Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Polshada minglab fuqarolar Tusk hukumatiga qarshi aksiyaga chiqdi
Namoyishchilar Polsha ichki ishlar vazirligi sobiq rahbari va uning o‘rinbosarining qo‘lga olinishidan norozi. Polsha prezidenti Anjyey Duda ularni ikkinchi marta afv etish niyatida.
Polsha poytaxti Varshavada 11 yanvar, payshanba kuni o‘n minglab odamlar parlament binosi oldida to‘planib, bosh vazir Donald Tuskning so‘l-liberal hukumatiga qarshi namoyishga chiqdi. Asosan, milliy konservativ muxolifatdagi «Qonun va Adolat» (QvA) partiyasining keksa tarafdorlari Polsha bayroqlari va «Bu Polsha, Tuskolandiya emas» va «Madaniyat vaziri - senzura vaziri» degan shiorlar yozilgan plakatlarni ko‘tarib oldi.
Varshava shahar hokimiyatiga ko‘ra, namoyishda 35 ming kishi qatnashgan, tashkilotchilar esa bir yuzdan uch yuz minggacha namoyishchi ishtirok etganini ma’lum qilgan.
QvA raisi Yaroslav Kachinskiy olomon bilan gaplashar ekan, Yevropa Ittifoqi «Polsha vatanini yo‘q qilishni» va uni «polyaklar uchun turar joy hududiga» aylantirishni rejalashtirayotganini aytdi. Shuningdek, u Tuskning kabineti - «Polsha hukumati emas», dedi hamda Polsha bosh vazirini Germaniya buyrug‘i bilan ishlayotganlikda aybladi.
Davlat OAVni qayta tashkil etish
Oktyabrdagi saylovlarda mag‘lub bo‘lgan milliy konservatorlar tomonidan uyushtirilgan «Erkin polyaklar noroziligi» deb nomlangan tadbir dastlab Tusk Yevropaparast hukumatining «davlat teleradiokompaniyalarini nazorat ostiga olish» urinishlariga qarshi qaratilgan bo‘lishi rejalashtirilgan edi. Bir necha hafta oldin hukumat TVP telekanali, Polsha radiosi va PAP axborot agentligini qayta tashkil etishni boshladi.
Tusk hukumati bu ommaviy axborot vositalarini QvA boshqaruvi yillarida partiya tashviqotini olib borishda ayblaydi. O‘shanda xalqaro tashkilotlar ham Polshadagi voqealar, ularning fikricha, biryoqlama yoritilishini tanqid qildi.
Sobiq vazir va uning o‘rinbosarining qo‘lga olinishi
Ammo norozilik aksiyasi diqqat markazida QvAning ushlangan ikki siyosatchisi - sobiq ichki ishlar vaziri Mariush Kaminskiy va uning o‘rinbosari Machey Voisik bilan bog‘liq mojaro bo‘ldi. Ular 9 yanvar kuni davlat rahbari Anjyey Dudaning prezident saroyida boshpana topganidan so‘ng qo‘lga olinib, qamoqxonaga olib ketilgan. QvA ikkala sobiq amaldorni siyosiy mahbus deb e’lon qildi.
2023 yil dekabrida Kaminskiy va Voisik Varshava sudi tomonidan apellyatsiya muhokamasi chog‘ida mansab vakolatlarini suiiste’mol qilganlikda ayblanib, ikki yillik qamoq jazosiga hukm qilindi va jazoni o‘tashni boshlashi kerak edi. 2015 yildagi birinchi sud majlisidan so‘ng prezident Duda ikkala sobiq amaldorni ham afv etdi, biroq Polsha Oliy sudi afvni qonuniy deb tan olmadi, chunki o‘sha paytda apellyatsiya jarayoni hali yakunlanmagan.
11 yanvar kuni ommaviy norozilik namoyishi boshlanishidan biroz oldin Anjyey Duda Kaminskiy va Voisikni ikkinchi marta afv etish niyatida ekanligini ma’lum qildi. QvA raisi Kachinskiy namoyishchilarni Kaminskiy va Voisik saqlanayotgan har ikki qamoqxona yaqinida qisqa mitinglar o‘tkazishga chaqirdi.
Mavzuga oid
11:44 / 19.05.2025
Polshada prezidentlik saylovlarining ikkinchi turi bo‘lib o‘tadi
21:54 / 15.05.2025
Polsha 10 mingta Warmate kamikadze dronlarini sotib oladi
11:04 / 10.05.2025
Fransiya va Polsha ikki davlat o‘rtasida do‘stlik shartnomasini imzoladi
20:44 / 02.05.2025