Jahon | 01:20 / 15.02.2024
11368
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil-HAMAS muzokaralari: AQSh jarayon to‘g‘ri yo‘nalishda ketayotganini aytdi

Misr poytaxti Qohira shahrida HAMAS va Isroil vakillari o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha vositachilar orqali muzokaralar davom etmoqda. 

Foto: Reuters

BBC xabariga ko‘ra, bir kun avval AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Byorns va Isroilning «Mossad» razvedka xizmati rahbari Devid Barnea Misr va Qatar vositachilari bilan uchrashdi. Shuningdek, HAMAS delegatsiyasi ham vositachilar bilan uchrashish uchun Qohiraga borgan.

Falastin ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos HAMAS harakatini imkon qadar tezroq kelishuv tuzishga chaqirgan.

Isroilning G‘azodagi harakatlarini keskin qoralagan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham Qohirada Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy bilan muzokara o‘tkazishi kutilmoqda.

AQSh Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Jon Kirbi muzokaralarni konstruktiv va to‘g‘ri yo‘nalishda ketayotganini aytdi.

Biroq Vashington Rafahda tinch aholini himoya qilish bo‘yicha «ishonchli rejasiz» quruqlikdagi hech qanday operatsiyani qo‘llab-quvvatlamasligini bir necha bor ochiqlab kelgan.

G‘azo sektorining janubidagi Misr bilan chegaradosh Rafah shahri anklavdagi Isroil qo‘shinlarining keng ko‘lamli operatsiyalaridan hozirgacha chetda qolgan so‘nggi yirik aholi punktidir. Shuningdek, u G‘azoga gumanitar yordam olib kiruvchi asosiy tranzit nuqtasi hisoblanadi.

11 fevral kuni tunda Isroil mudofaa kuchlari G‘azo sektori shimolidan qochgan bir yarim millionga yaqin odamga boshpana bergan Rafahga faol havo hujumlarini boshladi. 

BMT gumanitar masalalar bo‘yicha rahbari Martin Griffitsning aytishicha, har qanday harbiy operatsiya «qatliomga olib kelishi mumkin».

BMT Bosh kotibi matbuot kotibi Stefan Dyujarrik so‘zlariga ko‘ra, BMT aholining majburiy evakuatsiyalarida ishtirok etmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir asosiysi jangovar harakatlarda tanaffus va garovga olinganlarni ozod qilishga erishishdir.

AQSh prezidenti Jo Bayden Rafahdagi tinch aholi himoyaga muhtojligini aytdi va ular endi himoyasiz qolganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, shahardagi har qanday yirik harbiy amaliyot u yerda yashovchi aholi xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan ishonchli rejasiz amalga oshirilmasligi kerak.

«Biz boshidanoq falastinliklarning G‘azodan har qanday majburan ko‘chirilishiga qarshi ekanimizni aniq aytdik», deb qo‘shimcha qildi u.

12 fevral kuni isroillik harbiylar Rafahda garovga olingan ikki isroillikni ozod qildi. Biroq, harbiylarning sa’y-harakatlari bilan hozirgacha faqat uch nafar isroillik, shu jumladan bir ayol askar qutqarilgan xolos.

O‘tgan yili bir hafta davom etgan sulh davomida Isroil qamoqxonalaridagi 240 nafar falastinlik mahbusning ozod etilishi evaziga 100 dan ortiq isroillik ozod etilgan edi. Dekabr oyida Isroil kuchlari adashib HAMAS tomonidan garovga olingan uch kishini o‘ldirib qo‘ydi. Isroil rasmiylariga ko‘ra, 7 oktyabr kuni garovga olingan 30 ga yaqin odam HAMAS hujumida yoki G‘azoda asirlikda halok bo‘lgan.

Isroil esa anklav janubida amaliyotlarini davom ettirmoqda. 14 fevral kuni Isroil harbiylari Xon Yunisdagi Nosir kasalxonasini evakuatsiya qilish haqida buyruq berdi. Evakuatsiya buyrug‘i faqat u yerda boshpana topgan ko‘chkindilarga tegishlimi yoki bemorlar va tibbiyot xodimlariga ham tegishlimi, aniq emas.

Mavzuga oid