O‘zbekiston | 20:59 / 23.01.2024
29736
3 daqiqa o‘qiladi

Andijon tumani sobiq hokimi sudlangani ma’lum bo‘ldi

Abdujabbor Egamberdiyev hokimlik davrida qabuliga kelganlarga poygakdan joy berishi bilan internetda mashhur bo‘lgandi.

Foto: Andijon viloyati hokimligi

Oliy sud Andijon tumanining sobiq hokimi Abdujabbor Egamberdiyev qamoqdan ozod qilingani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Marhamat tuman sudining 2023 yil 8 fevraldagi hukmiga muvofiq Abdujabbor Egamberdiyev (1974 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan, Andijon tumani xokimi lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi «a» bandi, 207-moddasi 1-qismi va 229-4–moddasi 2-qismi «a», «b» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi 2-qismi va 61-moddasi tartibida 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

A.Egamberdiyev va uning himoyachisi tomonidan sudga o‘talmay qolgan mansabdorlik lavozimlari va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilish jazosidan Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan muddatidan ilgari shartli ozod qilish haqidagi arizasi taqdim etilgan. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Oltinko‘l tuman sudining 2024 yil 18 yanvardagi ajrimi bilan A.Egamberdiyevning arizasi qanoatlantirilib, u faqatgina o‘talmay qolgan 1 yil 3 oy 16 kun mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilish qo‘shimcha jazosini o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan.

«Bugungi kunda A.Egamberdiyev unga sud hukmi bilan tayinlangan axloq tuzatish ishlari asosiy jazosini belgilangan tartibda probatsiya guruhi hisobida o‘tab kelmoqda.

Bundan ko‘rinadiki, A.Egamberdiyev oqlanmagan va uning oqlangani to‘g‘risida tarqatilgan xabar haqiqatga mos kelmaydi», — deyiladi xabarda.

  • Abdujabbor Egamberdiyev muqaddam ko‘p yillar soliq tizimida ishlagan, 2016-2021 yillarda Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari bo‘lgan 2021-2022 yillarda Andijon tumaniga hokimlik qilgan, 2022 yil sentabrida prezident administratsiyasining sobiq rahbari Sardor Umrzoqov raisligida o‘tgan yig‘ilishda «davlat xizmatchisi etikasiga nomunosib xatti-harakatlari, rahbarlik madaniyatini saqlamagani, o‘tkazilgan qabullarda fuqarolarga hurmatsizlikka yo‘l qo‘ygani va faoliyatidagi boshqa kamchiliklari» uchun Andijon tumani hokimi lavozimidan ozod etilgandi.

Mavzuga oid