Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bayden Rossiyada qamalgan Pol Uilanning singlisi bilan uchrashdi
Rossiya Federatsiyasida jazo muddatini o‘tayotgan Pol Uilanning singlisi Elizabet Uilan bilan uchrashuvda AQSh prezidenti milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jyeyk Sallivan ham ishtirok etdi. Uchrashuvdan so‘ng Bayden Uilanning ota-onasiga qo‘ng‘iroq qildi.
AQSh prezidenti Jo Bayden 10 yanvar, chorshanba kuni Rossiyada josuslikda ayblangan amerikalik sobiq dengiz piyoda askari Pol Uilanning singlisi bilan uchrashib, ma’muriyatning uni «ozod etish borasidagi sa’y-harakatlari»ni muhokama qildi, deb yozadi Amerikaning The Hill nashri Oq uyga tayanib.
Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Jyeyk Sallivan ishtirok etgan uchrashuvdan so‘ng, Oq uy rahbari Uilanning ota-onasi bilan telefon orqali gaplashdi.
Pol Uilan 2018 yilning dekabrida Moskvada qo‘lga olingan edi. Rossiyalik tergovchilar uni Amerika razvedka idoralarida razvedkachi sifatida ishlaganlikda aybladi. Rossiya rasmiylariga ko‘ra, Uilan Rossiyada maxfiy ma’lumotlarni to‘plagan hamda «FSB» va Mudofaa vazirligi xodimlarini yollashga uringan. 2020 yil yozida amerikalik 16 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Pol Uilan o‘z aybini tan olmadi. Qo‘shma Shtatlar uning hibsga olinishini noqonuniy deb atadi, Rossiya ayblovlarini tanqid qildi va Amerika fuqarosi ustidan sud jarayonini soxta jarayon sifatida baholadi.
Ozod qilishga urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchradi
The Hill xabarida aytilishicha, Uilan va 2023 yil mart oyida Rossiyada josuslikda ayblanib hibsga olingan The Wall Street Journal muxbiri Evan Gershkovichning ozod etilishi Bayden ma’muriyati uchun ustuvor vazifa hisoblanadi.
Bayden ma’muriyati 2022 yil dekabr oyida qurol sotuvchi Viktor Butning Rossiyaga topshirilishi evaziga ozod qilingan amerikalik basketbol yulduzi Brittni Grayner ishi bo‘yicha mahbuslar almashinuvi doirasida Uilanning qaytarilishiga erisha olmadi.
Vashington rasmiylari josuslik ayblovlari tufayli rossiyaliklar Graynernikidan ko‘ra Uilanning ozod qilinishi bo‘yicha qat’iyroq talab qo‘yayotganini aytib keladi. Gershkovichga nisbatan ham xuddi shunday ayblovlar uning ozod etilishini qiyinlashtirmoqda.
Uilan AQSh rasmiylarini tanqid qilgan
Besh yildan ortiq vaqtdan beri Rossiya qamoqxonasida o‘tirgan Uilan o‘zini «vatani tomonidan tashlab qo‘yilgan» deb hisoblab, Amerika rasmiylari harakatlarini bir necha bor tanqid qilgan. U o‘zini Qo‘shma Shtatlar va Rossiya o‘rtasidagi mahbuslar almashinuvi ro‘yxatiga kiritmaslik qarorini «jiddiy xiyonat» deb baholadi.
Rossiya prezidenti Putin, o‘z navbatida, AQSh bilan mahbuslar almashinuvi bo‘yicha muloqot «davom etayotganini, ammo bu oson emasligini» ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomoni mahbuslarni qaytarishdan bosh tortmagan va «o‘zaro maqbul» shartlar bo‘yicha kelishuvga erishmoqchi.
Mavzuga oid
15:23 / 25.05.2025
Jo Bayden saratonga chalingani e’lon qilinganidan keyin birinchi marta omma oldida ko‘rinish berdi
19:09 / 19.05.2025
Bayden saratonga chalingani haqidagi xabarlarga izoh berdi
09:57 / 19.05.2025
Tramp saraton kasalligi aniqlangan Baydenni qo‘llab-quvvatladi
08:24 / 19.05.2025