O‘zbekiston | 19:42 / 05.02.2024
9521
2 daqiqa o‘qiladi

Chinoz tumaniga yangi hokim tayinlandi

Toshkent tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Sherzod Salihov Chinoz tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. Ushbu lavozimda ishlab kelgan Botir Alimbekov oldinroq Toshkent viloyati hokimiga o‘rinbosar bo‘lgandi.  

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Sherzod Abduhakimovich Salihov Chinoz tumani hokimi etib tayinlandi. U xalq deputatlari Chinoz tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida hududning yangi hokimi sifatida tanishtirilgan.  

Sherzod Salihov 1982 yili Toshkent tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2004 yilda Toshkent davlat pedagogika universiteti, 2017 yilda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi davlat boshqaruv akademiyasini tamomlagan.  

Sherzod Salihov mehnat faoliyati davomida «Abduhakim baraka» fermer xo‘jaligi rahbari, Zangiota tumani «Navoiy mirishkor» agrofirmasi rahbari, Toshkent tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari singari vazifalarda ishlagan.  

Tayinlovga qadar u Toshkent tumani hokimining moliya-iqtisod va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari - tuman iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritayotgan edi.  

  • 2021 yilning yanvaridan 2024 yil yanvarigacha Chinoz tumaniga hokimlik qilgan Botir Alimbekov oldinroq Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlangandi. U avval ham viloyat hokimi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Mavzuga oid