O‘zbekiston | 09:00 / 11.02.2024
16530
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston televideniyesi qanday bo‘lishi kerak?

Jamiyatni birlashtirish – davlatning eng birinchi vazifasi. Jamiyat qachon davlatga birlashadi – qachonki umumiy o‘zlik, umumiy maqsadga ega bo‘lsa. Odamlar qachon davlatga ishonadi, qachonki erkin va hur insonlar o‘z muammolarini bildira olsa va davlat ularni eshitayotganini, muammolariga yechim izlayotganini his qilsa...

Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, jamiyatni eng kuchli integratsiya qiluvchi vosita – bu televideniye, qolaversa, boshqa ommaviy axborot vositalari hisoblanadi. Ayniqsa, 20-asrning ikkinchi yarmidan boshlab, bugunga qadar, televideniyening o‘rni juda qudratli.

Keyingi ikki-uch o‘n yillikda internet paydo bo‘lib, televideniyening monopoliyasi pasaydi. Lekin, haliga qadar televideniyening qudrati katta. Bugunga kelib, televideniye internet va ijtimoiy tarmoqlar bilan birlashib ketib, zamonaviy axborot markazlari paydo bo‘ldi.

Fevral oyi boshida O‘zbekiston Milliy teleradio kompaniyasining 2005 yildan beri boshqaruvda bo‘lib kelayotgan rahbari o‘zgardi. Salkam yigirma yil. Bir asrning beshdan biri.

Xo‘sh, bu davrda O‘zbekiston televideniyesi qanchalik jamiyatni integratsiya qila oldi? Qanchalik milliy mustaqilligimiz va geosiyosiy erkinligimizni ta’minlay oldi? Bugungi O‘zbekistonning axborot suvereniteti qay darajada? Biz, O‘zbekiston xalqi va davlati, o‘z axborot siyosatimiz bilan tashqi axborotlarning sub’yekti bo‘ldikmi, yoki obekti bo‘lib qolyapmizmi? Ya’ni biz boshqalarga ko‘proq ta’sir qilyapmizmi, yoki aksincha, boshqalar bizga ko‘proq ta’sir qilyaptimi?

O‘zbekiston – mintaqadagi eng yirik davlat, turkiy dunyoning ikkinchi yirik davlati, post-sovet hududining ham de-fakto ikkinchi yirik davlati. Lekin, O‘zbekiston o‘zining maqomiga yarasha axborot qudratiga ega emasligi hammaga ma’lum. Ayniqsa, O‘zbekiston televideniyesi OAV ichidagi eng mo‘rt nuqta hisoblanadi.

Qiyosiy tahlil qilganda, “nima uchun O‘zbekiston televideniyesi, misol uchun, qo‘shni Qozog‘istondagi kabi jonli, jo‘shqin, jamoatchilik fikri diqqat markazida tura oladigan ta’sir doirasiga ega emas?” degan savol juda o‘rinlidir.

Yana bir muhim savol shuki, nima uchun O‘zbekiston davlati va jamiyati, televideniyemizni boshqacha bo‘lishini tasavvur qilmaydi?

Garchi qo‘shni Qozog‘iston ham biz kabi avtoritar boshqaruvni boshdan kechirgan bo‘lsa-da, bu davlatning axborot siyosati har doim bizdagidan ko‘ra yumshoqroq bo‘lgan. Qozog‘iston o‘zining axborot suverenitetini kuchliroq anglagan. Chunki Qozog‘iston jamiyatida rus tilini bilish darajasi yuqori bo‘lgani, Rossiyaning axborot bosimi xavfli ekanini anglash darajasi mintaqamizning boshqa davlatlaridan ko‘ra kuchliroq bo‘lgan.

O‘zbekiston axborotni nazorat qilishning juda keskin davrlarini boshidan kechirdi. Davlatning axborot siyosati erkinlik sharoitida jamiyatni ishontirishga emas, balki total nazorat qilish orqali hokimiyat uchun qulay va to‘g‘ri ma’lumotni tarqatishga intildi. Natijada, davlatning axboroti – rasmiy, ishonchsiz, soxta, bir yoqlama, muammolardan xoli deb qabul qilindi va jamiyat, tabiiy ravishda, muqobil axborot izladi va topdi.

O‘zbekistonda haliga qadar axborot pessimizmi kuchli. Davlatning siyosiy tafakkuri shundayki, biz haliga qadar erkin va jo‘shqin televideniyeni tasavvur qila olmaymiz. Aksincha, erkin TV – vaziyatni beqarorlashtiruvchi omil bo‘lishi mumkin degan xavotirlar ong ostimizda mustahkam o‘rnashib olgan.

Aslida, ijtimoiy tafakkur, ya’ni xalqning fikrlashi – doim o‘zgaruvchan bo‘ladi. Erkin axborot oqimi odamlarning muammolarini kanallashtirish bilan birga, xalq va davlatning muloqot ko‘prigi ham bo‘lishi nazarda tutiladi. Erkin televideniye – bu odamlar o‘rtasidagi, odamlar va davlat o‘rtasidagi muloqot ko‘prigi bo‘lishi kerak.

Aslida, O‘zbekistonda nisbiy so‘z erkinligi va erkinroq OAV shakllanib bo‘ldi. Nodavlat sektorda jamiyatni qiynayotgan muammolar chiqmoqda. Qolaversa, bundan keyin hech kim ijtimoiy tarmoqlarni nazorat qila olmaydi. Demak, uyquda qolgan va qolayotgan televideniye faqat davlatning muloqot maydonchasi oqsayotganini anglatadi. Butun dunyoda, telekanallar – jamiyatni, davlatni, barcha axborot sekmentlari va ijtimoiy tarmoqlarni birlashtiruvchi markaz rolini o‘ynamoqda.

Eng qizg‘in tok-shoular, baxs-munozaralar, tahliliy dasturlar aynan telekanallarda bo‘ladi. Lekin O‘zbekiston hozircha bu jarayonni joriy qila olmayapti. Bunga sabab – yaqin o‘tmishimizdan meros qolgan ma’lum fobiyalar, va axborot erkinligisiz shakllanib ulgurgan siyosiy madaniyatimizdir. Biz erkin va jo‘shqin telekanallarni tasavvur qila olmaymiz, chunki bizda bunday tasavvur yo‘q. Biz hattoki nima yo‘qotayotganimizni ham tasavvur qila olmaymiz.

O‘zbekistonda MTRKdan tashqari, bir qancha xususiy telekanallar mavjud. Lekin umumiy siyosiy zehniyat – yagona. TV kanallar – axborotni imkon qadar kuchli nazorat qilishi, tanqidiy va erkin ma’lumotlarni jilovlashi kerak degan qarash juda kuchli.

MTRK rahbariyatining o‘zgarishi – shu paytgacha uyquda bo‘lgan milliy televideniyemizni o‘yg‘otish va 36 millionlik O‘zbekiston salohiyatiga mutanosib bo‘lgan televideniye yaratish uchun imkoniyat va zaruratdir.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid