“Dorixo‘rlik”ka munosabat, MFYlardagi kampaniya va Ortiqxo‘jayevning OAVga haqorati - hafta dayjesti
Shavkat Mirziyoyev vrachlarning farm-kompaniyalar foydasiga retsept yozishi haqida gapirdi. O‘zbekiston va Belarus prezidentlari Amirsoyda chang‘i uchdi. Oliy ta’limda o‘qimasdan turib, bakalavrga teng daraja olish mumkin bo‘ladi. Respublika bo‘ylab mahalla xodimlariga davlat madhiyasini ayttirish kampaniyasi ketyapti. O‘tgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.
“Antibiotik qabul qilish ustidan umuman nazorat yo‘q”
O‘zbekistonda shifokorlar aholiga haddan tashqari ko‘p antibiotik yozib berishi masalasi bevosita davlat rahbari tomonidan ham aytildi. “Antibiotik qabul qilish ustidan umuman nazorat yo‘q. Protokollarga amal qilmasdan, pul ishlash uchun farm-kompaniyalar foydasiga retsept yozilyapti. Bundan xalqimizning sog‘lig‘i ham, cho‘ntagi ham zarar ko‘rayapti”, – dedi Shavkat Mirziyoyev 5 fevral kungi selektorda.
Prezident xorijiy ekspertlar jalb qilib, 300 ta klinik protokol va standartlarni xalqaro mezonlarga moslashtirish, kasalligi yengil bemorlarni dori bilan emas, immunitetni ko‘taradigan tabiiy vositalar, jismoniy mashq va fitoterapiya bilan davolash kerakligini aytdi. Davlat rahbari tibbiy sug‘urtani joriy qilish paysalga solib kelinayotganini tanqid qilib, bu tizimni yil oxirigacha Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Yig‘ilishda tibbiyot sohasiga kadrlarni ishga olishni shaffof shaklga o‘tkazish, “elektron poliklinika” va “elektron tibbiy karta” tizimlarini ishga tushirish, kafolatlangan paketga kiruvchi dorilarni elektron retsept asosida berishni yo‘lga qo‘yish orqali sohani raqamlashtirish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.
Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, saratonga chalingan bemorlarni 29 turdagi preparat bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilib, budjetdan yetarlicha pul ajratilayotganiga qaramay, bu dorilar bemorlarga to‘liq yetkazib berilmayapti. Natijada ayrim bemorlar bu dorilarni dorixonadan 10 barobar qimmat narxga sotib olishga majbur bo‘lyapti. “Mana, farmatsevtikadagi o‘yinlar! Bu faqat onkologiyada. Endokrinologiya, kardiologiya, shoshilinch xizmatda ham bunday faktlar yetarli”, dedi prezident. Bu borada Bosh prokuratura va Sog‘liqni saqlash vazirligiga tegishli topshiriqlar berildi.
Hafta boshida Davlat xavfsizlik xizmati bergan xabardan ma’lum bo‘lishicha, farmatsevtikadagi qing‘irliklar faqat shulardan iborat emas. Namanganda “Zodak”, “Anaferon”, “Xilak Forte” va “Vitamin B6” nomli qalbaki dorilarni tayyorlab sotish bilan shug‘ullangan shaxs qo‘lga olingan. Chortoq tumani tibbiyot birlashmasining tez yordam bo‘limida feldsher bo‘lib ishlovchi shaxs bir necha ming qutida tayyorlagan qalbaki dorilar Andijon, Farg‘ona va Toshkent shaharlaridagi dorixonalarda sotuvga chiqarilgan. Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi bu dorilar bo‘yicha aptekalarga ogohlantirish e’lon qildi. Markazning ma’lum qilishicha, birgina yanvar oyining o‘zida 408 ta holatda ushlangan dorilar ekspertizadan o‘tkazilib, 10 mingdan ortiq o‘ramdagi preparatlar va tibbiy buyumlarni tibbiy amaliyotda qo‘llash mumkin emasligi aniqlangan.
Ayni paytda Toshkentda “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha sud protsessi 6 oydan beri davom etyapti. 5 fevral kungi majlisda sud tergovi yakunlangani ma’lum qilindi. Endi muzokara bosqichiga o‘tiladi. Unda prokuror, jabrlanuvchilar, himoyachilar va sudlanuvchilar so‘zga chiqadi. 23 nafar sudlanuvchidan biri – Farmatsevtika agentligining sobiq rahbari Sardor Kariyev sud jarayoni boshidan buyon aybsiz ekani, unga bosimlar bo‘lganini aytib kelmoqda. Kariyevga ko‘ra, bu holatda dorining O‘zbekistonga kirib kelishini to‘xtatish imkonsiz bo‘lgan, chunki milliy qonunchilikda ham, xalqaro standartlar bo‘yicha ham siroplar tarkibidagi yot moddalarni tekshirish kerakligi ko‘rsatilmagan.
O‘tgan hafta Davlat farmakopeyasi bosh muharriri Habibulla Jalilov ham shunga yaqin versiyani aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, etilenglikol “Dok-1 Maks”ning xomashyosida tekshirilib, Hindistondagi ishlab chiqaruvchi tomonidan to‘xtatilgan bo‘lishi kerak edi. “Ishlab chiqarish jarayonida qilinadigan ishni tayyor preparat holatida aniqlab bo‘lmaydi, chunki dorini tayyorlashda 12 xil modda aralashtiriladi, har bitta modda toza vaqtida xomashyosi tarkibidagi qo‘shimchalar va primislar miqdorini aniqlash imkoni bor, lekin hammasi aralashib ketganidan keyin bunaqa imkoniyat bo‘lmaydi”, degan farmakopeya bosh muharriri.
Ta’limda kutilayotgan o‘zgarishlar
Dushanba kungi selektorda ta’lim sohasi bo‘yicha ham bir qator yangiliklar e’lon qilindi. Prezident o‘zgarishlar haqida so‘z ochishdan oldin, PISA imtihoni natijalari ta’limdagi haqiqiy ahvolni ko‘rsatib berganini aytdi.
“Mana, matematika, o‘qish va tabiiy fanlar bo‘yicha o‘tkazilgan 2022 yilgi PISA xalqaro dasturi natijalari buni aniq ko‘rsatdi. Yoki Umarova 500 ta maktabda yangi baholash tizimini joriy etib, haqiqiy bilim qay darajada ekanini ko‘rdi. Sababi ta’lim dasturlaridagi yondashuv zamon talabiga mutlaqo mos emas”, – dedi davlat rahbari.
Ma’lum qilinishicha, Singapur tajribasi asosida o‘quvchilar bilimini baholash bo‘yicha elektron platforma yaratiladi. Singapurlik ekspertlar bilan hamkorlikda matematika, fizika, kimyo, biologiya va chet tillari bo‘yicha trenerlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Keyin bu trenerlar maktab o‘qituvchilariga zamonaviy metodikalarni o‘rgatadi.
2024 yilda Prezident maktablaridagi ta’lim dasturi yana mingta maktabda yo‘lga qo‘yiladi; bu maktablarni zamonaviy ko‘rinishga keltirishga esa hokimlar mas’ul bo‘ladi. O‘tgan yili maktablarga chet eldan 500 nafar til egalari olib kelingan bo‘lsa, endi bu amaliyot kengaytirilib, xorijlik o‘qituvchilar barcha maktablarga jalb qilinadi. 10-11 sinf o‘quvchilari qo‘shimcha fan sifatida xorijiy tilni tanlasa, ularga ingliz tilidan tashqari ikkinchi xorijiy til ham o‘qitiladi.
Yangi talabga ko‘ra, o‘quvchilar 11-sinfni bitirayotganda hech bo‘lmasa bitta hunar egasi bo‘lishi kerak. Buning uchun maktablarga kasbiy ta’lim ustalari ishga olinadi; bolalarga kasb o‘rgatish bo‘yicha o‘quv dasturlari yaratiladi; tadbirkorlar bilan birga maktablarda har xil ustaxonalar ochiladi.
Kollej va texnikumlarda esa kredit-modul tizimi joriy etilib, 2 yil davomida yetarli kredit to‘plagan o‘quvchilar oliygohga ikkinchi yoki uchinchi kursga qabul qilinadi. Kollej-texnikumlarni bitirib, 2-3 yil ishlagan yoshlarga imtihon topshirish orqali bakalavrga teng malaka darajasini olish imkoni beriladi.
Mahalla xodimlaridan madhiya aytib, hisobot-video topshirish so‘ralmoqda
O‘zbekiston bo‘ylab mahalla fuqarolar yig‘inlari binolarida mahalla raislari va xodimlar har kuni soat 7:30 da davlat madhiyasini aytyapti. Kun.uz manbalariga ko‘ra, bunday topshiriq “yuqoridan”, og‘zaki tarzda berilgan. Topshiriqqa binoan, mahalla xodimlari har kuni madhiya ijro etilgan holatni videoga olib, Telegram orqali hisobot tarzida yuborib turishi kerak.
“Mas’ullarning bu topshirig‘ini shunchaki ko‘zbo‘yamachilik, to‘g‘rirog‘i “galochka” uchun qilingan ish deyish mumkin. Sababi, respublikada o‘ng mingga yaqin mahalla bor. Har kuni shuncha mahallada madhiya aytildimi yoki yo‘qligini tekshirib o‘tirish, ular tashlagan videolavhalarni tinglab ko‘rish deyarli imkonsiz”, – dedi biz bilan suhbatda ismini oshkor qilishni istamagan mahalla raislaridan biri.
Bunday topshiriqni kim bergani ma’lum emas. Bu borada rasmiy izohlar hozircha yo‘q. Bu o‘rinda, mahallalarda madhiya kuylash tadbirlari O‘zbekiston Mahallalar ushmasi tashkil etilganidan ko‘p o‘tmay ro‘y berayotgani e’tiborni tortadi. Yanvar oyi o‘rtalarida yangi uyushmaning raisi lavozimini Qahramon Quronboyev egallagan edi.
Hafta davomida mahallalar bilan bog‘liq yana bir holat jamoatchilik e’tiborini tortdi. Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, Navoiy viloyatida mahallalarga tarqatish uchun “Sharmanda doskalari” tayyorlangan. Karmana tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari Nabijon Cho‘liyevning aytishicha, doskalarning nomi xato ketgani uchun o‘zgartiriladi. Uning aniqlik kiritishicha, Vazirlar Mahkamasining 2021 yildagi qarorlaridan birida, sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan shaxsning surati u sodir etgan jinoyat haqidagi ma’lumot bilan birga mahalla idorasidagi e’lonlar taxtasiga bir oyga joylashtirilishi belgilangan.
“Joylarda firibgarlik holatlari ko‘paymoqda. Ayrim mahallalarda odamlar o‘sha mahallada yashovchi, firibgarlik jinoyatini sodir qilgan shaxsni tanimasdan, unga aldanib qolishyapti. Shuning uchun, nizom talablarini bajarib, shunday shaxslar haqidagi ma’lumotni belgilangan tartibda e’lonlar taxtasiga ildirib qo‘yamiz”, – dedi IIB boshlig‘i o‘rinbosari.
Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili Feruza Eshmatova bu tartibga qarshi chiqdi. Ombudsmanning pozitsiyasiga ko‘ra, mahallalardagi e’lon taxtalariga aybdor deb topilgan shaxsning fotosurati va u haqdagi ma’lumotlarni joylashtirish amaliyoti Konstitutsiyaning 26-moddasiga zid. Bu moddada insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsiz ekani, hech narsa uni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi belgilangan.
Toshkent: Transport boshqarmasi boshlig‘i qamaldi, Ekologiya boshqarmasi boshlig‘i ishdan olindi
Toshkent shahar transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev qamoqqa olindi. U mansab soxtakorligi va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatlarida gumonlanyapti. Bir vaqtning o‘zida “Toshshahartransxizmat” kompaniyasiga ham rahbarlik qilgan Anvar Jo‘rayev ayni paytda lavozimidan ozod etilgan. U yanvar oyi oxirida transport sohasining bir nechta amaldorlari qatorida prezidentdan hayfsan olgan edi.
Hafta davomida Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi boshlig‘i ham ishdan olingani ma’lum bo‘ldi. Bu lavozimda ishlab kelgan Farhod Dehqonov moratoriyga qaramay shaharda tinimsiz daraxt kesishlar to‘xtamayotgani uchun bir oyga ishdan chetlatilib, boshqarmaning ayrim vakolatlari Ekologiya vazirligiga o‘tkazilgan edi. Vazirning buyrug‘i bilan, Dehqonovning o‘rniga uning o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Akmal Rasulov poytaxt ekologiyasi uchun mas’ul etib tayinlandi.
O‘tgan hafta “Toshkent” issiqlik elektr stansiyasi mazut yoqib shahar havosini ifloslantirgani uchun 1 mlrd so‘m kompensatsiya to‘lashga majbur bo‘layotgani haqida xabar bergan edik. Bu hafta “Yangi Angren” IES zimmasiga ham 1 mlrd so‘mlik kompensatsiya yuklatildi. Aniqlanishicha, stansiyadagi chang-gaz tozalash filtrlarining samaradorligi 80 foizga tushib ketgan. Holat yuzasidan Toshkent viloyati ekologiya boshqarmasi 11 nafar mansabdor shaxsga chora ko‘rish bo‘yicha huquq organlariga murojaat qilgan.
Abror Muxtor Aliyga – 15 sutka
Abror Muxtor Aliy taxallusi bilan tanilgan bloger Abror Abduazimov hibsga olingan. Ma’lum bo‘lishicha, u ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslikda ayblanib, 6 fevral kungi sud qarori bilan 15 sutkaga qamalgan. Sud qarorida yozilishicha, voqea shu kuni Shayxontohur tumani hokimligida ro‘y bergan janjal bilan bog‘liq. Bloger bilan birga Xusrav Nasrullayev ismli shaxsga ham jazo tayinlangan. Ular 15 sutka ma’muriy qamoqni o‘tashdan tashqari, 340 ming so‘m jarima ham to‘laydi. Sudlanuvchilarning oilaviy sharoitidan kelib chiqib, ular 15 sutka qamoqda saqlash bilan bog‘liq xarajatlardan ozod qilgan.
Kun.uz manbasiga ko‘ra, Abror Abduazimovning qo‘lga olinishi “ko‘cha bolalari”ga qarshi boshlangan tadbirlar bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin. U avvalroq o‘z videolaridan birida jinoiy guruh rahbari “Saidaziz medgorodok” o‘zining yaqin ukasi ekanini aytgan.
Ortiqxo‘jayevdan jurnalistlar sha’niga navbatdagi haqorat
Toshkent shahri sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev lavozimdan olinganidan beri ilk marta katta intervyu berdi. Hokim sifatidagi faoliyati haqida gaplashmaslik sharti bilan “Lolazor” podkastida mehmon bo‘lgan biznesmen jurnalistlar va blogerlarni “uyushgan jinoiy jurnalistika” deb atab, OAVga munosabati qanaqaligini yana bir marta namoyish qildi.
“Ey, sizlar eshitinglar, o‘zi gap boshqa yoqda”, deyishga ham ulgurmaydi odam. Sizlarning anaqanglar bor... OPG deyiladiyu, uyushgan jinoiy guruhmidi, shunga o‘xshab OPJ deyman, ya’ni uyushgan jinoiy jurnalistika. Bitta holatni aytib beray. 16:47 da kanallardan birida post chiqadi. Uni qayta terib chiqish uchun kamida 3,5 daqiqa vaqt kerak. Rosa harakat qilganman. 16:47 daqiqaning 37-soniyasida o‘sha post paqqillatib hammalaringda chiqadi. Bu tasodifmi?” – dedi u.
Toshkentni 5 yil boshqargan Ortiqxo‘jayev obunachilarining soni bo‘yicha jurnalist va blogerlarni umuman boshqa soha – shou-biznes vakillari bilan solishtirgani, mahalliy jurnalist va blogerlar o‘z mahsulotlarini chetga eksport qila olmasligi kabi gaplari bilan, erkin axborot tarqatish va jamoatchilik nazorati kabi tushunchalarga munosabati qandayligini ham ko‘rsatdi. Umuman, o‘tgan yakshanba kuni e’lon qilingan va turli mavzularni qamrab olgan 3 soatlik suhbat Jahongir Ortiqxo‘jayev shaxsini kengroq ochib bergani bilan media olamida so‘nggi kunlarning aktual mavzularidan biri bo‘ldi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 4 kunlik tashrif bilan Toshkentga keldi. Davlat rahbarlari rasmiy tadbirlardan tashqari “Humo” muz saroyida hokkey o‘yinini tomosha qildi, Amirsoy tog‘ kurortida chang‘i uchdi. Muzokaralarda prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda BeLAZ kompaniyasi bilan hamkorlikda qo‘shma korxona tashkil etib, og‘ir texnikalarni mahalliylashtirishni taklif qildi. Tomonlar o‘zaro savdoni 1 mrlr dollarga yetkazishga kelishib oldi. Toshkent va Minsk birodar shaharlar deb e’lon qilindi.
Importga cheklovlar kamaytirilganidan keyin xorijdan avtomobil olib kirish sur’ati 18 barobarga tezlashgan. Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yilda yengil avtomobillar importi 13 foizga o‘sgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 240 foiz bo‘lgan. Ayniqsa Xitoydan avtomobil olib kirish bir yilda 5 barobarga oshgan; o‘tgan yili import qilingan 73 mingta avtomobilning 58 mingtasi Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelgan. Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 1 yanvar boshlab yangi inomarkalarni faqat ishlab chiqaruvchining dilerlari olib kirishi mumkin degan tartib bekor qilingan edi.
Transport prokuraturasi Panorama Airways mansabdor shaxslariga ustidan jinoiy ish ochdi. Ish doirasida bir kishi qamoqqa olingan. Ma’lum bo‘lishicha, xususiy aviakompaniyadagi muammolar sabab Umra ziyoratiga borgan qariyb 4 ming o‘zbekistonlik Saudiya Arabistonida uzoqroq vaqt qolib ketgan. Kompaniya seriyali muammolardan keyin boshqaruv xodimlarini yangilab, reyslarni qayta yo‘lga qo‘ygani va minglab fuqarolarni ortga qaytara boshlaganini ma’lum qildi.
Toshkentdagi uchta oliygoh birlashtirildi. Prezident qarori bilan, Toshkent moliya instituti va Soliq qo‘mitasi huzuridagi Fiskal institut Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tarkibiga kiritildi. Universitetga moliya instituti rektori To‘lqin Teshaboyev rektor etib tayinlandi. “Narxoz”ning avvalgi rektori oliy ta’lim vaziri lavozimiga ko‘tarilgan edi. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili “Narxoz” va Moliya institutini shahar markazidan chekkaroqqa ko‘chirish masalasi ko‘rib chiqilayotgani ma’lum bo‘lgandi.
Farg‘onada metan gaz quyish shoxobchasidagi janjal bir kishining o‘limi bilan yakun topdi. 3 fevral kungi Dang‘ara tumanida ro‘y bergan voqeada, ikki kishi janjallashayotgan payti ularni ajratmoqchi bo‘lgan 23 yoshli yigit faol qarshilikka uchrab, shifoxonaga olib borilayotganida vafot etgan. Internetda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, janjal ishtirokchilari metanga navbat kutayotgan bo‘lgan. Oxirgi haftalarda vodiy viloyatlaridagi metan-shoxobchalarga kiritilgan cheklovlar so‘nggi kunlarda havo isigani sababli yumshatildi.
Mavzuga oid
20:00 / 09.11.2024
Mashina importiga yangi to‘siq, ikki karra qimmatlagan propan va “zamhokim”ga 2 mln $ pora - hafta dayjesti
21:45 / 02.11.2024
Yo‘llardagi qoidabuzarliklar uchun yangi jarimalar, ochilgan «is gazi mavsumi» va saylov yakunlari - hafta dayjesti
21:48 / 26.10.2024
Allamjonovga suiqasd, qonun ustuvorligida pasayish va Yevropaga yo‘l - hafta dayjesti
22:40 / 19.10.2024