Sport | 01:53 / 15.01.2024
24569
2 daqiqa o‘qiladi

«Real» «Barsa»ni yirik hisobda mag‘lub etib, Ispaniya Superkubogi sohibiga aylandi

Vinisiusning o‘zi birinchi bo‘limdayoq uchta gol urdi.

Foto: Getty images

Ispaniya Superkubogi finali doirasida «Real» «Barselona»ga qarshi maydonga tushdi.

Ar-Riyodda o‘tgan klasiko bahsida Madrid klubi 10-daqiqadayoq Vinisiusning dubli evaziga 2:0 hisobida oldinga chiqib oldi. Bo‘limning ikkinchi yarmida Levandovski jarima maydoni tashqarisidan to‘pni to‘xtatmay darvoza to‘riga yo‘llab, hisobni qisqartirgandi, ammo ko‘p o‘tmay Vinisius penaltini aniq ijro etib, het-trigini rasmiylashtirdi – 3:1.

Ikkinchi bo‘limda esa Vinisiusning sa’y-harakatlaridan keyin Rodrigo hisob yirik ko‘rinish olishini ta’minladi – 4:1. Shu kuni o‘zining eng yomon o‘yinlaridan birini o‘tkazgan Arauxo (u birinchi bo‘limdagi ikki golda aybdor edi) 71-daqiqada ikkinchi sariq kartochkadan keyin maydonni tark etdi.

O‘yinda zarbalar bo‘yicha yakuniy statistika – 18:11 «qaymoqranglilar» foydasiga, darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar bo‘yicha – 9:7. Anchelotti jamoasi xG bo‘yicha Xavi jamoasini ham ortda qoldirdi – 1,11 ga qarshi 3,07. Shunday ekan, madridliklar haqli ravishda g‘alaba qozonib, Ispaniya Superkubogi sohibiga aylandi.

Ispaniya Superkubogi. Final
«Real» – «Barselona» 4:1

Gollar: 1:0 – 7 Vinisius Junior, 2:0 – 10 Vinisius Junior, 2:1 – 33 Levandovski, 3:1 – 39, penalti Vinisius Junior, 4:1 – 64 Rodrigo.
«Real» – Lunin, Karvahal, Nacho, Ryudiger, Mendi, Kroos (Modrich, 81), Valverde, Tchuameni, Bellinghem, Vinisius Junior (Kamavinga, 82), Rodrigo (Braim Dias, 77).
«Barselona» – Penya, Arauxo, Kristensen, Kunde, Balde, Serji Roberto (Lopes, 61), Gundo‘g‘an, de Yong, Pedri (Yamal, 61), Ferran Torres (Joau Feliks, 61), Levandovski.
Ogohlantirishlar: Arauxo (37), Serji Roberto (40), Bellinghem (43), Ryudiger (62).
Chetlatish: Arauxo (71).

Mavzuga oid