BRIKS ichidagi eng katta ziddiyat nima? Putin nimaga erishmoqchi?
2009 yilda tuzilgan BRIKS bugun dunyoda g‘arbdan mustaqil bo‘lgan eng yirik geosiyosiy va geoiqtisodiy birlashma sifatida shakllanmoqda. BRIKSning maqsadi – kollektiv g‘arbga nisbatan muqobil geoiqtisodiy va geosiyosiy qutb yaratish, AQSh va uning ittifoqchilari ta’siridan chiqish, dollar gegemonligidan qutulish, dunyoda yangi tartibot o‘rnatishdir.
BRIKS (BRICS) – bu unga a’zo besh davlatning bosh harflari yig‘indisi hisoblanadi. Bu Braziliya, Rossiya Federatsiyasi, Hindiston, Xitoy Xalq Respublikasi hamda Janubiy Afrika Respublikasidir.
2009 yilda tuzilgan BRIKS 2024 yilning yanvar oyidan yana 5 ta yangi a’zo bilan, kengaydi. Yangi a’zolar – Saudiya Arabistoni, Misr Arab Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari, Efiopiya va Eron Islom Respublikalaridir. Avvaliga bu ro‘yxatda ham bo‘lishiga kelishilgan edi, lekin mamlakatning yangi prezidenti Xaver Miley BRIKSga kirish niyatidan voz kechdi, u AQSh bilan yaqinlashish niyatida.
Kremlga yaqin siyosatchilar, ekspertlar BRIKSni “g‘arbdan mustaqil yoki g‘arbga qarshi dunyo aksariyatining eng yirik timsoli” deyishadi. Dunyoning boshqa maslakatlarida esa, “dunyo aksariyati” (mirovoye bolshinstvo) degan atama emas, ko‘proq “global janub” degan atamani ishlatishadi. Mohiyatan “dunyo aksariyati” (ya’ni g‘arbga kirmagan va uning hokimiyatidan norozi bo‘lgan ko‘pchilik davlatlar va xalqlar) va “global janub” – bitta tushuncha.
Global janub – bu asosan janubda joylashgan, lekin geosiyosiy jihatdan Rossiya kabi shimol davlati va sharqiy hisoblanmish Xitoy Xalq Respublikasi ham kiruvchi, arab davlatlari, Osiyo va Afrika davlatlari, Eron va hatto Turkiyani ham nazarda tutuvchi geosiyosiy konstruksiya.
Bugun “global janub”ning eng qudratli liderlari, bular – XXR va RF. Bu davlatlarning pirovard maqsadi – dunyo qudratini o‘zgartirish, AQSh salohiyatini pasaytirish va imkon bo‘lsa, demontaj qilish hamda o‘zlarining o‘yin qoidalarini yangi tartibot sifatida o‘rnatishdir.
Shu yanvarda nafaqat yangi besh davlat BRIKSga ya’zo bo‘ldi, balki tashkilotga raislik RFga o‘tdi. Bugun rossiyalik siyosatchilar va ekspertlar Rossiyaning BRIKS yo‘nalishidagi eng asosiy vazifasi – ushbu tashkilot ichidagi ziddiyatni bartaraf qilish demoqda. Qanday ziddiyat?
BRIKS ichidagi eng katta geosiyosiy ziddiyat – bu uning Xitoy va Hindiston o‘rtasida shakllangan ashaddiy raqobat, vaqti-vaqti bilan, dushmanlik kayfiyatidir. Hindiston o‘zida Xitoyga qarshi muxolifat ko‘radi. Hindiston, mana ko‘p o‘n yilliklarki, Xitoyga qarshi qurollanib, siyosiy faoliyat olib boradi. 3400 kilometrlik hind-xitoy chegarasining taxminan 65 foiz qismini ikki tomon ham tan olmaydi, ya’ni umumiy chegaraning katta qismi bahsli hisoblanadi.
Hindiston Xitoyga qarshi jiddiy qurollanib, boshqa davlatlar bilan harbiy-o‘quv mashqlarini o‘tkazib keladi. Xitoyga qarshi faoliyat olib boradigan ko‘plab separatchi guruhlar, jumladan, “quvg‘indagi Tibet hukumati” ham Hindistonda o‘tiradi.
Xitoy ham Hindistonni o‘zi uchun katta tahdid deb biladi. Shuning uchun Hindistonga qarshi harbiy o‘quv mashqlari o‘tkazadi, Hindistonning boshqa dushmani – Pokistonni o‘ziga yaqin ko‘radi, Pokiston bilan aloqalarni rivojlantirib keladi.
Hindiston Xitoyga qarshi strategik rejalar tuzishi ham odatga aylangan. Misol uchun, hindistonlik ekspertlarda “agar Tayvan atrofida urush boshlansa, Hindiston bir qancha ssenariylar bo‘yicha ish ko‘radi” degan rejalar bor. Bir rejaga ko‘ra, Hindiston Xitoy bilan urushayotgan davlatlar va kuchlarni o‘q-dori bilan ta’minlasa, boshqa ssenariylarga ko‘ra, to‘g‘ridan to‘g‘ri urushga qo‘shiladi va Xitoy bilan urushadi.
Shuning uchun, Xitoy va Rossiya nigohida BRIKS ichidagi eng zaif nuqta – bu Hindiston. Hindiston bu tashkilot a’zolari orasida g‘arbga moyil davlat. Keyingi yillarda Hindistonning AQSh bilan harbiy, iqtisodiy va geosiyosiy hamkorligi oshib bormoqda. 2022 yilda AQSh va Hindiston Himolay tog‘larida (Xitoy chegarasi yaqinida) o‘quv mashqlari o‘tkazgan bo‘lsa, 2023 yilda Alyaskada (Amerikaning Rossiya va Xitoyga eng yaqin mintaqasi) harbiy mashqlar o‘tkazdi. 2023 yilda AQSh va Hindiston o‘rtasida yangi harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha kelishuvlar, yangi kontraktlar imzolandi.
Ko‘plab xalqaro tadqiqot markazlari bu ikki davlatning iqtisodiy, siyosiy, harbiy, demografik salohiyatini tahlil qilib boradi. Tahlillarga ko‘ra, kelajakda Hindistonning iqtisodiy va geosiyosiy salohiyati surunkali oshib boradi. Hozir dunyoning birinchi iqtisodiyoti – AQSh. Ikkinchisi – Xitoy. Lekin, keyingi o‘n yilliklarda Xitoy birinchi iqtisodiyotga aylanishi kutiladi. Ammo, shu narsa aniqki, Xitoyning aholisi o‘sishdan to‘xtagan. Keyingi o‘n yilliklarda Xitoy aholisi keskin qisqarib boradi. Shuning uchun, 2050 yilga borib, AQSh yana eng katta iqtisodiyot sifatida maydonga chiqadi. 2080 yilga borib esa, dunyoning aholi soni va iqtisodiy ulushiga ko‘ra, eng katta davlati – Hindiston bo‘ladi.
Bu yil BRIKS raisligini qo‘lga olgan Rossiya, o‘z oldiga katta ambitsiyali vazifa qo‘ymoqda: Putin Xitoy va Hindistonni yarashtirish niyatida. Agar u Dehli va Pekin o‘rtasidagi ziddiyatni pasaytira olsa, BRIKSning g‘arbga, avvalo AQShga qarshi birligi, birdamligi, faolligi ancha oshadi. Putin dunyoda geosiyosiy inqilob qilishni orzu qiladi. Ya’ni AQShni dunyo hokimiyatidan yiqitishga bel bog‘lagan. Shuning uchun BRIKSni AQShga qarshi geosiyosiy va geoiqtisodiy maydon sifatida ko‘radi.
Shu tariqa, dunyoda global hokimiyat uchun kurash yangi darajaga ko‘tarilmoqda. Bu kurashda BRIKSning, jumladan Hindistonning vazni yanada ortmoqda.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Mavzuga oid
15:18
«Qarz qopqoni»: Xitoy tasarrufiga o‘tgan Shri Lanka porti
13:30
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
15:10 / 09.11.2024
Rossiyada kartoshka va sariyog‘ narxi ko‘tarilishda davom etmoqda
14:30 / 09.11.2024