Ukraina va Buyuk Britaniya xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risida bitim tuzdi
Bitim Ukraina NATO tashkilotiga a’zo bo‘lgunga qadar amal qiladi va keng ko‘lamli harbiy yordamni nazarda tutadi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak Ukraina NATO tashkilotiga a’zo bo‘lgunga qadar amal qiladigan xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi.
Avvalroq, Vilnyusdagi NATO sammitida G7 davlatlari deklaratsiya qabul qilib, har biri Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini berishni zimmasiga olgan edi. Shunday qilib, Buyuk Britaniya G7 davlatlaridan birinchi bo‘lib tegishli kelishuvni tuzdi.
Britaniya rasmiylari «tarixiy» deb atagan kelishuvda Ukrainaga yangi hujum uyushtirilgan taqdirda Buyuk Britaniya Kiyevga «tezkor va uzluksiz» mudofaa yordamini ko‘rsatishi ko‘zda tutilgan.
Shartnoma shuningdek, Buyuk Britaniyaning Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordamini, jumladan, razvedka ma’lumotlarini almashish, kiberxavfsizlik va mudofaa sanoati sohasida hamkorlikni, tibbiyot xodimlari va harbiy xodimlarni tayyorlashni nazarda tutadi.
«Bugun Yevropa tarixi o‘zgargan kun. Ukraina va Buyuk Britaniya xavfsizlik bo‘yicha misli ko‘rilmagan yangi shartnoma imzoladi. Bu shunchaki deklaratsiya emas. Bu bizning hamkorligimiz, xususan, Buyuk Britaniyaning buyuk global qudrati tomonidan berilgan xavfsizlik kafolatlari tufayli yuzaga keladigan haqiqatdir», dedi Zelenskiy.
Prezident, shuningdek, agar 1991 yilda ham Ukrainaga shunday kafolatlar berilganida, urush boshlanmagan bo‘lishini qo‘shimcha qildi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak ukrainaliklarni yordamsiz qoldirmaslikka ishontirdi. «Ukraina hech qachon yolg‘iz qolmaydi», dedi u. Shuningdek, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash hayotiy zarurat ekanini aytdi. Sunak so‘zlariga ko‘ra, agar Vladimir Putin «Ukrainada g‘alaba qozonsa, shu bilan to‘xtab qolmaydi».
Avvalroq, Buyuk Britaniya 2024-moliya yilida (aprel oyida boshlanadi) Ukrainaga 2,5 milliard funt sterling miqdorida harbiy yordam berishini ma’lum qilgandi. Bosh vazir Rishi Sunak so‘zlariga ko‘ra, paketga havo hujumidan mudofaa uskunalari, tankka qarshi qurollar, uzoq masofali raketalar va minglab snaryadlar kiradi.
Mavzuga oid
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024