Toshkentdagi ko‘chalarda o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgan yo‘l to‘siqlari olib tashlanmoqda
Toshkent shahridagi mahalla ko‘chalarida o‘rnatilgan 100 dan ortiq “shlagbaum”lar olib tashlandi. Yo‘l harakati qoidalarida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan avtomobil yo‘l qismiga ruxsatsiz, o‘zboshimchalik bilan sun’iy to‘siqlar o‘rnatish taqiqlangan.
2011 yilda hukumatning tegishli qaror bilan tasdiqlangan avtomobil yo‘llari mintaqasida xavfsizlikni ta’minlash va tashkil etish qoidalari qabul qilingan.
Unga ko‘ra, avtomobil yo‘llari va ularning xavfsizlik mintaqalarida yo‘l va yo‘l inshootlarini har qanday elementlar bilan: aravalar, texnikalar, materiallar va boshqalar bilan to‘sib qo‘yish, arkalar, shlagbaumlar va boshqa inshootlar qurish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritish, har xil materiallarni taxlab qo‘yish, chiqindi va qorlarni uyib qo‘yish taqiqlanadi.
Shunga muvofiq, Toshkent shahrida mahalla ko‘chalaridagi to‘siqlar olib tashlanmoqda. Bu haqda IIBB YHXB o‘zining telegram kanalida xabar berdi. Boshqarma matbuot xizmati xodimi Qahramon Xudoyberganovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, shu vaqtgacha 100 dan ortiq shunday to‘siqlar olib tashlangan.
Boshqarma e’lon qilgan videoga ko‘ra, bunday to‘siqlar favqulodda vaziyatlarda odamlarga xizmat qiluvchi mashinalarning kirib chiqishiga halal beradi.
“Buyoda qo‘yilgan yo‘l to‘siqlarini [qo‘yish uchun] ruxsatnoma bo‘ladimi deb bular [avtomobil haydovchi mahalliy aholi] so‘ragan, ruxsatnoma bo‘lishi mumkin emas. Chunki bu o‘t o‘chiruvchi yoki tez yordam mashinalarining kirishiga halal berishi tushuntirilgan.
Tezlik bilan kirishi kerak bo‘lgan joylarda tez yordam mashinalari kirolmay qolgan bo‘lishi mumkin. Prokuratura, IIO, FVX(favqulodda vaziyatlar xizmati) xodimlari birgalikda bu tadbirni olib borishlarini to‘g‘ri deb o‘ylayman. Chunki har xil to‘siqlarning qo‘yilishi hamma uchun ham noqulayliklarni keltirib chiqaradi”,– deydi Mirzo Ulug‘bek tumani “Oqibat” MFY raisi Muyassar Yo‘ldosheva.
Aytish lozim, 2022 yilda hukumat qarori bilan tasdiqlangan yangi shakldagi yo‘l harakati qoidalarining 4-bandiga ko‘ra, yo‘l harakati qatnashchilari yo‘ldagi boshqa harakat qatnashchilarining harakatlanishiga to‘sqinlik qilmasligi va xavf tug‘dirmasliklari kerak.
Qoida bilan yo‘llarda harakatlanishga to‘sqinlik qiluvchi narsalarni qoldirish, “sun’iy notekislik” qurilmalarini o‘rnatish ham taqiqlanishi belgilangandi.
2019 yilda “Avtomobil yo‘llari ilmiy-tadqiqot instituti” unitar korxonasi tomonidan “sun’iy notekislik”larning umumiy texnik talablariga oid davlat standarti ishlab chiqilgan.
Hujjatda sun’iy notekisliklarning turlari va ularning texnik talablari ko‘rsatilgan, shuningdek ovoz chiqaruvchi bo‘ylama yo‘lak ta’rifi, nazorat usullari, shu bilan birga sun’iy notekisliklari bo‘lgan yo‘l hududlarini yo‘l harakatini tashkil etish texnik vositalari bilan jihozlash va ularni qo‘llash qoidalari taqdim qilingan.
Sun’iy notekisliklarni quyidagi joylarda o‘rnatish mumkin:
– bolalar va yoshlar ta’lim-tarbiya muassasalari yonida tartibga solinmagan yer usti piyodalar yo‘lakchalaridan 10-15 metr oldinroq;
– avariyaviylik sabablari tahliliga ko‘ra yo‘llarning ma’lum qismlarida, ayniqsa bolalar va yoshlar ta’lim-tarbiya muassasalari oldidagi xavfli hududlar boshida, bolalar maydonchasi, jamoat dam olish joylarida, stadionlar, vokzallar, do‘kon va piyodalar jamlanadigan boshqa obektlar oldida;
– 3.24 “Yuqori tezlik cheklangan”, 5.38 “Turar joy dahasi” yo‘l belgilari tomonidan o‘rnatilgan 40 km/sgacha tezlik cheklovi joriy qilingan yo‘llarning xavfli joylari oldida;
– kesib o‘tiladigan yo‘l bo‘yicha yaqinlashayotgan, transport vositalar ko‘rinuvchanligi ta’minlanmagan tartibga solinmagan chorrahalar oldida, 2.5 “To‘xtamasdan harakatlanish taqiqlangan” belgisidan 30 metrdan 50 metrgacha masofada;
– 1.21 “Bolalar” belgisining amal qilish hududi bo‘ylab har 50 metr masofada.
Sun’iy notekisliklar o‘rnatish mumkin bo‘lmagan yo‘l hududlari:
– xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘llar, yo‘laklar soni 4 va undan ortiq bo‘lgan respublika ahamiyatiga ega bo‘lgan yo‘llar (aholi soni 1000 kishidan ortiq bo‘lgan qishloq va shaharlar bo‘ylab o‘tgan yo‘llardan tashqari);
– jamoat transporti to‘xtash maydonchalari yoki ularga qo‘shni harakat yo‘laklarida;
– ko‘priklar, ko‘prik yo‘llar, osma ko‘priklar, tonnellar va ko‘prik osti yo‘llarida;
– shaharlardagi tezlikda harakatlanish magistral yo‘llarida va umumshahar ahamiyatiga ega to‘xtovsiz harakat magistral ko‘chalarida; shifoxonalarga, tez tibbiy yordam bekatlariga, yong‘in xavfsizligi bekatlariga, avtobus va trolleybus xiyobonlariga, garaj va turargoh maydonchalariga kirish yo‘llarida.
Mavzuga oid
10:47 / 08.11.2024
Toshkentda ayrim ko‘chalar yopilishi haqidagi xabarlar rad etildi
16:17 / 07.11.2024
“Toshkent shahri atrofidagi issiqxonalarning 60 foizi ko‘mir, rezina shinalar yoqyapti” – Ekologik partiya
20:44 / 06.11.2024
Toshkentda metro stansiyasida hojatini chiqargan erkak bo‘yicha ma’lumot berildi
13:06 / 06.11.2024