Zalujniy Rossiyaning Ukrainaga zarbasi tafsilotlarini ma’lum qildi
Zarba davomida Rossiya Ukraina hududiga 36 ta Shahed droni va 122 ta turli turdagi raketalarni uchirdi, dedi Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni. Raketalarni uchirish uchun Tu-95MS, Tu-22M3 bombardimonchi samolyotlari hamda MiG-31K va Su-35 qiruvchi samolyotlaridan foydalanilgan.
29 dekabrga o‘tar kechasi Ukrainaga qilingan hujum chog‘ida Rossiya qo‘shinlari 158 ta havo hujumi qurolidan, jumladan, 36 ta Shahed-136/131 hujumkor uchuvchisiz uchog‘i va 122 ta turli raketalardan foydalangan. Bu haqda 29 dekabr, juma kuni Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy Telegram’da xabar berdi. Zalujniyning so‘zlariga ko‘ra, ukrainaliklar 27 ta dron va 87 ta qanotli raketani urib tushirishga muvaffaq bo‘lgan.
Rossiya Federatsiyasida bugun ertalabki kabi yirik raketa hujumlarini takrorlash uchun yetarlicha raketa zaxirasi bor, dedi mudofaa vaziri Rustem Umerov. «Shubhasiz, davlatda mavjud bo‘lgan bunday raketa zaxiralari bilan ular bunday hujumlarni davom ettirishi mumkin va davom ettiradi», — deb yozdi u Facebook’da.
Rossiyaliklar birinchi navbatda shimoliy va janubi-sharqiy yo‘nalishlardan «shahedlar»ni uchirdi, keyin esa g‘arbiy yo‘nalishda harakat qilishdi. Taxminan tungi soat 3 da, deb xabar qildi Zalujniy, Rossiyaning 18 ta Tu-95MS bombardimonchi samolyoti osmonga ko‘tarilib, ertalab soat 6 da uchirish chizig‘iga yetib keldi. Ular kamida 90 ta X-101/X-555/X-55 qanotli raketalarini uchirdi.
Hujum natijasida, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 18 kishi halok bo‘lgan, yana 132 kishi yaralangan.
Raketa zarbasi Rossiyaga 1,273 milliard dollarga tushdi
Taxminan ertalab soat 5 da rossiyaliklar Kursk viloyatidan uzoq masofaga uchuvchi Tu-22M3 bombardimonchi samolyotlaridan foydalana boshladi, ular Ukrainaning shimoliy va markaziy hududlari yo‘nalishi bo‘yicha sakkizta X-22/X-32 qanotli raketalarini uchirdi.
Erta tongda Rossiya S-300 boshqariluvchi zenit raketalari bilan Xarkivga ham hujum qildi. Qrim, Kursk va Belgorod viloyatlaridan kamida 14 ta S-300/S-400/Iskander-M raketalari uchirildi.
Ertalab soat yetti yarimda Rossiyaning beshta MiG-31K qiruvchisi havoga ko‘tarildi va Astraxan viloyatidan beshta X-47M2 «Kinjal» aeroballistik raketalarini uchirdi. Bundan tashqari, Su-35 taktik aviatsiya samolyotlaridan to‘rtta X-31P va bitta X-59 radiolokatsion raketalari uchirildi. «Suspilne» telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, faqat uchirilgan raketalar va uchuvchisiz uchoqlar narxini hisobga olgan holda, Rossiya joriy hujumga 1,273 milliard dollar sarflagan.
Mavzuga oid
20:50
Putin Trampni xavfsiz holatda emas deb hisoblamoqda
20:46
Rossiyada migrant o‘quvchilarning rus tilidan bilimlari sinovdan o‘tkazildi
17:03
Putin Qozog‘istonga kelib, To‘qayev bilan uchrashdi – asosiy kelishuvlar haqida
20:08 / 27.11.2024