Jahon | 00:02 / 26.01.2024
7124
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyaning SLIM moduli Oyga qo‘nish vaqtida ag‘darilib ketdi

Hozir modul harakatsiz va quyosh panellari zarur energiyani olmayapti.

Foto: JAXA

Yaponiya aerokosmik tadqiqotlar agentligi (JAXA) tomonidan e’lon qilingan suratlarga ko‘ra, SLIM moduli ikki dvigatelidan birining nosozligi tufayli, Oyga qo‘nayotganda ag‘darilib ketgan. Hozir modul harakatsiz va quyosh panellari zarur energiyani olmayapti.

«Asosiy dvigatel nosozligi sabablari hozir o‘rganilmoqda, jumladan, dvigatelga tashqi ta’sirlar ham ko‘rib chiqilmoqda», deyiladi agentlik xabarida.

JAXA ma’lumotlariga ko‘ra, SLIM moduli dastlab qo‘nishi kerak bo‘lgan joydan 55 metr sharqda Oy yuzasiga yetib borgan. Shunga qaramay, SLIM maqsadga erishgani aytilmoqda: uning asosiy qo‘nish nuqtasidan 100 metrga og‘ib ketishi avvaldan hisobga olingan.

Agentlik qo‘ngandan so‘ng modul tomonidan olingan birinchi fotosuratlarni ham e’lon qildi. Fotosuratda tadqiqot uchun qimmatli bo‘lgan bir nechta tosh bo‘laklari ko‘rsatilgan.

Yaponiyaning SLIM moduli 7 sentabr kuni H-IIA MHI raketasi yordamida XRISM (X-ray Imaging and Spectroscopy Mission) sun’iy yo‘ldoshi bilan birga Tanegasima kosmodromidan uchirilgan edi.

20 yanvar kuni esa Oyga muvaffaqiyatli qo‘ngani e’lon qilindi. Missiya doirasida qurilma maxsus kamera yordamida Oyning karterlari va topografiyasini o‘rganishi kerak. Xususan, SLIM oy yuzasidagi toshlardagi temir miqdorini o‘lchaydi.

Yaponiya o‘z modulini Oy yuzasiga qo‘ndirgan beshinchi davlatga aylandi. Bundan oldin SSSR, AQSh, Xitoy va Hindiston shunday yutuqqa erishgan edi.

Mavzuga oid