O‘zbekiston | 14:07 / 24.01.2024
13492
6 daqiqa o‘qiladi

Bloger Otabek Sattoriy 2024 yil bahorida ozodlikka chiqishi aytilmoqda

Qarshidagi manzil koloniyaga o‘tkazilgan bloger 2021 yilda tuhmat va tovlamachilikda ayblanib 6,5 yilga qamalgandi. Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanovning ma’lum qilishicha, u 2024 yil aprel oyi oxiri yoki may oyi boshida ozodlikka chiqadi. Huquq faoli, shuningdek, Navoiyda Dauletmurat Tajimuratov bilan ham uchrashgan.

Otabek Sattoriy

Surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy yaqin 2-3 oyda ozodlikka chiqishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati faoli Abdurahmon Tashanov o‘zining Facebook'dagi sahifasida ma’lum qildi.

Tashanovga ko‘ra, IIV Jazoni ijro etish departamenti unga Nukus voqealari bo‘yicha qamalgan Dauletmurat Tajimuratov va surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy bilan uchrashishi uchun imkoniyat yaratib bergan.

Otabek Sattoriy bilan uchrashuv

Tashanovning ma’lum qilishicha, u 2024 yil 13 yanvar kuni Qarshidagi manzil koloniyada Otabek Sattoriy bilan uchrashib, uning sog‘ligi yaxshi ekaniga guvoh bo‘lgan.

Huquq faoli o‘z axborotida blogerning 2024 yil aprel oyi oxiri yoki may oyi boshida ozodlikka chiqishini ma’lum qilgan, lekin bu borada qo‘shimcha izohlar bermagan.

“Qarshidagi manzil koloniyada bloger Otabek Sattoriy bilan uchrashuv juda yaxshi o‘tdi. Otabek avvalo o‘zini qo‘llab-quvvatlagan barchaga minnatdorchilik bildirdi. Koloniya boshlig‘ining ta’kidicha, aprel oxiri, mayning boshlarida u ozodlikka chiqadi. Tikuv sexida ishlamoqda.

Manzil koloniya bo‘lgani uchun hamma mahkumlar qatori belgilangan huquqlaridan foydalanib kelmoqda. Uyidagilar, qarindoshlari kelib turishibdi. Ombudsmanchilar kunda shu yerda, ozodlik uchun faqat kun sanab yashamoqda. “Qamoqdagi rasmim internetga chiqishini istamayman” dedi, shu boisdan koloniya u bilan rasmimizni xizmatda foydalanish uchungina olishdi, menga berishmadi”, – deydi Abdurahmon Tashanov.

Inson huquqlari faolining so‘zlariga ko‘ra, Otabek Sattoriy o‘ziga chiqarilgan sud hukmi bo‘yicha qayta shikoyat qilish niyati yo‘q.

“Tinchgina axborot texnologiyalari sohasida ishlamoqchi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni yuksak salohiyatli lider, deb biladi va unga xizmat qilishdan o‘zidan faxr tuyadi. Aksincha, Tashanov uni jazo muddati bitgach, o‘zini oqlashga urinishga chaqirgan”, – deyiladi “Ezgulik” jamiyati axborotida.

Ma’lumot uchun, 2021 yil 29 yanvar kuni tezkor tadbirda qo‘lga olingan Otabek Sattoriy jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudining 2021 yil 10 maydagi hukmiga ko‘ra tuhmat va tovlamachilikda ayblanib, 6 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Uning apellyatsiya shikoyati, advokatining Surxondaryo viloyatidan boshqa hududga o‘tkazish bo‘yicha iltimosnomasiga asosan, Samarqand viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘rilgan. Apellyatsiya sudi Sattoriyga Termizda sotib olgan ikki xonadonini qaytarib berish bo‘yicha hukm chiqargan, lekin berilgan qamoq muddati o‘zgarishsiz qoldirilgan.

2022 yil may oyida Otabek Sattoriy bilan O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi o‘rinbosari Bekzod Nurmatov ham uchrashgandi.

Dauletmurat Tajimuratov bilan uchrashuv

Foto: Abdurahmon Tashanov / Facebook

Abdurahmon Tashanov 2024 yil 12 yanvar kuni Navoiyda Dauletmurat Tajimuratov bilan uchrashganini ma’lum qildi.

“Dauletmurod avvaliga o‘zini biroz asabiy tutdi. Dekabrning 25-chisida uni jazoni ijro etish muassasasi tartibini buzganlikda ayblashibdi. Men unga buni huquqiy yo‘l bilan barataraf qiling, axir siz huquq himoyachisi bo‘lgansiz, sudga bering, dedim. Ko‘ndi. So‘ng o‘ziga xat va banderollarning kechikib kelayotganidan, o‘zining xatlari tashqariga chiqishi qiyin bo‘layotganidan shikoyat qildi”, – deydi Tashanov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tajimuratov o‘ziga nisbatan advokatlari tomonidan ilgari surilayotgan qiynoq iddaolarini izohlarkan, o‘zining dastlabki tergovlar davrida sochining majburiy olinishi jarayonida xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatgani, o‘z navbatida xodimlar ham u bilan ziddiyatga borib, jismoniy kuch ishlatganini ta’kidlagan. Boshqa konkret qiynoq holatlari bo‘yicha gapirmagan.

“Dauletmurat koloniya rahbarlarini juda yaxshi odamlar, ular bilan munosabatlarim juda yaxshi, dedi. Lekin hamma narsa ularning qo‘lida emas, men jazoni ijro etish tizimini o‘zgartirish bo‘yicha ko‘p takliflar beryapman, boisi qonunchilikda mahkumlar bilan uzoq muddatli uchrashuvlar qattiq tartibli koloniyalarda ham, umumiy tartibdagisida ham, uzoq muddatga qamalgan va yengilroq jazolilarga ham bir xil, dedi. Mahkumlarning osh-ovqatini yaxshilash, boshqa sharoitlarni tuzatish bo‘yicha ko‘p gapiraman, dedi. Nega menga o‘qishga kitoblar olib kelmadingiz?” dedi u”, – deya hikoya qiladi Tashanov.

Uning ta’kidicha, koloniyada mahkumlarning yaqinlari bilan uchrashuvlar davrida nazorat haddan tashqari kuchli, bu esa mahkumlar huquqini kamsitishdek ko‘rinadi.

“Koloniya mamuriyatini qonunlardan og‘ishmaslik, ularga qattiq rioya qilishga chaqirdim. Illo, hammaning ko‘nglini bir xilda topish qiyin, bu yerda yagona ustuvorlik faqat qonun-qoidalarga amal qilishga berilishi kerak”, – deydi “Ezgulik” jamiyati faoli.

Eslatib o‘tamiz, Dauletmurat Tajimuratov 2022 yil iyul oyidagi Qoraqalpog‘iston voqealari tashkilotchilaridan biri sifatida 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

2024 yil 5 yanvar kuni ombudsman Feruza Eshmatova u bilan uchrashgandi.

Mavzuga oid