

Shavkat Ikromov: — AQSh prezidenti chiqishlaridan birida insoniyat tarixiy burilish pallasida turibdi, degandi. Insonlar yaqin-yaqingacha ishonib kelgan xavfsizlik tizimlari barbod bo‘ldi va katta ishonchsizlik shakllandi. G‘arb, NATO, global janub, Rossiya tushunchalarini muhokama qilar ekanmiz, xuddi 90-yillargacha bo‘lgan sovuq urush haqida gaplashayotgandekmiz.

Rossiya va Ukraina urushida qanday natija bo‘lishdan qat’i nazar, yana xalqaro huquqqa qaytish, qayta tiklash masalasi turibdi. Agar xalqaro huquq tiklanmasa, BMT o‘z vazifalarini bajarmasa, kelajakda urushlar oddiy hol bo‘lishi haqidagi gaplar haqiqatga aylanadi, katta davlatlar bemalol kichik davlatlarni bosib oladi.

2023 yil Markaziy Osiyo tashqi siyosatida qanday voqealar bilan yakunlanmoqda va Markaziy Osiyo davlatlari 2024 yilga qanday chaqiriqlar bilan kirib kelyapti?

Farhod Tolipov: — Bu yil Markaziy Osiyo uchun ham sinovli yil bo‘ldi. Sentyabr oyida 5-maslahatlashuv uchrashuvi bo‘ldi. Bu uchrashuvdan ko‘p narsa kutilgan edi, ko‘p fikrlar, takliflar bildirildi. Ammo shaxsan o‘zim kutganimdek katta natijalar bo‘lmadi. To‘g‘ri, bayonot hujjati ko‘rinishida yaxshi tashabbuslar ham ilgari surildi. Maslahatlashuv kengashining koordinatorlar kengashi tuzilishi aytildi, buni integratsiya va institutsionallashuvga qadam deb qabul qildik. Prezidentlar yilda bir marta maslahatlashuv kengashi o‘tkazsa, koordinatorlar doimiy ishlaydi. Ammo 3 oy o‘tdi hamki koordinatorlar kengashi tuzilgani haqida ma’lumot yo‘q. Qarorlar, bayonotlar chiroyli va jozibali, ammo amalda dadil qadamlar bo‘lmayapti, Markaziy Osiyoda integratsiya sekinlashyapti, buni tezlashtirish kerak. Chunki boshqa shu kabi, bundan ham imkoniyati past bo‘lgan tuzilma, tashkilotlar o‘zib ketyapti bizdan. Hatto Xitoy tomoni C5+1 shaklini doimiy kengashga aylantirish taklifini berdi, shuning uchun Markaziy Osiyo integratsiyasini tezlashtirish kerak.

Shavkat Ikromov: — Rostdan ham biz negadir Markaziy Osiyo integratsiyasi masalasida juda bemalol harakat qilyapmiz. Lekin tashqaridan C5+1 formatidagi uchrashuvlar, kengashlar tashkil etilyapti, ya’ni ular allaqachon bizni yaxlit mintaqa sifatida ko‘rishadi. Ammo o‘zimiz bu yaxlitlikka shoshilmayapmiz. 5 marta maslahatlashuv kengashi bo‘lgani bilan hali u qadar integratsiyaga katta ta’sir qiluvchi natija yo‘q. Birinchi-ikkinchi kengashlarda keyinchalik tashkilot darajasiga chiqar deb o‘ylagandik, ammo bu ham bo‘lganicha yo‘q. Atrofimizdagi geosiyosiy maydonda tahlikali vaziyat hukmron, eshigimizgacha kelib turibdi, ammo biz Markaziy Osiyo integratsiyasiga shoshilmayapmiz.

Shavkat Ikromov

Hamid Sodiq: — Markaziy Osiyo uchun 2023 yilni 2022 yil bilan taqqoslash kerak, menimcha. 2022 yil Markaziy Osiyo uchun taxlikali bo‘ldi, yil boshlanishi bilan Qozog‘istondagi Qantar voqeasi, O‘zbekistondagi Nukus voqealari, Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi suv masalasidagi konflikt, Qo‘shtepa masalasi. 2023 yilda esa bunday beqarorliklar bo‘lmadi, ammo institutsionallashuvga harakat ham bo‘lmadi. Avtoritar davlatlar institutsionallashuvga harakat qilmaydi, chunki institutsionallashuv tizimli suverenitetsizlashish degani hamdir. Ya’ni ma’lum bir davlatlar atrofida institutsionallashuv o‘zining suveren huquqlarini yuqori turuvchi tashkilotga beradi. O‘z davlatida komfort hudud yaratgan rahbarlar o‘z suveren huquqlarini boshqa tashkilotga berishni istamaydi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida yaqinlashish bor, chunki siyosiy tuzumlar yumshagan bu davlatlarda. Qozog‘iston Rossiya tomonidan tashqi bosimga ko‘proq uchrayotgani uchun unda birlashishga ehtiyoj bor. Markaziy Osiyoning tarixiy markazi bo‘lgan, aholi eng ko‘p yashaydigan O‘zbekistonga ham Moskvaning bosimlari bor, shu sababli O‘zbekiston va Qozog‘iston yaqinlashib bormoqda. Bu yerda fundamental va iqtisodiy faktorlar ham bor, albatta. Ammo Markaziy Osiyo davlatlarida fuqarolik va vatandoshlik jamiyati ancha sust, shu ham integratsiyaga bir to‘siq.

Kamoliddin Rabbimov: — Possovet hududida urush davom etyapti, Rossiyaning imperiyachilik kayfiyati kuchaygan, Prilepin O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid qildi. Mintaqadagi suv muammosi, ekologik muammolar ham joyida turibdi.

Institutsionallashuv haqida gapirsak. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari uchrashib, fikr almashib turibdi. Ammo bu davlatlar o‘rtasida mustaqil ishlaydigan birorta xalqaro institut mavjud emas. Masalan, YeIda Yevropa parlamenti, Yevropa kengashi, Yevropa komissiyasi bor, Markaziy Osiyoda esa bunday narsalar mavjud emas. Hukumatga yaqin bo‘lgan bir ekspert bir fikrni aytib qoldi. Agar Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahatlashuv kengashini biror tashkilotga aylantirsak, Rossiya shu zahoti bu tashkilotga kiraman deb ariza beradi va qanday yo‘q deb javob berishni bilmay qolamiz. Shuning uchun maslahat kengashi formatida ushlab turibmiz, degan fikrlarni aytdi. Rossiyaga yo‘q deyishga qo‘rqqanimiz uchun ham integratsiya to‘xtab turibdi. Qudratli davlatlarning qosh-qovog‘iga qarash darajasi yuqori, afsuski.

AQSh-Xitoy munosabatlari yil yakuniga kelib qay nuqtada?

Farhod Tolipov: — O‘ylashimcha, bu ikki davlatning hozirgi munosabatlarini me’yoriy deb baholayman. AQSh va Xitoy munosabatlari oddiy munosabat emas harholda, global miqyosda katta davlatlar. Shu nuqtai nazardan ular katta davlatlarga xos harakat qiladi va tabiiyki, bir-biriga raqobatchi bo‘ladi, busiz bo‘lmaydi. Savdo urushlari qachondir keskinlashadi, qachondir pasayadi. Qolaversa, bu 2 davlat o‘rtasidagi keskinlik ma’lum bir «qizil chiziq»dan o‘tib ketsa, butun dunyoga katta tahdid bo‘lishini ikki tomon ham yaxshi anglaydi. Xitoy va AQSh rahbarlari tomonidan ham, bayonotlarda ham sekin-sekin bundan bu yog‘ida dunyo tartiboti ko‘proq shu ikki davlatga bog‘liq bo‘lishi jamoatchilikka uqtirilmoqda.

Kamoliddin Rabbimov: — AQSh va Xitoy munosabatlari dunyo siyosatidagi eng katta intrigani yuzaga keltirgan. Xitoy katta tezlikda iqtisodiy o‘sdi va shunga muvofiq tarzda geosiyosiy ambitsiya paydo bo‘ldi. Si Jinping davrida Xitoy tashqi siyosatda o‘zining alohida pozitsiyasi borligini ko‘rsatmoqda. Xavfsizlik kengashida ham AQSh loyihalariga bemalol veto qo‘yadigan holatga keldi, oldin unday emasdi. Yaqin 10 yillikda AQSh va Xitoy o‘rtasida haqiqiy urush bo‘lishi mumkin, degan tafakkur ham shakllanyapti.

AQSh siyosiy mutafakkirlarida Xitoy iqtisodiy o‘sgach, u yerda o‘rta sinf shakllanib, sekin-sekin demokratiyaga o‘tadi va demokratik Xitoy G‘arbning yaqin ittifoqchisiga aylanadi, degan fikr bor edi. Ammo bu tahlil o‘zini oqlamadi. Xitoy tashqi siyosatda avtoritar tuzumlarni qo‘llayapti, demokratiyani tahdid deb bilyapti, ichki siyosatda etnik kamchilik bo‘lgan millatlarni bostiryapti.

Putin bilan uchrashuvida 2 marta Markaziy Osiyoda rangli inqiloblarni o‘zimiz uchun tahdid deb bilamiz, dedi. Ya’ni rangli inqilob xalqning o‘zining ichki kayfiyati degan fikrdan yiroqda ular. Shu sababli kelajakda AQSh bilan real harbiy to‘qnashuv ehtimoli katta, shundoq ham hozir gibrid urush ketyapti. Bayden Trampning ko‘p qarorlarini bekor qildi, ammo Xitoyga nisbatan qarorlarini bekor qilmadi. Ukraina va Yaqin Sharqdagi vaziyat tinchigach, asosiy fokus Xitoyga qaratilishi mumkin, degan fikr kuchli.

Hamid Sodiq: — Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari ham hal qiluvchi janglargacha ma’lum bir «raund»lardan o‘tgan. Mana shu narsani hozir ko‘ryapmiz, Qorabog‘ urushi, Ukraina urushi, Yaqin Sharqdagi urush, Venesuela Gayanani bosib olmoqchi, yana boshqa kichik urushlar. Katta final jangini kutayotgandek dunyo. 2024 yil bu rejalashtirish, kimning kim tomonda ekanini aniqlash, investitsiya va resurslarni yo‘naltirish kabilarni hisob-kitob qilish yili bo‘ladi, menimcha. 2025 yildan esa jiddiy geosiyosiy faollik boshlansa kerak.

Hamid Sodiq

Shavkat Ikromov: — Xitoy Ukrainadagi urush fonida vaziyatni mamnuniyat bilan kuzatmoqda, chunki kollektiv G‘arb qanchalik ko‘p moliyaviy va resurs yo‘qotishlariga duch kelsa, Xitoy uchun shuncha yaxshi bo‘ladi AQSh bilan to‘qnashuvda. Shu ma’noda Yaqin Sharqda ham Falastinni qo‘llayapti.

Falastin-Isroil muammosi bugun qay bosqichda, urushning oxiri bormi?

Shavkat Ikromov: — Netanyahuningg o‘zi aytgandek, hozir bu urush faol bosqichda. Bilamizki Isroil G‘azoda 3 ta vazifani oldiga qo‘ygan: HAMASni tugatish, G‘azoda demilitarizatsiya jarayonlarini amalga oshirish va Falastin aholisi orasida deradikalizatsiya jarayonlarini o‘tkazish.

Urush boshlangan beri Netanyahu bayonotlari tez o‘zgaryapti. Isroilda urush uchun asosiy maqsad bo‘lmagan boshidan, faqat HAMASni yo‘q qilish va asirlarni ozod etishni kengroq bayon qilgan. G‘azoni butkul vayron qilib, sanoqsiz odamlarni o‘ldirdi, lekin HAMASni yo‘q qilolgani yo‘q. G‘azoni to‘liq egallagani ham yo‘q hali, urush davom etyapti. G‘arb va arab davlatlari ekspertlari fikricha, urush yana davom etadi, lekin hozirgiday shiddatli bo‘lmaydi. Chunki Isroil hukumati tushundiki, HAMAS rahbarlarini yo‘q qilolmaydi, yo‘q qilsa ham, ularning o‘rinbosarlari bor. Agar rostdan ham HAMAS rahbarlarini yo‘q qilmoqchi bo‘lsa, maqsadli urush olib borishi kerak, hozirgiday qirg‘in va vayronagarchilik emas. Bu narsani kollektiv G‘arb va AQSh ham talab qilyapti. Isroil G‘arbning talablarini bajargani uchun qattiq tanqidga uchramoqda. Bu esa Isroilni qo‘llash pasayishi mumkinligini anglatadi. Lekin Netanyahu hukumati o‘z maqsadidan voz kecholmaydi. Hozir Isroil xalqi ham ikkiga bo‘lingan, bir tomon Netanyahuni qoralaydi hokimiyatdan ketishini istaydi, bir tomoni esa uni qo‘llaydi. Isroilning o‘zida xavfsizlik institutlariga nisbatan ishonch so‘ngan. Agar Netanyahu urushni to‘xtatib, muzokaralar qilishni bildirsa, bu so‘nish davom etadi, Isroil harbiy qudratiga ishonch qolmaydi o‘z xalqida ham. Umuman, urush 2024 yilda ham davom etadi, HAMASning ham hali irodasi bor urush uchun. Isroil qo‘li baland kelayotgandek, ammo hali HAMAS urushni davom ettiradi.

Farhod Tolipov: — Urush boshlanishi, qo‘yilgan maqsadlar 2 tomondan ham strategik xato bo‘ldi deb o‘ylayman. Chunki HAMASni yo‘q qilish imkonsiz masala, radikalizmni ham yo‘q qilib bo‘lmaydi, chuqur tarixiy ildizga ega bu, shu o‘rinda Isroilni ham yo‘q qilib bo‘lmaydi.

2024 yilda Falastinga davlat maqomi berilishi masalasi ko‘tarilmoqda dunyo hamjamiyati tomonidan, buni O‘zbekiston tomoni ham ta’kidladi. Shundagina tinchlik o‘rnatilishiga umid bog‘lashimiz mumkin.

2024 yil dunyodagi qaynoq nuqtalarda ham tinchlikka erishish va Global hamjamiyat, ziddiyatli masalalarda o‘zaro konsensusga erishish davri bo‘lishiga umid qilamiz.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid