Havoning ifloslanishida mazutning «aybi» yo‘q - Energetika vazirligi
Vazirlik bayonotiga ko‘ra, Toshkent shahri havosining ifloslanishi mazut bilan bog‘liq emas. Bugun mazut kam yoqilsa ham poytaxt jahondagi havosi eng iflos shaharlar ro‘yxatida 3-o‘ringa chiqqani buni isbotlaydi. Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov esa avvalroq poytaxt havosidagi PM2,5 zarralarining 20 foizi ko‘mir, mazut va sanoat korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelishini aytgandi.
Energetika vazirligi Toshkent shahar havosining ifloslanishida mazutning aloqasi yo‘qligi haqida bayonot bilan chiqdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyati hamda poytaxt hududida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJga qarashli 11 ta issiqlik elektr stansiyasi va issiqlik markazlari mavjud. Ularning 6 tasida (Toshkent viloyatida joylashgan “Toshkent IES”, Toshkent shahrida joylashgan 3–5-, 9–10-issiqlik markazlari) chindan ham kunning tig‘iz vaqtlarida, tabiiy gaz ta’minotida bosim pasaygan paytda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini elektr hamda issiqlik energiyasi bilan barqaror ta’minlash maqsadida zaxira yoqilg‘isi sifatida mazutdan foydalaniladi.
“Mazut yoqilg‘isining ishlatilishi jarayoni qonunchilikda belgilangan tarzda barcha mas’ul idoralar, xususan, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan ham kelishilgan tartibda yo‘lga qo‘yilgan.
Stansiyada mazut yoqilishi natijasida atmosferaga zararli moddalarning chiqishini kamaytirish maqsadida belgilangan texnik parametrlarga mos keluvchi filtrlar o‘rnatilgan. Kelgusida barcha issiqlik elektr stansiyalariga yoqilg‘idan chiqayotgan zararli moddalarni 95 foizgacha kamaytirib beradigan qo‘shimcha filtrlarni o‘rnatish ko‘zda tutilgan”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Energetika vazirligi 2 fevralda Ekologiya vazirligi e’lon qilgan bayonotga munosabat bildirgan. Ekologiya vazirligi mazut yoqib havoni ifloslantirgani uchun Toshkent IESga nisbatan 1 mlrd so‘m kompensatsiya hisoblagandi.
“Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tasdiqlangan me’yoriy hujjatda stansiyada mazut yoqilishi texnologiyasi hamda undan chiqadigan zararli moddalar hisob-kitoblari keltirilgan. Ushbu hujjat talablariga ko‘ra, korxonada havoga tashlanayotgan moddalar belgilangan me’yor talablaridan hech qachon oshmagan.
Xususan, “Toshkent issiqlik elektr stansiyasida mazutdan foydalanilayotgani aniqlandi” sarlavhali maqola e’lon qilingan 2 fevral kuni yuqoridagi korxonalarda zaxira yoqilg‘isining maksimal sarfi sutkasiga 5 ming 17 tonnani tashkil etgan. O‘sha kuni atmosfera havosidagi RM2,5 mayda dispersli zarrachalar miqdori 35,1mkg/m3ni tashkil qilgan. Bu esa JSST tavsiyalaridan 7 barobar yuqori edi.
Bugun soat 16:00ga qadar yuqorida qayd etilgan korxonalar tomonidan 600 tonna mazut yoqilgan. Ammo shunga qaramay bugun soat 14:10 holatiga ko‘ra, poytaxt havosidagi RM2,5 mayda dispersli zarrachalar miqdori 162 mkg/m3ni tashkil etgan. Bu “o‘ta zararli” hisoblanadi va JSST tavsiyalaridan 32,4 marta ko‘proq.
Ushbu miqdor Toshkent jahondagi havosi eng iflos shaharlar ro‘yxatida 3-o‘ringa chiqishini ta’minlab berdi.
Bu esa poytaxt havosining ifloslanishida mazutning zarracha ham hissasi yo‘qligini, issiqlik elektr stansiyalarida ushbu yoqilg‘i Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan kelishilgan me’yoriy talablar asosida yoqilayotganini yana bir karra isbotlaydi”, – deya ta’kidlamoqda Energetika vazirligi.
Bugun Toshkent jahondagi havosi eng iflos shaharlar ro‘yxatida 3-o‘ringa chiqdi. Poytaxt havosidagi PM2,5 mayda dispersli zarrachalar miqdori soat 14:10 holatiga 162 mkg/m3ni tashkil etib, “o‘ta zararli” darajaga yetdi. Kun.uz bugungi Toshkent havosidagi ifloslanish manbasi haqida Ekologiya vazirligaga so‘rov yuborib, javobini ololgani yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov parlamentda Toshkent shahri havosidagi PM2,5 zarralarining 20 foizi ko‘mir, mazut va sanoat korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelishini aytgandi.
Mavzuga oid
17:02 / 22.11.2024
Toshkentda 4 mln dona pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi
15:28 / 22.11.2024
Svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan Malibu piyodani urib yuborishiga oz qoldi
21:43 / 21.11.2024
Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
19:18 / 21.11.2024