O‘zbekiston | 19:37 / 13.02.2024
10721
6 daqiqa o‘qiladi

G‘animat toza havo: nima qilish kerak?

Kun.uz'ning navbatdagi multfilmi havo ifloslanishi sabablari va taklif etilayotgan yechimlar haqida rasmiylar tomonidan berilgan ma’lumotlar asosida tayyorlandi.

Shaharlarimizda ekologik muammolar ortib boryapti, xususan havo ifloslanishi ortyapti. Bu korxonalar, avtomobillardan chiqadigan tashlamalar bilan bog‘liq.

Vaziyatga yomon ta’sir qilayotgan holatlar:

- daraxtlarni kesishga e’lon qilingan moratoriyga qaramasdan, 49 mingga yaqin daraxt kesildi,

- bosh rejalari tasdiqlangan qurilishlar davom etyapti, qurilish ishlari to‘xtatilishi aytilgan bo‘lsa ham,

- avtotransportdan chiqayotgan zaharli gazlar hajmi ortmoqda, sababi: yoqilg‘i talabga javob bermaydi, mashinalar ekologik talablarga muvofiq emas,

- Toshkentda aholi soni ortgani bois, yengil mashinalar soni ham ortib bormoqda, jamoat transportining umumiy holati yaxshi emas, magistrallardagi yuklama darajasi yuqori, velosipedda yurish qulay emas,

- yoqilg‘i sifatida ko‘mirdan foydalanish hissasi ortmoqda, natijada ko‘mirni qazib olishdan tortib yoqishgacha bo‘lgan jarayonlar atrof-muhitni ko‘proq ifloslantiryapti (Ma’lumot uchun: 10 tn ko‘miryoqilg‘isi yoqilganida atmosfera havosiga 220kg qurum, 360 kg oltingugurd II oksidi, 64 kg uglerod oksidi, 16 kg azot II oksidi va 2 tn kul chiqindisi hosil bo‘ladi),

- issiqlik markazlarida qo‘shimcha yoqilg‘i sifatida mazut yoqilishi ham atmosfera keskin ifloslanishiga olib kelmoqda (birgina Toshkent shahridagi mavjud 6 ta issiqlik markazlarining 9 ta qozonxonalarida dekabr oyining o‘zida 3 ming tn mazut yoqilgan),

- muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda chorva mollari tizimsiz boqilishi sabab ekotizimlarning buzilishi, katta yer maydonlari degradatsiyasi cho‘llanishga olib kelmoqda, natijada iqlim o‘zgarishining ta’siri kuchaymoqda,

- poytaxt atrofi joylashgan ko‘plab issiqxonalar, ularga tabiiy gaz berilmayotgani sabab, ko‘mir yoqyapti, hatto ballon yoqishgacha boryapti, chiqayotgan zararli tutunlar Toshkent shahri havosiga salbiy ta’sir qilmoqda.

Iqlim o‘zgarishi natijasida ekstremal harorat, changli bo‘ronlar, qurg‘oqchilik holatlari ko‘paymoqda. Biz esa o‘z qo‘llarimiz bilan holatni yanada yomonlashtiryapmiz.

PM (particle materials) – biz siz bilan nafas olayotgan muallaq zarralar yoki oddiy aytsak, havodagi zarrachalar, ya’ni chang miqdori. Chang hosil bo‘lishi manbalari:

  • issiqlik elektrostansiyalari;
  • sanoat korxonalari;
  • avtotransport;
  • qishloq xo‘jaligi;
  • qurilish.

Changni tarqatib yuboruvchi omillar bor. Bular: shamol yo‘nalishi va tezligi, havo harorati, quyosh radiatsiyasi, atmosfera yog‘inlari miqdori va davomiyligi, harorat inversiyalari (ya’ni aralash zarralarning tarqalib ketishiga to‘sqinlik qiluvchi iliq havo qatlami).

Endi insonlar, ya’ni bizlar ko‘rsatadigan ta’sir haqida.

Toshkent shahri chuqurlikda joylashgan. Bu yerda binolarni zich joylashtirib qurish, rejasiz qurish havo aylanishiga to‘sqinlik qiladi.

Qurilishlarda qoidalarga amal qilmaslik, sanoat korxonalari, sanoat zonalarining ko‘pligi, issiqlik elektrostansiyalari ko‘payishi, jamoat transportini qulay qilmaslik evaziga, yengil mashinalar soni ko‘payishi, ko‘mirdan foydalanish, qattiq maishiy chiqindilarni yondirish, ekin maydonlarining yoqilishi, ko‘kalamzorlashtirish foizining kamligi, tabiatni qo‘riqlash tadbirlarining samarasizligi va boshqalar.

Nima qilish kerak? Ekologiya vazirligi takliflari:

Avtotransportdan chiqayotgan zararli moddalari hajmini kamaytirish maqsadida:

  • 2025 yil 1 iyuldan boshlab “Yevro-5”standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘idan foydalanishni taqiqlash;
  • tirbandliklarni kamaytirish maqsadida Toshkent shahri hududida kunning tig‘iz vaqtlarida (ertalabki soat 07:00 dan 10:00 ga qadar va 17:00 dan 20:00 ga qadar) N2va N3 toifali (yuk tashish uchun mo‘ljallangan, vazni 3,5 va12 tonnadan ortiq) transport vositalari xarakatini cheklash;
  • 2010 yilgacha ishlab chiqarilgan barcha toifadagi avtotransport vositalari harakatlanishini taqiqlash, avtotransport vositalari egalariga zamonaviy avtotransport vositalariga o‘tish uchun (elektromobil) imtiyozlar, pereferensiyalar va subsidiyalar berishni yo‘lga qo‘yish;
  • foydalanish muddatini o‘tab bo‘lgan avtotransport egalari majburiyatini oshirish, iqtisodiy jihatdan samarasizligini ta’minlash uchun maxsus soliq turini joriy etish;
  • shaharning markaziy ko‘chalarida avtotransport vositalaridan xoli hududlarni tashkil etish;
  • transport va piyodalar oqimi kesishmalari sonini kamaytirish, magistrallardagi yuklama darajasini pasaytirish, transport oqimi tarkibini, tezlik rejimini tartibga solish hisobiga yo‘l harakatini to‘g‘ri tashkil etish;
  • jamoat transportini to‘liq elektr va boshqa muqobil yoqilg‘i turlariga o‘tkazish;
  • Shahar va aholi yashash punktlarida ko‘mir va mazut yoqilg‘isidan foydalanishni keskin taqiqlash zarur.

Shu bilan birga, Toshkent shahrida qurilishlarga moratoriy e’lon qilish, sun’iy suv havzalarini barpo etish, atmosfera havosining sifat ko‘rsatkichini doimiy e’lon qilib boradigan tablo va monitorlar o‘rnatish, ilmiy xulosalar asosida shamol tezligini pasaytirish, tuproqzorralar ko‘chishini oldini olishga qaratilgan, Toshkent shahri atrofida “yashilbelbog‘”lar barpo etish kerak.

Mavzuga oid