Jahon | 14:28 / 15.01.2024
3782
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Suriya va Iroqdagi KIP obektlariga hujumlarini davom ettirmoqda

Turkiya armiyasi Suriya va Iroq shimolida Anqara terrorchi tashkilot deb hisoblagan Kurdiston ishchilar partiyasiga tegishli nishonlarga zarba berishda davom etmoqda.

Foto: Ozkan Bilgin/AA/picture alliance

Turkiya armiyasi Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP)ning Suriya va Iroq shimolidagi pozitsiyalariga ketma-ket ikkinchi kun zarbalar berdi. Bu haqda 14 yanvar, yakshanba kuni Turkiya milliy mudofaa vazirligi xabar tarqatdi. KIP Turkiya, Yevropa Ittifoqi va AQSh tomonidan terrorchi tashkilot sifatida qabul qilinadi.

Turkiya idorasiga ko‘ra, jami 24 ta «nishon» yo‘q qilingan. Anadolu agentligi suhbatdoshining aniqlik kiritishicha, gap turli transport vositalari, muhim infratuzilma obektlari va «nazorat punktlari» haqida ketmoqda. Bundan tashqari, harbiy bazalar, qurol-yarog‘ va logistika omborlari ham hujumga uchradi, deb yozadi Anadolu.

Bir kun avval Turkiya mamlakat armiyasi Iroq va Suriya shimolidagi 50 dan ortiq «terrorchilik obektlari»ga havodan zarba bergani haqida xabar qilgan edi. Anqara buni Iroqdagi turk harbiy bazasiga uyushtirilgan va to‘qqiz turk askari halok bo‘lgan hujumga javob deb atagan. 

Turkiya Anqaradagi portlashga javoban KIP pozitsiyalariga zarba berdi 

Turkiya Suriya va Iroqda Kurdiston ishchilar partiyasiga qarshi amaliyotlarini 2023 yilning kuzida – Anqarada, Turkiya ichki ishlar vazirligi yaqinida portlash yuz berganidan keyin kuchaytirgan edi. Terakt uchun javobgarlikni KIP o‘z zimmasiga oldi. Anqara KIPning Suriya va Iroqdagi har qanday infratuzilmasi va energetika obektlari turk harbiylari uchun qonuniy nishon ekanligini ta’kidladi. 

Kurdiston ishchilar partiyasi 1984 yildan beri Turkiya davlatiga qarshi kurashib keladi. To‘qnashuvlarda allaqachon o‘n minglab odamlar halok bo‘lgan.

Mavzuga oid