Nuqtayi nazar | 13:28 / 06.02.2024
79687
3 daqiqa o‘qiladi

Muhofaza qilingan sanoat unib chiqmaydi

Iqtisodchi Behzod Hoshimov jamoatchilik orasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar boyisa, ular xalqni boyitadi degan xato tushuncha borligini aytadi. U nima uchun bu fikr xatoligini mahalladagi novvoy misolida tushuntirib berdi.

Foto: Econlib

Jamoatchilik ham ba’zida xato fikrlarni o‘ylaydi. O‘zimizning ishlab chiqaruvchilarimizni o‘stirsak, ular boyib bizni boyitadi deb o‘ylashadi. Bu – mantiqiy xatolik. Agar ular muhofaza qilinsa, samarador bo‘lishiga rag‘batlar yetarli bo‘lmaydi. Chunki ular biladi: ularning asosiy raqobatbardoshligi savdoga cheklovlar oshirilishida, ko‘proq raqobat qilishda emas.

Yaponiyada ishlab chiqarilgan televizor bilan solishtiradigan bo‘lsak, yaponiyalik ishlab chiqaruvchilar biladiki, qancha arzon va sifatli mahsulot ishlab chiqarsa, shuncha ko‘p sota oladi. O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar “bizda 10 ming, 50 ming kishi ishlayapti” deb, hukumat va jamoatchilikni qo‘rqita olsa, shunchalik bojlarni ko‘tara olamiz deb o‘ylashadi.

Ularning samarasizligi sababi – muhofaza qilinganida. Muhofaza qilinmaganida balki samarador bo‘lib qolishi mumkin edi. Lekin bu muhitda samarador bo‘lish uchun rag‘bat yetmayapti. O‘zimiz bilmagan holda ularning samarasiz bo‘lishini kafolatlayapmiz. Balki o‘zbekistonlik texnika ishlab chiqaruvchilar, agar biz ularni bunaqa himoya qilmaganimizda, keyingi Sony bo‘lishi mumkin edi.

Deylik, sizning mahallangizda novvoyxona bor, mahalla atrofini kimdir o‘rab olib, “shu mahallada faqat shu novvoy non sotishga haqli, boshqa mahallalardan kelgan nonga 50 foizlik boj” desa, sizning mahallangiz novvoyi endi chiroyliroq, issiqroq, shirinroq non ishlab chiqarish bilan emas, o‘sha bojni himoya qilish bilan ko‘proq shug‘ullanadi.

Agar mahalla tashqarisidagi nonlar yaxshi bo‘lib ketsa ham, novvoy mahalla komissiyasi bilan yaxshilab gaplashib, boshqa mahallalardan kelgan nonlarga boj qo‘llash kerak, ikkita nondan ko‘p olib kirish mumkin emas, kabi shartlar bilan muhofaza qiladi. Natijada hech qachon samaraga chiqmaydi.

Agar boshqa mahallalardan non olib kelishga cheklov bo‘lmasa, mahalladagi novvoylar nonni yengil qilib qo‘ysa yoki ta’mini o‘xshata olmasa, odamlar boshqa mahallalardan non olib kelishini bilib, harakat qiladi. Shuning uchun ham davlatning sun’iy muhofazasi – o‘sib chiqayotgan sanoatni o‘ldirish vositalaridan biri. Muhofaza qilingan sanoat unib chiqmaydi. Chunki ularning rag‘batlari o‘sha muhofazani ushlab turishdan iborat bo‘ladi, samarani oshirishdan emas. Iqtisodiy tushumi lobbizm darajasiga bog‘liq bo‘ladi.

  • Yuqoridagi fikrlar Behzod Hoshimovning Kun.uz'ga bergan intervyusidan “Nuqtai nazar” rukni uchun ajratib olindi.

Mavzuga oid