Sport | 12:22 / 02.01.2024
21755
9 daqiqa o‘qiladi

«Liverpul» va «Nyukasl» yilning ilk o‘yinida triller namoyish etdi

«Arsenal» ketma-ket mag‘lubiyatlardan keyin birinchi o‘rindan to‘rtinchi o‘ringa quladi, Jota va Saloh mersisaydliklarni APLda yakkapeshqadamga aylantirdi.

APLda yilning ilk o‘yini «Liverpul»ning yorqin g‘alabasi bilan yakunlandi.

«Liverpul» – «Nyukasl» 4:2 (0:0, 4:2)
Gollar:
1:0 – 49 Saloh, 1:1 – 54 Isak, 2:1 – 74 Jons, 3:1 – 78 Gakpo, 3:2 – 81 Botman, 4:2 – 86, penalti Saloh.
«Liverpul» – Alisson, Aleksander-Arnold, van Deyk, Konate, Gomes, Endo (Mak Allister, 75), Soboslai (Gravenberh, 64), Jons, Saloh, Dias (Diogu Jota, 64), Nunes (Gakpo, 64).
«Nyukasl» – Dubravka, Livramento, Sher, Botman, Bern (Holl, 82), Bruno Gimaraes, Longstaff, Mayli (Almiron, 54), Joelinton (Lassels, 82), Gordon, Isak.
Ogohlantirishlar: Bruno Gimaraes (28), Dias (45), Mayli (45), Aleksander-Arnold (45), Endo (65), Joelinton (66), Dubravka (84), Longstaff (89).

APLda bu safargi Boxing Day amalda «Arsenal» muxlislaridan boshqa barcha uchun «Sovg‘alar kuni»ga aylandi. Holbuki «kanonirlar» muxlislari «Enfild»da «Liverpul» bilan strategik durangga (1:1) erishganidan keyin Mikel Arteta jamoasi mavsumning asosiy favoriti maqomini tasdiqlaganiga ishonayotgandi.

Ammo londonliklar uchun reallik o‘ta beshafqat bo‘lib chiqdi. «Arsenal» uch kun oralig‘ida qatorasiga ikki derbini boy berdi. Avvaliga — uyda «Vest Hem»ga yutqazildi, bu jamoa «Emireyts»da 2015 yil avgustidan buyon bitta ham ochko olmagandi. Keyin safarda — «Fulhem»ga, bu jamoa «kanonirlar»ni 12 yil mobaynida mag‘lub eta olmagandi. Natijada — birinchi o‘rindan to‘rtinchi o‘ringa qulash va raqobatchilar uchun haqiqiy bayram.

Unai Emeri boshqaruvida barqaror o‘yin namoyish etayotgan «Aston Villa» va odatda mavsum o‘rtalaridan kuchayishni boshlaydigan hamda zaxirasida bitta o‘yini bor bo‘lgan «Manchester Siti» oldinga o‘tib ketdi. Eng ko‘p foyda esa «Liverpul»ga bo‘ldi. Birinchi davra finishidan oldinroq — «Arsenal» hali yutqazmaganida — Yurgen Klopp o‘z jamoasi londonliklardan atigi ochkoga ortda qolib ketishi mumkinligini taxmin qilgandi. Amalda esa mersisaydliklar yangi yilni birinchi o‘rinda qarshi oldi va boshqa raqiblarining natijalaridan qat’i nazar yakkapeshqadamlikni saqlab qoladigan bo‘ldi.

Klopp esa bunga urg‘u qaratmayapti. Yilning birinchi o‘yini arafasida nemis mutaxassisi global masalalarni muhokama qildi. Mavsumning birinchi qismida bajarilgan ishlarni e’tirof etdi, mavsumning ikkinchi qismida qattiq mehnat qilishiga to‘g‘ri kelishini ta’kidladi va albatta «Nyukasl»dagi hamkasbi Eddi Hauni maqtab, o‘yini yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bu jamoani taslim etish qiyinligini qayd etdi.

Lekin bu so‘zlar — ideal holatdagi «qarg‘alar» jamoasiga mos keladi, ularning hozirgi formasiga emas. Jamoa hamon o‘z o‘yiniga ega, ammo jarohatlar haddan tashqari ko‘pligi o‘yin sifatiga ta’sir ko‘rsatmay qolmayapti. Oqibatda — so‘nggi yetti rasmiy o‘yindan oltitasida mag‘lub bo‘lindi, Chempionlar ligasi va liga kubogidan chiqib kelindi, qolaversa jamoa milliy birinchilikda yevrokuboklarga yo‘llanma beruvchi o‘rinlardan ancha ortda qolib, kamtargina to‘qqizinchi o‘rindan joy olgan. Shunday ekan, dushanba oqshomida «Nyukasl» ikkinchi raqam ostida harakatlanishini taxmin qilish qiyin emasdi.

Amalda esa mehmonlar Kloppning barcha komplimentlarini oqlashdi. Jamoa hujumda faol bo‘ldi va Den Byornning goli hujum boshlanishida Isak mikroskopik ofsaydda qolib ketgani tufayli bekor qilindi. Ularni sindirish chindan ham qiyin kechdi, ammo bunda boshqa omillar ham bor edi. Birinchidan, «Liverpul» futbolchilari haddan tashqari saxiylik qilishdi. Ikkinchidan, Dubravka fenomenal o‘yin namoyish etdi.

Yaqqol vaziyatlarni ko‘kka sovurish bo‘yicha APLda chempion sanalgan Nunes slovakiyalikka darvozabon maydonchasidan zarba berib ham, yaqqol yakkama-yakka vaziyatga chiqib borganida ham gol ura olmadi.

Saloh esa Dias ishlagan penaltini golga aylantira olmadi, qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Aleksandr-Arnold to‘pni tribunalar tomonga qarata tepdi, undan oldinroq Diasning goli Nunes ofsaydda qolgani tufayli bekor qilingandi.

Va bular — birinchi bo‘limdagi faqat eng yaqqol golli vaziyatlar edi, bo‘lim yakunlariga ko‘ra «Liverpul» zarba berish bo‘yicha mavsum rekordini qayd etdi (18:1, 5:0 — darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar soni), tabloda esa nollar o‘zgarmay qoldi. Bu 18 zarbadan biri umuman kosmik vaziyat edi. Trent o‘ta o‘tkir burchakdan turib uzoq burchakni nishonga oldi, agar bu to‘p darvozaga kirganida hozirdan yil goli maqomini olgan bo‘lardi.

Nima bo‘lganda ham 1 yanvar kuni paradoksal bo‘la oldi va bular hali hammasi emasdi. Garchi ikkinchi bo‘lim boshida barchasi o‘z joyiga tushayotgandek ko‘ringan bo‘lsa-da. Saloh baribir yilning birinchi golini urishga erishdi — u Dias va Nunesning ajoyib kombinatsiyasidan keyin bo‘sh darvoza qarshisiga chiqarildi. Misrlik futbolchi uchun bu «Liverpul» safida Angliya chempionatida urilgan 150-gol bo‘ldi. Turnir APL deb atalishi boshlanganidan buyon (1992/1993 yillar mavsumidan buyon), bunday natijaga faqat to‘rt futbolchi — Anri «Arsenal»da, Runi «MYu»da, Aguero «Siti»da va Keyn «Tottenhem»da erishgandi.

Ammo qizillar uchun bu gol uchun 22 urinish talab etilgan bo‘lsa, «Nyukasl»ga u qadar yaqqol bo‘lmagan vaziyat yetarli bo‘ldi va darvoza sohasi tomon aniq borgan ilk zarba golga aylandi. Kimgadir bu adolatsizlikdek tuyulishi mumkin, ammo bu vaziyat himoyachilardan qochib ketib nozik pas bergan Gordon va o‘z vaziyatidan mohirlik bilan foydalangan Isak manziliga yo‘llanadigan olqishlarni bekor qila olmaydi. Shu goldan keyin maydonda yanada qiziqarli voqealar boshlandi.

Avvaliga — «Liverpul» futbolchilari yana qator vaziyatlarni yo‘qqa chiqarishdi. Keyin esa Kloppning sehrli tayoqchasi va o‘yin oxiri qiroli Diogu Jota maydonga tushib keldi. Murabbiy ushbu portugaliyalik futbolchisini o‘zgacha deb hisoblaydi va uning o‘yinni tushunish qobiliyati unikal ekanini aytadi. Bir oy o‘ynay olmagan Jota 29 dekabr kuni maydonga qaytishini «Byornli» darvozasiga gol urish bilan nishonlagandi, «Nyukasl» bilan o‘yinda esa g‘alabaning muhim omiliga aylandi.

Keyin esa bir necha daqiqa oralig‘ida Jons va Gakpo bittadan gol urishdi. Bu gollar ham Salohnikiga o‘xshash chiqdi. «Liverpul» futbolchilari darvozabon maydonchasi markazidan turib to‘pga teginishi kifoya qildi, bunday vaziyatlardan gol ura olmaslikning o‘zi qiyin (faqat Nunesga oson).

81-daqiqada esa «Nyukasl» Botmanning goli bilan o‘yinga qaytayotgandek ko‘ringandi, ammo «Liverpul» baribir raqibni taslim etdi. Jota darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi va darvozabonni o‘ziga fol ishlatishga majbur qildi. Birinchi bo‘limdagidan farqli o‘laroq Saloh bu safar 11 metrdan aniq zarba berdi. Natijada forvard to‘purarlar poygasida Holandga yetib oldi (14 gol), qolaversa «gol+pas» tizimi bo‘yicha APLda yetakchilikni mustahkamladi – 25 (16+9) ball.

Endi Saloh xotirjam Afrika Kubogiga yo‘l olishi mumkin, Klopp esa bunday formadagi Jota bilan uning yo‘qligidan qayg‘urmasa ham bo‘ladi.

xG Philosophy ma’lumotiga ko‘ra, «Liverpul» bu o‘yinga kutilgan gollar bo‘yicha 7,53 natijasini qayd etdi. Bu oldin mutlaqo kuzatilmagan ko‘rsatkichdir.

Mavzuga oid