O‘zbekiston | 10:11 / 04.01.2024
7232
2 daqiqa o‘qiladi

Migratsiya agentligi Qozog‘istonda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ogohlantirish bilan chiqdi

Qozog‘iston Respublikasida bo‘lib turgan va tranzit yo‘nalishida harakatlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari ob-havo sharoiti to‘g‘risida ogohlantirildi.

Foto: Migratsiya agentligi

So‘nggi kunlarda Qozog‘iston Respublikasining hududlarida ob-havoning keskin sovishi natijasida yo‘llarda harakatlanish bilan bog‘liq qator noqulayliklar yuzaga kelmoqda.

Migratsiya agentligi xabariga ko‘ra, yaqin haftalar davomida ham sovuq havo harorati saqlanib qolishi sababli respublika darajasidagi avtoyo‘llarda harakatlanish cheklangan.

Shu munosabat bilan, ushbu davlatda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolaridan yo‘llarda harakatlanishda barcha xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish, xavfsiz transport vositalaridan foydalanish, zarurat bo‘lmaganda uzoq masofali yo‘llarda transport vositalarida harakatlanmaslik so‘ralgan.

Avvalroq Qozog‘istonning 6 ta oblastida noqulay ob-havo sharoiti sabab respublika ahamiyatiga ega 15 ta avtomobil yo‘lida transport vositalari harakati cheklangandi.

«KazAvtoJol» noqulay ob-havo sharoiti tufayli qanday trassalar yopilgani haqida ma’lumot bergan. Ular: Oqmola oblasti – 5 uchastka; Jambil oblasti – 1 uchastka; Jyetisau oblasti – 1 uchastka; Qarag‘anda oblasti – 6 uchastka; Pavlodar oblasti – 1 uchastka; Ulitau oblasti – 1 uchastka.

Mavzuga oid