Jahon | 19:33 / 05.02.2024
7478
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Zelenskiy bosh shtab boshlig‘ini ham ishdan olmoqchi

Foto: Valeriy Zalujniyning feysbuk sahifasi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy nafaqat Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyni, balki bosh shtab boshlig‘i Sergey Shaptalani ham almashtirish bo‘yicha maslahatlashuvlar olib bormoqda. Bu haqda «Ukrainskaya pravda» Ukraina prezidenti jamoasidagi va harbiy doiradagi vaziyatdan xabardor manbalariga tayanib xabar tarqatdi.

«Bosh shtabdan Shaptala ham ketadi. Boshqalar bo‘yicha vaziyat noaniq», — degan jurnalistlarning yuqori martabali suhbatdoshlaridan biri yaqin vaqtlar ichida Bosh shtabda qanday o‘zgarishlar kutilayotgani haqidagi savolga javoban.

Nashrning boshqa bir manbasi esa «bu voqealarning barchasi hafta o‘rtasida ro‘y berishi mumkinligi»ni aytgan.

5 fevral kuni Valeriy Zalujniy feysbuk sahifasida Sergey Shaptala bilan birga tushgan suratini joylab, uni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi. «Bizga hali yanada og‘irroq bo‘ladi, ammo uyatli bo‘lmasligi aniq. Bu hayotda va urush davrida siz, Ukrainani barcha narsadan ustun qo‘yadigan inson yonimda bo‘lganingizdan baxtiyorman», — deya yozgan Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni.

  • Ukraina va Amerikadagi nashrlar ma’lumotiga ko‘ra, Volodimir Zelenskiy 29 yanvar kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Valeriy Zalujniyga tez orada Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondonligidan iste’foga chiqishi haqida ma’lum qilgan. Avvaliga Ukraina prezidenti ofisidagilar va Ukraina mudofaa vazirligi Zalujniyni iste’foga chiqarish rejalashtirilgani haqidagi xabarlarni rad etayotgandi. Ukraina QK bosh qo‘mondonini lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi farmon hozircha imzolanmagan. 4 fevral kuni italyanlarning Rai News 24 telekanaliga bergan intervyusida Zelenskiy Zalujniyni iste’foga chiqarish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini tasdiqladi.

Mavzuga oid