Jahon | 18:04 / 30.01.2024
26896
9 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz'ning Yaponiyaga safari. Ilk taassurotlar

Kun.uz ijodiy jamoasi 2023 yil oxirida Yaponiyaga safar qilib, kunchiqar yurtning turli hayotiy jabhalari haqida birqancha ko‘rsatuvlar tayyorladi. E’tiboringizga loyihaning kirish qismini taqdim etamiz. Unda jurnalist Shokir Sharipov safar davomida Yaponiya haqida olgan asosiy taassurotlari bilan bo‘lishadi.

Nega kimdir hayotini birmuncha tartiblab olib, baland da’volar qilmasa-da, o‘ziga obod mamlakat qurib olgan? Kimdir esa da’volari osmonni quchgan-u, oddiy turmushini tuzatib ololmaydi? Kimlardir kamtarlikni shior qilib olib, dunyoni oldinga yurg‘izadi. Boshqa kimlardir esa shiorlarni baland ko‘targan, ammo elementar muammolarini hal qilolmay, achinarli ahvolda qolib... yuradi?

Sababini iqtisodchilar tushuntirmoqchi bo‘lishadi, ijtimoiyotchilar tushuntirmoqchi bo‘lishadi. Ammo ularning tushuntirishlari biz uchun yetarli emas. Biz savollarimizga javob topish uchun ko‘zimiz bilan ko‘rishimiz kerak deb hisobladik. Kun.uz – Yaponiyada.

Avvaliga ayrim iqtiboslarga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Takatoshi Oshima, Inuyama shahridagi xususiy maktab direktori:

Bir so‘z bilan aytganda buning (Yaponiya rivojining – tahr.) zamirida ta’lim yotibdi deb o‘ylayman.

Shu bilan birga, yaponlarda “ishlash, mehnat qilish juda yaxshi, juda go‘zal” degan tushuncha mustahkam o‘rnashgan. Shu uchun ham yaponlar ishlashni yaxshi ko‘radi, sevadi desa ham bo‘ladi. Shuning uchun yapon boy bo‘lsa ham to‘xtovsiz ishlayveradi. Bu millatning shu hislati rivoj uchun xizmat qilgan. Yaponiyada siz o‘ta boy bo‘lsangiz ham mehnat qilish, biror ish bilan shug‘llanish – go‘zaldir, yaxshidir degan qarash qadimdan mavjud bo‘lib kelgan. Shuning uchun ham ishlash, mehnat qilish – go‘zal ishdir, degan fikrning jamiyatda chuqur o‘rnashgan. Bu Yaponiyaning rivojlanishiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan.

Alisher Umirdinov, Nagoya iqtisodiyot universiteti professori:

Meyji restavratsiyasi davrida Yaponiyada bir shior bo‘lgan: “Dunyodan ilmni Yaponiyaga ko‘chirib kelish”. Haqiqiy ilmiy dissertatsiya yozish nima ekanini men shu yerda o‘rgandim. Yaponiya men uchun ilmni transfer qilish maydoni ham hisoblanadi.

Muhsinxo‘ja Abdurahmonov, O‘zbekistonning Yaponiyadagi favqulodda va muxtor elchisi:

Inson Yaponiyada tashqarining bosimini sezib yuradi. Xohlaganingizni ko‘chada qilolmaysiz. Masalan, Yevropa yoki AQShda qila oladigan ishiningizni bu yerda qilolmaysiz. Yaponiyada “odamlar nima deydi” degan fikr chet elliklarda ham, yaponlarda ham bor.

Takuro Yamada, Inuyama shaxrining 2014-2022 yillardagi hokimi:

Yaponiyada kishi davlat xodimi bo‘lish uchun imtihondan o‘tadi. Va bu davlat idoralarida aqlli odamlar ishlashini ta’minlaydi. Ammo bu uchun mamlakatda ta’lim yaxshi bo‘lishi kerak – shundagina ma’murchilik tizimlariga yaxshi kadrlar keladi.

Aha, demak, yangi avlodga yaxshi ta’lim berish, ishlashni yaxshi ko‘rish, jamoaviy birdamlik – safar davomida borgan sayin nimalardir ayon bo‘lib bordi, ammo... Ammo manzara men uchun jumboqligicha qolaverdi.

23 kun bu yerlarda yurib, xo‘mraygan odamni deyarlik ko‘rmadim, va har bir inson o‘z ishini qattiq mehr bilan qilayotganini kuzatdim. Nega bu yerda shunday?

Shunda xayolimda bir so‘z gavdalandi – “xafsala”. Ha, aynan shu so‘z ongimda qad ko‘tardi, ko‘z oldimda katta harflar bilan yozildi. Axir, har bir kishi o‘z ishini mehr bilan qilishi uchun, xafsala kerak.

Go‘yo havo aynan shu narsa – xafsala bilan to‘yingan edi-yu, odamlarni mehr bilan ishlashga undar edi. Biroq...

Biroq keyin, “o‘sha xafsala qayerdan paydo bo‘ladi”, degan savol ongimda gavdalandi. Har bir narsaning manbasi bo‘lishi kerak-ku, axir.

Xafsala uchun quvvat kerak. Qayerdan keladi bu quvvat? Quvvat...

Energiya saqlanishi qonuni bo‘yicha, quvvat yo‘q joydan hosil bo‘lmaydi, faqat bir quvvat boshqasiga evriladi. Xafsala uchun ham quvvat qayerdandir kelishi kerak.

Odamlarni kuzatganim, muloqot qilganimdan keyin, yana bir ibora xayolimda gavdalandi – “xotirjamlik”. Aynan xotirjamlik ichki quvvat yig‘ilishiga imkon beradi. Buning aksi esa – bezovtalik. Bezovtalik ichki quvvat to‘planishiga imkon bermaydi, bezovtalik quvvatni o‘g‘irlaydi.

Demak – xotirjamlik. U qayerdan hosil bo‘ladi? Xotirjamlikning uyi qayerda? Nimadan quvvat oladi u?

Shunda xayolimga yana bir ibora keldi – “ishonch muhiti”.

Boshidan boshlaymiz. Demak, inson o‘zini jamiyatda yaxshi his qilishi va shu sabab o‘z ishini xursand bo‘lib qilishining sharti bor. Bu uchun unda xafsala bo‘lishi kerak, xafsala uchun kerak bo‘ladiga ruhiy quvvatni esa u xotirjamlikdan oladi. Endigi savol – xotirjamlik qayerdan keladi?

Kishi o‘z jamiyatida o‘zini xotirjam xis qilishi uchun, o‘sha jamiyatda adolat hukm surayotganiga ishonishi kerak. Shunda u o‘zini go‘yo o‘rmonda yurgan yakka bo‘ri yoki kiyik kabi emas, balki u o‘zini kuchli jamoa ichida yashayotgandek his iladi. Bu esa uning qalbiga xotirjamlik hissini mustahkam joylashtiradi: “men yakka emasman, men kuchli salohiyatli jamiyat a’zosiman”. Xotirjam insonning qabliga sokinlik o‘rnashadi. Va u o‘z ishini xursand bo‘lib qiladi, bexavotir yashaydi.

O‘zaro ishonchga qurilgan jamiyat – bunday jamiyatda “xalq” va “davlat” bir-biridan ajratilmaydi, u yagona tana deb bilinadi. Va davlat xalqning kayfiyati bilan yashaydi. Chunki bunda davlat tomonidan yo‘l qo‘yiladigan har qanday xato jamiyat a’zosining shuuriga yomon ta’sir etadi. Shu uchun ham davlat o‘z xatosini darrov tan olishga va uzr so‘rashga shoshiladi.

Chunki xatolar tan olinmasa va izidan yana xatolar qilinaverilsa, oddiy yapon dunyoqarashining asosi buzila boshlaydi, ichidan xotirjamlik ketadi. Zero bunda uning xotirjamligini ta’minlovchi narsa – adolatga bo‘lgan ishonchiga putur yetadi. Natijada xotirjamlikka qurilgan ichki tizimi buziladi. Biz aytgan o‘sha narsa – xafsalaning manbasi o‘ladi.

Shu tarzda oddiy yaponning ichki nizomi qulasa, Yaponiya qulay boshlaydi. Shuning uchun ham davlat o‘zini o‘ta hushyor tutadi – tarozi pallasiga hazilakam narsa qo‘yilmagan axir – katta bir millatning ruhiy holati va... taqdiri qo‘yilgan.

Va men shuni tushundimki, Yaponiyada hammasi shu narsaga xizmat qiladi – ishonch muhitini saqlab turishga. Va hamma shu – qimmatli narsani asrash uchun harakat qiladi. Va insonlar o‘rtasidagi yumshoq muomala ham aynan shu uchun – ishonch muhitini quvvatlash uchun. Men shunday xulosalarga keldim.

Hech bir jamiyat mukammal emas albatta – hammaning muammmolari o‘ziga yetarli va Yaponiyaning ham muammolari o‘ziga yetarli. Biz esa bu yerga kelganimiz sababi – bularda mavjud bo‘lgan, ammo o‘zimizda yetishmayotgan samara sabablarini tushunishga urinish edi.

Mazkur loyihamiz davomida sizlarga birqancha ko‘rsatuvlar namoyish etamiz. Bu esa kirish qismi edi, xolos.

Shokir Sharipov,
Yaponiya

Mavzuga oid