Iflos havo va rasmiylardagi jimjitlik: Vazirlik nega mum tishlab olgan?
Toshkentni chang qoplab, havo sifati oyda yo haftada bir emas, kunda-kunora xavfli darajaga chiqayotganiga oylar bo‘lyaptiki, Ekologiya vazirligidan sado yo‘q. Mas’ullarning sukunati havodagi chang miqdori bilan barobar oshib borayotganday. Shunday vaziyatda, vazirlikka yo‘llagan savollari javobsiz qolgan Kun.uz muxbiri toshkentliklarni umidlantiradigan biror ma’lumot olarmikanman deya, Ekologiya vazirligiga yo‘l oldi.
Havo ifloslanishi – anchadan beri aktual muammo. Lekin so‘nggi vaqtlarda Toshkentda yog‘ingarchilik bo‘lmasa, salomatligi zaif yoki sog‘lig‘ini o‘ylagan odamning niqobsiz yurishi qiyin bo‘lib qoldi. Ifloslanish darajasini meteostansiyalar qayd etayotgan obektiv raqamlar ham tasdiqlab turibdi. Aynan shular asosida O‘zbekiston poytaxti tez-tez dunyoda havosi eng iflos shaharlar reytingida eng yuqori o‘rinlarga chiqib qolyapti.
Shunday vaziyatda Ekologiya vazirligining oylar davomida sukut saqlab kelayotgani ajablanarli. Vazirlik hech bo‘lmasa bunday sharoitda qilinishi kerak bo‘lgan elementar chora – aholi uchun zarur tavsiyalar berib borishni ham o‘ziga ep ko‘rmadi.
Kun.uz bir necha marta vazirlikdan havo ifloslanishi bo‘yicha savollariga javob beroladigan mutaxassis ajratib berishini so‘ragandi, ammo javob bo‘lmagach, tashkilotning o‘ziga muxbir jo‘natishga majbur bo‘ldi.
Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xodimi Nizomiddin Islomovning muxbirimizga aytishicha, poytaxt atmosferasining ifloslanishi muammosi o‘rganilyapti, bu bo‘yicha alohida guruh tuzilgan. “Ular vaziyat dolzarb va murakkab ekanini aytishgan”, – dedi u.
Rasmiy vakil 12 yanvar kuni vazirlik rasmiylari OAV bilan yuzma-yuz uchrashib, savollariga javob berishini va’da qildi.
Anjumanning aniq vaqti va joyi hozircha noma’lum bo‘lib qolmoqda. Oqshom soat 20:00 dan oshdi hamki, vazirlik bu haqda o‘z resurslarida e’lon joylashtirganicha yo‘q.
Mavzuga oid
10:51
Toshkent aeroportida eshitish qobiliyati cheklangan shaxslar ish boshladi
17:02 / 22.11.2024
Toshkentda 4 mln dona pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi
15:28 / 22.11.2024
Svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan Malibu piyodani urib yuborishiga oz qoldi
21:43 / 21.11.2024