O‘zbekiston | 18:16 / 18.01.2024
16748
2 daqiqa o‘qiladi

Avtomobilni notariusga bormasdan sotish imkoniyati joriy qilindi

Buning uchun haydovchi E-notarius.uz saytiga tegishli ma’lumotlarni kiritadi. Shundan keyin notarius masofadan turib, video-aloqa orqali oldi-sotdi shartnomasini tasdiqlaydi.

Foto: Kun.uz

Avtomobil va mototransport vositalari savdosini notariusga bormasdan, onlayn tarzda rasmiylashtirish imkoniyati joriy qilindi. Bu haqda Adliya vaziri matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, buning uchun E-notarius.uz axborot portalidan foydalaniladi. Unda «Notarial harakatni rasmiylashtirish» tanlanadi va shaxsga oid ma’lumotlar kiritilib, notarial harakat yaratiladi. 

Sotuvchi sotilayotgan avto-mototransport vositasini tanlaydi va narxini, shuningdek, xaridorning ma’lumotlarini kiritadi. Sotib oluvchining telefoniga bu haqda SMS xabarnoma yuboriladi. Sotib oluvchi havolaga kirib Face-ID orqali verifikatsiyadan o‘tadi va roziligini tasdiqlaydi. 

Shundan so‘ng, avtomatik tarzda yoki ixtiyoriy notarius tanlanadi. Notarius notarial harakatni rasmiylashtirishga qabul qilib, vaqtni belgilaydi va taraflarning mobil telefoniga SMS xabarnoma yuboriladi. Belgilangan vaqtda notarius taraflar ishtirokida video-aloqa orqali notarial harakatni rasmiylashtiradi. 

Bitimning asl nusxalari taraflarga kurerlik (pochta) xizmati orqali yuboriladi.

Mavzuga oid