Jahon | 15:06 / 10.01.2024
39421
4 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonlik deputat Salimboydan yordam so‘rab kelgani ma’lum bo‘ldi

Qirg‘iziston maxsus xizmatlari rahbari Qamchibek Tashiyev Jogorku Kenesh deputati Emil Jamg‘irchiyev Salim Abduvaliyevga o‘z mamlakatidagi rasmiylar bilan nizolarni hal etib berishni so‘rab murojaat qilgani haqida aytdi. Deputat Salimboy bilan uchrashish uchun o‘zbek-qirg‘iz chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan.

Foto: Kaktus Media

O‘zbekistonda qidiruvga berilgan Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Kenesh deputati Emil Jamg‘irchiyevga nisbatan qanday jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev parlamentning 10 yanvar kungi yig‘ilishida gapirib o‘tdi.

Tashiyevga ko‘ra, deputat Jamg‘irchiyev O‘zbekistonga o‘tib, «Salimboyvachcha» nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyevdan Qirg‘iziston rasmiylari orasidagi nizolarni bartaraf qilib, o‘rtada tartib o‘rnatishda yordam so‘ragan. Abduvaliyev esa Qirg‘istondagi ishlarga aralashmasligini aytgan.

Tashiyev o‘z xodimlari O‘zbekistonga borib, Salim Abduvaliyevni so‘roq qilganini aytgan. Tergov vaqtida deputat Jamg‘irchiyev ikki davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tib, Salim Abduvaliyev bilan xufiyona ko‘rishishga kelgani tasdiqlangan.

«Bundan tashqari, Jamg‘irchiyev Salimboyning yordamchisini ham aldab ortga qaytgan. Yordamchi ham guvohlik berib, Emil bir necha kun mehmonxonada qolib, pulini to‘lamay qochib ketganini bildirdi. Shu bois, O‘zbekistonda Jamg‘irchiyevga nisbatan firibgarlik va davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan», degan Tashiyev.

Tashiyev, shuningdek, Jamg‘irchiyev Salim Abduvaliyevga qariyb 10 varaqdan iborat murojaat yozgani, unda hatto o‘zining deputatdan go‘yoki 180 ming dollar talab qilgani haqida yozganini ham qayd etgan.

«U mamlakatimizni boshqarayotganlarning hammasini yomonotliq qilib, chora ko‘rishni so‘ragan. Bu qanday bedodlik?! 

U unga go‘yoki men undan 180 ming dollar undirganim haqida yozgan. Men esa, aksincha, pullarini qaytarib olib berganman. Ikki yigit mening nomimdan Jamg‘irchiyevning otasidan pul olgan. Ulardan biri Qadamjo‘ydan, ikkinchisi - Suzoqdan. Ha, o‘z vaqtida, saylovlardan oldin ular biz bilan yurgan. Bu fakt bo‘yicha biz jinoiy ish qo‘zg‘atib, bu yigitlarni qo‘lga olganmiz va otasiga 180 ming dollarni qaytarganmiz. Ulardan biri - Orozaliyev - 10 ming dollar bergan, keyingi kuni ozodlikka chiqishi kerak edi, ammo tongda unda insult ro‘y berdi va shifoxonada vafot etdi.

Jamg‘irchiyev Abduvaliyevga go‘yoki Qirg‘izistonning barcha prezidentlari saylovlardan oldin uning fotihasini olishgani haqida yozgan. Bu qanaqasi? Butun mamlakatni kulgiga qo‘ydi! Qachon bizning prezidentlar krimavtoritetdan ruxsat so‘ragan ekan?! Hech qachon bunday bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham. Jamg‘irchiyev Tashiyevni javobgarlikka tortishni ham so‘ragan», deya Tashiyevning so‘zlarini keltirgan Kaktus Media.

Jogorku Kenesh deputatlari 10 yanvar kungi yig‘ilishda deputat Emil Jamg‘irchiyevni jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha rozilik berdi. 69 nafar deputat bu qarorni yoqlab ovoz bergan. Qarshi ovozlar bo‘lmagan.

Hozirda Jamg‘irchiyev Jogorku Kenesh binosidan qochib, yashiringani aytilmoqda.

  • Emil Jamg‘irchiyev O‘zbekistonda qidiruvga berilgani 2023 yil fevralida ma’lum bo‘lgandi. Biroq o‘shanda uning qaysi jinoyatda gumonlanib, qidiruvga berilgani ma’lum qilinmagandi.
  • Eslatib o‘tamiz, Salim Abduvaliyev 2023 yil 5 dekabr kuni protsessual tartibda ushlangan. U Jinoyat kodeksining 248-moddasi 1-qismi bilan (o‘qotar qurolni qonunga xilof ravishda saqlash) gumon qilinayotgani aytilgandi.
  • Keyinroq Toshkent shahar IIBB boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev Abduvaliyevga nisbatan jinoyat ishida ayblov qayta ko‘rib chiqilganini bildirib, unga sud ajrimi bilan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangani haqida ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid