O‘zbekiston | 07:44 / 06.02.2024
12021
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda obodonlashtirish boshqarmasi mansabdorlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Xiva tumani obodonlashtirish boshqarmasining mas’ul shaxslari qurilish materiallarini bozor bahosidan 571,8 mln so‘mga qimmat narxlarda xarid qilgan.  

Xorazmda qurilish materiallarini qimmat narxlarda xarid qilish holati aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, departamentning Xiva tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tuman obodonlashtirish boshqarmasi mas’ul shaxslari “A.Q.” xususiy korxonasi hamda “KN.G.” MChJdan qurilish materiallarini bozor bahosidan 571,8 mln so‘mga qimmat narxlarda xarid qilganliklari aniqlangan. Shuningdek, ushbu sub’yektlar tomonidan qurilish ishlarini amalga oshirishda rasmiy hujjatlarga soxta ma’lumotlar kiritish orqali 56,1 mln so‘m o‘zlashtirilganligi ma’lum bo‘lgan.  

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Oldinroq ehtiyojmand oilalar uchun qurilish materiallari sotib olishda katta miqdorda budjet mablag‘larini talon-toroj qilganlik uchun Urganch shahar obodonlashtirish boshqarmasi mansabdorlariga ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi

Mavzuga oid